O‘zbekiston | 22:03 / 09.12.2019
21698
4 daqiqa o‘qiladi

«Ba'zi qonunlar alohida shaxslar uchun xizmat qilmoqda» - Partiyalar vakillari lobbizm haqida

Bugun, 9 dekabr kuni Xalqaro matbuot markazida Xalqaro press-klubning «O‘zbekistonning 2019 yildagi tashqi-iqtisodiy faoliyati» natijalariga bag‘ishlangan navbatdagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Foto: Xalqaro press-klub

Unda O‘zbekistonning 2019 yildagi tashqi-iqtisodiy faoliyati, investorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, respublikaga investitsiyalarning kirib kelish ko‘rsatkichlari Investitsiya va tashqi savdo vazirligi, siyosiy partiyalar vakillari hamda jurnalistlar ishtirokida muhokama qilindi.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan O‘zbekiston qonunchiligida alohida shaxslar manfaatlariga xizmat qiladigan qonunlar bor yoki yo‘qligi, agarda bunday qonunlar mavjud bo‘lsa, nega saqlanib qolayotgani borasida savol bilan murojaat qilindi va siyosiy partiyalar vakillari bu savollarga javob berishdi.

Dilshodjon Rahmonov - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi:

Foto: Xalqaro press-klub

«2020 yildan proteksionizm rivojlanishiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, bunday holatlar bor. Chunki, 2020 yil 1 yanvaridan proteksionizm siyosatining yanada jiddiylashishi bu – O‘zbekistonda qaysidir mahsulot ishlab chiqaruvchisi yoki shu mahsulotni olib kiruvchi alohida shaxs, yoki yuridik shaxsning manfaatlarini kengaytirib beradi.

Bu qarorda xuddi shunday deyilmaydi, lekin shu narsani ko‘rsatib beradi».

Fazliddin Ziyoyev - Adolat sotsial-demokratik partiyasi:

Foto: Xalqaro press-klub

«Adolat sotsial-demokratik partiyasi ham bugungi kunda ba'zi yuridik shaxslarga berilgan imtiyozlar mavjudligini qayd etadi.

Bu imtiyozlar bir tomondan ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun mo‘ljallangandir, lekin masalaga iqtisodiy tomondan qaraydigan bo‘lsak, chet eldan keltirilayotgan xomashyoga berilayotgan imtiyozlar yoki ichki bozorda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga berilayotgan imtiyozlar oradagi raqobat sinishiga sabab bo‘ladi.

Buning sababi shundaki, ishlab chiqarish tan narxi belgilanayotganda u soliqlardan kelib chiqqan holda bo‘lishi kerak. Bizning taklifimiz, imtiyozlar berayotganda soliq imtiyozini emas, soliq to‘lov imtiyozini qo‘llash kerak. Bunda ishlab chiqarish tannarxini belgilash hamma uchun bir xil bo‘ladi. Ammo imtiyoz berilayotgan tashkilot uchun soliq to‘lovini o‘zida olib qolgan holda foydani yana o‘sha tashkilot faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirish kerak».

Akmal Umrzakov - «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi:

Foto: Xalqaro press-klub

«Ha, bu bizda hozirgacha bu amaliyot mavjud bo‘lib kelyapti. Faqat, ilgari aniq bir shaxslarga berilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu sohalarga berilyapti. Xo‘sh, nima uchun sohalarga berilyapti? Chunki, bizda hali ayrim sohalarda rivojlangan texnologiyalar tanqis. Biz bojxona yoki soliq imtiyozlarini shu sababdan ularga berishga majbur bo‘lyapmiz.

O‘ylaymanki, bu holat doimo davom etishi mumkin emas, qachondir to‘xtashi kerak. Imtiyoz olayotgan soha jahon darajasiga chiqdimi, imtiyoz darhol to‘xtashi kerak».

Ravshan Xomitov – XDP Markaziy Kengashi sektor mudiri:

Foto: Xalqaro press-klub

«Bunday holat mavjud. Bu holatni ayrim sohalardagi mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirish bilan izohlash mumkin bo‘lsa, uning umrini qisqartirish kerak. Chunki bu sog‘lom raqobatga qattiq ta'sir o‘tkazadi».

Ulug‘bek Pirmuxamedov – O‘zbekiston Ekologik partiyasi murojaatlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i:

Foto: Xalqaro press-klub

«So‘ralayotgan holat bizda amalda bor. Yaqinda Londonda UzInvest yirik investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Shu kabi forumlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat bilan ishlaydigan investorlar bilan aloqaga kirishiladi.

O‘ylashimcha, faqat shu yo‘l bilan imtiyozlarning umrini qisqartirib, to‘g‘ri yechimga o‘tiladi, deb o‘ylayman».

Mavzuga oid