Jamiyat | 20:30 / 06.12.2019
7228
4 daqiqa o‘qiladi

Tanqidga munosabat: Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filialidagi kamchiliklar bartaraf etildi

4 dekabr kuni Kun.uz saytida «Sovqotmayapsizmi, talaba?» — Toshkent davlat agrar universitetining Andijondagi filialida» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Unda Andijon filiali talabalarining isitish tizimi ishlamayotgan sovuq o‘quv xonalarida tahsil olayotgani tanqid ostiga olingandi.

Oradan uch kun o‘tgach universitet ma'muriyati kamchiliklar qisqa muddatlarda bartaraf etilgani haqida ma'lumot berib, bizni ta'lim dargohiga taklif qildi. Oliygoh rektori o‘rinbosari Murodjon Otajonov bilan birga «Qishloq xo‘jalik mashinalari va texnik servisni tashkil etish» va «Iqtisodiyot» kafedralari binolarida bo‘ldik.

Darhaqiqat, o‘tgan uch kun davomida har ikki binodagi o‘quv xonalari tizim orqali me'yordagi issiqlik bilan ta'minlanibdi.

Talabalar auditoriya xonalarida palto va qalpoqlarini yechgan holda dars olishmoqda. «Batareya»lardan issiqlik uzatilmoqda. Talabalar xonalar 5 dekabr kunidan me'yor darajadagi holatda isiy boshlaganini bildirishdi.

Filial rahbariyati tanqidiy materialdan so‘ng bajarilgan ishlar bo‘yicha ma'lumot taqdim qildi.

«Toshkent davlat agrar universitetining Andijon filialida 2019-2020 yillar kuz-qish mavsumida mavjud holatlar yuzasidan Kun.uz sayti tomonidan o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar qisqa muddatlarda bartaraf etilganini ma'lum qilamiz.

Joriy yil kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida bajariladigan ishlar hajmi aniqlanib, tegishli chora-tadbirlar asosida ishlar tizimli tashkil etilgan. Natijada, bugungi kunda vaqtinchalik moslashtirilib o‘quv binosi sifatida foydalanib kelinayotgan №4-talabalar turar joyining A-bloki 1-4 qavatlaridagi ichki isitish tizimlari kapital ta'mirlanib, 1 noyabrdan buyon tizimdan foydalanib kelingan. 2019 yil 1 dekabr kuni yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida, tizimiga issiqlik manbaidan uzilib 2 kun muddatga to‘xtatilgan edi, ayni vaqtda nosozliklar bartaraf etildi, bino xonalari me'yor darajasida issiqlik bilan ta'minlandi.

Talabalar «Iqtisod» deb ataydigan binoning ichki issiqlik tizimidagi kamchiliklar to‘liq bartaraf etilib, ishga tushirildi. Ushbu bino uchun alohida «AKS-300» rusumdagi 2ta qozondan iborat (MTB-modul) kichik qozonxona o‘rnatildi. Ayni vaqtda o‘quv xonalari me'yor darajasida issiqlik bilan uzluksiz ta'minlangan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 8 maydagi PQ-3704 son qaroriga asosan, 2019 yilda Andijon filialining № 8-7-o‘quv binolarida rekonstruksiya ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Binolarda zamonaviy o‘qish sharoitlari yuqorida darajada yaratilgan bo‘lib, qisqa muddatlarda ushbu rekonstruksiya ishlari yakunlanib foydalanishga topshirilganidan so‘ng, hozirda moslashtirilgan binolarda faoliyat olib borayotgan kafedra va o‘quv xonalari yangi zamonaviy o‘quv binolariga ko‘chiriladi.

Filialdagi isitish bilan bog‘liq muammo va kamchiliklarning bartaraf etilishi o‘qituvchi va talabalarning kayfiyati ko‘tarildi o‘qish va ishga bo‘lgan munosabati yanada yaxshilandi», deyiladi ma'lumotnomada.

Mavzuga oid