Jahon | 10:22 / 25.11.2019
13049
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik qiz yo‘tal xuruji vaqtida 10 ta qovurg‘asini sindirib oldi

Foto: Shutterstock

Xitoylik qizning go‘zallik ortidan quvishi va yuqori ijtimoiy maqomga ega bo‘lishga intilishi kuchli yo‘tal xurujidan keyin 10 ta qovurg‘asining sinishiga olib keldi. Bunga esa qizning quyoshdan himoyalovchi kremdan muntazam foydalangani sabab bo‘lgan. Bu haqda Daily Mail nashri xabar berdi. 

20 yoshli qiz terisi quyoshdan qoraymasligi ortidan sinchkovlik bilan kuzatib borgan, chunki qoramtir teri Xitoyda dalalarda ishlovchi nochor odamlarga xos belgi hisoblanadi. Shu sababli qiz ko‘chaga kam chiqqan, chiqsa ham avval terisiga quyoshdan himoyalovchi krem surtib chiqqan. Qiz bunga shunchalik mukkasidan ketganki, hattoki ko‘chaga chiqmagan paytlarda ham kremdan foydalangan.

Shunday kunlardan birida qiz shifoxonaga kuchli yo‘taldan shikoyat qilib murojaat qilgan. U yerda qizga “astma” tashxisi qo‘yilgan. Shifokorlar qizga ingalyator berib, uyda davolanishni buyurishgan. Biroq yo‘tal kuchayib boravergan va kunlarning birida qiz uyqudan ko‘kragining chap tomonidagi qattiq og‘riq bilan uyg‘onib, yana shifoxonaga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelgan. 

Shifokorlar qizni rentgen qilishgan va olingan natijadan hayratda qolishgan: aniqlanishicha, qizning kuchli yo‘taldan zo‘riqish oqibatida 10 ta qovurg‘asi sinib ketgan. Navbatdagi ko‘rikdan keyin shifokorlar bunga qizning oq, chiroyli teriga ega bo‘lishga intilishi olib kelganini aniqlashgan.

Ma'lum bo‘lishicha, qizda uning yoshi uchun suyaklari zichligi juda past bo‘lgan. Bunga esa qizning qonida fosfor va kalsiy juda kam miqdorda bo‘lgani hamda quyoshning ultrabinafsha nurlari ta'siri ostida organizmda ishlab chiqiluvchi D vitamini tanqisligi olib kelgan. Aniqlanishicha, quyoshdan himoyalovchi krem qizning organizmida D vitaminining ishlab chiqilishi jarayonini bloklab qo‘ygan va buning natijasida uning suyaklari mo‘rtlashib ketgan.

Mavzuga oid