O‘zbekiston | 16:27 / 11.12.2019
29594
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat ishtirokidagi korxonalarning samarasiz faoliyati tanqid qilindi

Davlat aktivlarini samarali boshqarish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 dekabr kuni davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish natijadorligi va bu yo‘nalishdagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.  

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish maqsadi ham belgilangan edi. Shunga muvofiq, joriy yil 14 yanvarda prezidentning «Davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi kurashishni tartibga solish tizimini va kapital bozorini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

O‘tgan qariyb bir yil mobaynida korxonalarning ustav kapitalidagi davlat ulushini samarali boshqarish, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. 

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 2819ta davlat ishtirokidagi korxonalar mavjud. Ularning aksariyati eski usulda, samarasiz ishlagani sababli hatto dividend to‘lay olmaydi.

Prezident bu holatni jiddiy tanqid qildi.

– Davlat ishtirokini hech zarurat bo‘lmagan sohalarda ham saqlab turibmiz. Davlat korxonalarini boshqarish, faoliyati samarasini oshirish, ularning funksiyalarini xususiy sektorga berish bo‘yicha hali sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois, yig‘ilishda 2020 yilda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi. 

Avvalo, bunday korxonalarni isloh qilish yoki tugatish, saqlash yoki xususiy sektorga berish masalasini o‘rganish bo‘yicha Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va maslahatchilari boshchiligida ishchi guruhlar tashkil etildi.

Jumladan, axborot texnologiyalari sohasidagi 140ta korxona, hududlardagi kommunal, qurilish va xizmat ko‘rsatish sub'yektlariga tegishli 1573ta, geologiya, metallurgiya, moliya tashkilotlari bo‘yicha 137ta, yengil sanoat, mashinasozlik va elektrotexnika tarmoqlaridagi 49ta, ijtimoiy soha, turizm va farmatsevtika yo‘nalishidagi 449ta, kimyo, neft-gaz, energetika sohasidagi 42ta, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘idagi 330ta, sanoat zonalaridagi 99ta korxona bo‘yicha alohida ishchi guruhlar tuzilib, ularning har biriga moliya vaziri o‘rinbosarlari biriktirildi.

Ishchi guruhlarga bir oy muddatda har bir korxonani to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularning rentabelligi, hozirgi quvvati va istiqbolini tahlil qilgan holda, 2020 yilga mo‘ljallangan aniq reja va takliflar ishlab chiqish topshirildi. 

Ko‘plab kompaniyalar moliyaviy hisobot yuritish, ichki nazorat va audit o‘tkazish, boshqaruvga mustaqil a'zolarni kiritish kabi masalalarda oqsayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga mazkur kompaniyalarda korporativ boshqaruvni keng joriy etish, bazaviy sohalardagi 32ta yirik korxonani isloh qilishni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari – KPI (Key Performance Indicators) har bir korxonada ishlab chiqilishi va muntazam nazorat qilinishi lozimligi ta'kidlandi. 
Davlat ulushi bo‘yicha dividendlar hisoblanishi va budjetga o‘tkazilishini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi. 

Transport vazirligida Loyiha ofisi tuzib, ushbu sohadagi korxonalarga xususiy sektorni jalb etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Xususiylashtirishga oid yondashuvlarni tubdan yangilash, xalqaro ekspertlarni jalb etib, bu borada bozor iqtisodiyotiga xos va mos tizimga o‘tish zarurligi ta'kidlandi.

Xususiylashtirish va korporativ boshqaruv bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash hamda malakasini oshirish, davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlarini shu borada o‘qitish muhimligi qayd etildi. 

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi. 

Mavzuga oid