Behruz Hamzayev: «Turistlar oqimi bitta davlatdan bo‘lib qolishi yaxshi emas. Eng katta misol – Gruziya»
Mamlakatga asosiy sayyohlar oqimi bir yoki bir nechta sanoqli davlatdangina bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, deya fikr bildirdi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev «Ular» loyihasiga bergan intervyusida.
«Differensiatsiya tushunchasi bor. Biz faqatgina bitta segment bilan, bitta davlat bilan chegaralanib qolmasligimiz kerak. Buning noto‘g‘ri ekaniga eng katta misol – Gruziyaning holati.
Xabaringiz bo‘lsa, yil boshida Rossiya va Gruziya o‘rtasidagi muammolar... Gruziyaga 50 foiz turist Rossiyadan kelardi. Hozir yo‘q. Shu bois differensiatsiya juda muhim, bir davlatga qaram bo‘lib qolish hech qachon yaxshi bo‘lmagan. Mijozlar, turistlar nazarida ham bu noto‘g‘ri.
Shu bois biz katta yoshlilar segmentini ushlab qolish bilan birga unga qo‘shimcha segmentlarni qo‘shishimiz kerak», – deya tushuntirdi Hamzayev.
Turizm sohasi mutaxassisi O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlarning asosiy qismi 50 yoshdan oshganlar ekaniga izoh berib, bu tendensiyaning ijobiy jihatlari va sabablari haqida gapirib o‘tdi.
«Bumerlar avlodi (1946-1964 yillarda tug‘ilganlar) – zo‘r turistlar. Birinchidan, ular har doim guruh bo‘lib sayohat qilishadi. Birdaniga 10-15 kishi kelgani yaxshi.
Ikkinchidan, mehnat qilib jamg‘arib qo‘ygan pensiyalari bor – hisobida 200-300 ming dollar puli bor. Umrining qolgan qismini zo‘r yashay, deb, yoqqan narsasini oladi... «Uyga borib ipotekamni to‘lashim kerak, qo‘y, shu o‘yma naqshli narsani olmay», demaydi. Bolalari, nevaralariga sovg‘a oladi.
Nimaga sayohatchilarning aksariyati bebi-bumerlar avlodi vakillari ekaniga to‘xtalsak, biz yopiq davlat bo‘lganimiz uchun deyarli promoushn qilmaganmiz. Biz haqimizda biladigan insonlar – yoshi katta, Samarqand-Buxoro haqida o‘sha sovet ittifoqi paytida eshitgan odamlar. 1991 yildan 2016 yilgacha biz turistik promoushn bilan shug‘ullanmaganmiz, shuning uchun biz yangi qatlam, ya'ni milleniallarni yo‘qotdik. Milleniallar avlodi O‘zbekiston haqida bilmaydi», – deydi Hamzayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, yosh sayyohlarni mamlakatga jalb etish katta qiyinchilik tug‘dirmaydi. Buning uchun yosh avlod vakillarining qiziqishlari va ular nimalarni ko‘proq tomosha qilishini e'tiborga olish kerak.
Mavzuga oid
22:53 / 16.12.2024
Emin Agalarov Chorvoq bo‘yida Sea Breeze Uzbekistan turistik markazini qurmoqchi
18:14 / 16.12.2024
Surxondaryoning uchta tumanida zamonaviy turistik markazlar tashkil etiladi
09:49 / 13.12.2024
Milliy turizm yagona platformasi ishga tushirilmoqda
09:24 / 12.12.2024