O‘zbekiston | 19:20 / 03.12.2019
4464
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etmoqda

Avstraliyaning Brisben shahrida Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining 78-yalpi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi, deb xabar berdi “O‘zpaxtasanoat” AJ matbuot xizmati.

Dunyoning 30 dan ziyod davlatlaridan vakillar tashrif buyurgan mazkur anjumanda “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Iskandar Iskandarov, “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyati direktori, Paxtani qayta ishlash va tadqiq qilish bo‘yicha Osiyo tarmog‘i rahbari Tohir Kuliyev ishtirok etmoqda.

“Global yetakchilik: paxta chegaralarini kengaytirish” mavzusiga bag‘ishlangan bu galgi muloqot qatnashchilari Avstraliya fermerlari, paxta tozalash zavodlari mutasaddilari, yuk jo‘natuvchilari, sohaning taniqli marketologlari, tahlilchilari, brokerlari, to‘qimachilik tarmog‘i ishlab chiqaruvchilari, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetkazib beruvchilari, investitsion banklar mutaxassislari bilan uchrashadilar. Shuningdek, eng ilg‘or g‘oyalar va innovatsiyalar yuzasidan fikr almashib, paxtachilik sohasini jadal rivojlantirishning samarali yo‘llarini aniqlash xususida maslahatlashadilar.

O‘zbekiston delegatsiyasi a'zolari yalpi yig‘ilish birinchi kunining o‘zida qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdilar. Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi ijrochi direktori Kay Xyuz, R&D Investment kompaniyasi bosh menejyeri Allan Villiams shular jumlasidandir. Muhokamalar davomida asosiy e'tibor jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mamlakatimiz paxtasining xarid qiymatini yanada oshirish, salohiyatli xaridorlar va ishonchli hamkorlarga har tomonlama sifatli pishiq-puxta tolamiz bo‘yicha to‘liq ma'lumot berish, davlat-xususiy sherikchilik tizimi orqali investitsiya jalb qilishga qaratildi.

Xalqaro maslahat qo‘mitasi tadbirlari 6 dekabrgacha davom etadi. 

Mavzuga oid