Sport | 23:13 / 21.11.2019
7751
2 daqiqa o‘qiladi

«Formula-1» jamoasi samolyotda vaznsizlik holatida pit-stop o‘tkazdi (video)

«Formula-1» poygalarida ishtirok etuvchi Aston Martin Red Bull Racing jamoasi mexaniklari vaznsizlik holatida pit-stop o‘tkazishdi, ya'ni poyga bolidining 4 ta g‘ildiragini almashtirishdi.  

Mutaxassislar 10 ming metrdan ko‘proq balandlikda Rossiyaning Il-76 MDK samolyotida RB1-2005 poyga bolidining g‘ildiraklarini almashtirishgan. Ushbu samolyot fazogirlarni vaznsizlik sharoitida ishlashga tayyorlashda qo‘llanadi. Samolyotda vaznsizlik holatini yaratish uchun samolyot parvoz vaqtida parabolik trayektoriya bo‘yicha harakatlanadi: dastlab 45 daraja burchak ostida ko‘tariladi, so‘ngra erkin tushish bilan sho‘ng‘iydi. Shu manyovr vaqtida samolyot ichida taxminan 22 soniyaga vaznsizlik holati vujudga keladi. 

Jamoada har bir epizodni olishga 15 soniya vaqt bo‘lgan.

Parvoz oldidan poyga jamoasining 16 mexanigi va suratga olish guruhining 10 a'zosi vaznsizlik sharoitida bolidning g‘ildiraklarini almashtirish bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tishgan. 

Hozirda “Formula-1”da pit-stop odatda 2-2,4 soniya vaqt oladi. Bu vaqt ichida mexaniklar mashinadagi 4 ta g‘ildirakni almashtirishga ulgurishadi. 

Ta'kidlash joiz, pit-stop vaqti bo‘yicha rekord ham Red Bull’ga tegishli: o‘tgan dam olish kunlari “Formula-1”ning Braziliyadagi bosqichida jamoa mexaniklari poygachi Maks Ferstappenning bolididagi g‘ildiraklarni 1,82 soniyada almashtirishga muvaffaq bo‘lishdi. Gollandiyalik poygachi esa poygada g‘olib bo‘ldi. 

Mavzuga oid