Sport | 15:35 / 27.11.2019
11327
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: «Bryugge»ning ikki futbolchisi golni nishonlashda «oshirib yuborgani» uchun chetlatildi

Chempionlar ligasining «A» guruhida «Galatasaroy» «Bryugge»ni qabul qildi. O‘yinning 11-daqiqasida maydon egalari hisobni ochishdi - Adam Buyuk noqulay vaziyatda turgan bo‘lsada mehmonlar darvozasini ishg‘ol etdi.

Hisobda oldinga chiqib olgan turklar o‘yinning qolgan qismida g‘alabani saqlab qolish uchun o‘ynashdi, belgiyaliklar esa raqib darvozasi tomon bosimni kuchaytirishdi. Mehmonlarning hujumlari o‘yinga qo‘shib berilgan beshinchi daqiqadagina samara berdi, Krepin Dyatta jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba bilan hisobni tenglashtiruvchi golni urdi.

«Bryugge» futbolchilari golni nishonlash uchun maydon burchagi tomon yugurishdi, gol muallifi libosini yechdi, uning hamrohi Klinton Mata burchakdagi bayroqqa sakrab tepib, uni sindirdi.

Natijada o‘yin hakami Ivan Krujlyaka avvaliga Dyattega ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatib, uni maydondan chetlashtirdi, keyin Mataga to‘g‘ridan-to‘g‘ri «qizil» ko‘rsatdi.

G‘alabaga teng bu durang tufayli «Bryugge» uchinchi o‘rinni saqlab qoldi Yevropa Ligasi yo‘llanmasi uchun yaxshi imkoniyat hosil qildi. Agar so‘nggi turda «Galatasaroy» «PSJ»ni safarda mag‘lub etmasa, «Bryugge» o‘z maydonida «Real»ga qarshi o‘yinda qanday natija qayd etishidan qat'i nazar Yevropa Ligasi pley-off bosqichiga yo‘l oladi.

Mavzuga oid