Jahon | 01:01 / 10.12.2019
16183
3 daqiqa o‘qiladi

Time’ning “Yil odami” unvoniga da'vogarlarning yakuniy ro‘yxati e'lon qilindi

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy raisi Si Tszinpin Time jurnali tahririyatining “Yil odami” unvoniga da'vogarlarning yakuniy ro‘yxatiga kirdi. Bu haqda NBC telekanali xabar berdi.  

Tramp ushbu nomga 4-marta da'vogarlik qilmoqda, u 2016 yilda ushbu nomga sazovor bo‘lgan. 

Yakuniy ro‘yxat 10 kishidan iborat bo‘lib, unga Trampning shaxsiy advokati Rudolf Juliani, AQSh kongressi quyi palatasi spikeri Nensi Pelosi, Facebook rahbari Mark Tsukerberg, shvetsiyalik 16 yoshli ekofaol Greta Tunberg, Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern, futbol bo‘yicha AQSh ayollar terma jamoasi a'zosi Megan Rapino kirgan. Shuningdek, ro‘yxatga Hongkongda hukumatga qarshi chiqayotgan namoyishchilar kiritilgan.  

Jurnal tahririyati “Yil odami”ni 11 dekabrda e'lon qilishi kutilmoqda. Unvonga loyiq topilgan odam surati jurnal muqovasida joylashtiriladi. Ushbu unvonni berish uchun aniq mezonlar yo‘q, u yil davomida jamiyatga, xoh salbiy, xoh ijobiy bo‘lsin, eng katta ta'sir ko‘rsatgan odamga beriladi.

Amerikalik uchuvchi Charlz Lindberg tarixda birinchi bo‘lib Atlantika okeani ustidan uchib o‘tgani uchun 1927 yilda ushbu unvonning birinchi sohibiga aylangan.

Unvonning berilishi tarixi davomida 70 ga yaqin siyosiy va jamoat arbobi unga loyiq topilgan. O‘z vaqtida u Maxatma Gandi (1930), Iosif Stalin (1939, 1942), Uinston Cherchill (1940, 1949), Yelizaveta II (1952), Nikita Xrushchev (1957),  Sharl de Goll (1958), Martin Lyuter King (1963), Genri Kissinjyer (1972), oyatulloh Ruhalloh Homayniy (1979), Lex Valensa (1981), Yuriy Andropov va Ronald Reygan (1983), Mixail Gorbachev (1987, 1989), Ioann Pavel II (1994) va Vladimir Putinga (2007) berilgan.

Shuningdek, Jyerald Forddan tashqari, Franklin Ruzveltdan boshlab AQShning barcha prezidentlari ushbu nomga sazovor bo‘lgan. Ruzveltning o‘zi esa “Yil odami”ga 3 marta (1932, 1934 va 1941) loyiq topilgan tarixdagi yagona inson hisoblanadi.

Mavzuga oid