Sport | 15:32 / 12.12.2019
17359
14 daqiqa o‘qiladi

«Atalanta» ertagi. Bu qanday sodir bo‘ldi?

Shu yilning 18 sentyabrida «Atalanta» Zagrebda, o‘z tarixidagi ilk YeChL o‘yinida maydonga tushgandi. Italiyada Jan Pero Gasperini jamoasiga allaqachon ko‘nikishgan: har qanday jamoaga qarshi dadil o‘yin, Yevropa Ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish – bular endi yangilik emas. Ammo Chempionlar Ligasi boshqa daraja va butun Yevropa «Atalanta» bilan yaqindan tanishdi.  

Startdagi musht

Debyut juda achinarli edi. U qadar qiyin bo‘lmagan raqibga qarshi bergamoliklar ilojsiz qolishdi. O‘ta yuqori pressing bilan harakat qilgan «Atalanta» yarim himoyasidan zagrebliklar osonlik bilan o‘ta boshladilar va hujumda keng hududlarga ega bo‘ldilar. Birinchi bo‘limdayoq hisob – 3:0. Ikkinchi bo‘limda «Atalanta» butunlay boshqa uslubda o‘ynadi va yaxshiroq natijaga munosib edi, lekin Sapata va Pashalich qulay vaziyatlardan foydalana olishmadi. «Dinamo» hujumchisi Orshich esa foydalandi – 4:0.

Gasperini shunchaki, raqibini mensimagan bo‘lishi mumkin. Murabbiyning o‘zi ham buni tan oldi: «Ular meni intensiv harakatlar va tezkorlik bilan hayron qoldirishdi. «Atalanta»dagi faoliyatim davomida hech qachon bu qadar og‘ir holatga tushamagandik. Ikkinchi bo‘limda yaxshi o‘ynay boshladik, lekin kech edi. Bu mag‘lubiyat bizga saboq bo‘ladi», – dedi murabbiy o‘yindan so‘ng.

«Shaxtyor»ga qarshi 2-turdagi o‘yinni «Atalanta» juda yuqori tempda boshladi. Mezbonlar birinchi bo‘limda ikkita juda xavfli vaziyatga ega bo‘lishdi, penalti tepishdi, lekin faqat bir marta gol urishning uddasidan chiqishdi. Bo‘lim oxirida esa juda kutilmagan, keraksiz gol o‘tkazib yuborildi.

Keyin yana vaziyatlar bo‘ldi, Sapata esa juda yaqin masofalardan gol ura olmaslik bo‘yicha rekord ham o‘rnatdi, shekilli. Uchrashuv oxirlarida butun jamoa bo‘lib hujumga tashlangan jamoa yana bir marta jazolandi. «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlar oldidan, ikki o‘yindan keyin nol ochko – juda ayanchli va imkonsiz holat. Oldinda yana bir mag‘lubiyat kutib turardi.

Gasperini, dunyoning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi, safarda o‘ynab turib ham, uslubiga sodiq qoladigan murabbiy. Hali hech narsa yo‘qotilmagani va Manchesterda natija uchun o‘ynash niyati borligini murabbiy A Seriyada ham isbotlagan, shu uchrashuv oldidan Italiyada o‘tkazilgan turda ba'zi yetakchilariga dam bergandi. «Atalanta» o‘rta blokda himoyalandi va ko‘p bor to‘pni nazorat qilish, paslar orqali o‘ynashga urindi. Bu esa, to‘p yo‘qotishlar ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Malinovskiy va Gomes birgalikda 11 marta keraksiz joyda xatolarga yo‘l qo‘yishdi, darvozabon juda ko‘p marta qutqarishiga to‘g‘ri keldi. Birinchi bo‘lim «Siti» foydasiga 2:1 hisobida tugadi.

Gvardiola asabiylasha boshladi, Gasperini esa, jiddiy shaklda ikkinchi bo‘limda hisobni tenglashtirish uchun tayyorlandi. 55 foiz to‘p nazorati, darvozaga zarbalar bo‘yicha 10-7. Lekin gollar hisobida 0:3. Umumiy hisob – 1:5. Og‘ir jazo, lekin «Siti»ga qarshi tashabbuskor o‘ynashga intilish boshqacha oqibatga olib kelarmidi?

Uch o‘yinda uch mag‘lubiyat. Keyingi bosqich uchun imkoniyat deyarli yo‘q, buning ustiga jamoa o‘zini yaxshi tomonlarini ko‘rsata olmadi ham. Agar Italiya chempionatini kuzatmaydigan muxlis bo‘lsa, «Atalanta» qanday qilib YeChLga chiqib qolganiga ham tushunmagan bo‘lardi. Xo‘sh, «Atalanta»ning xususiyati nimada o‘zi?

«Atalanta» qanday jamoa?

«Atalanta» – yuz foiz murabbiy mahsuloti. Xuddi «Atletiko» maydonda Simeoneni to‘lig‘icha aks ettirganidek, «Atalanta» Gasperinini shu qadar tamsil etadi. Gasperini imkon qadar o‘z darvozasidan uzoqroqda himoyalanishni afzal ko‘radi, shuning uchun Italiya futbolidagi mashhur uslubni yomon ko‘radi. Buning o‘rniga raqibning eng muhim o‘yinchilariga qarshi xos pressingni qo‘llaydi. To‘pni egallash mahoratdan ko‘ra, son jihatdan ustunlik qilish ustiga qurilgan, shuning uchun jamoa doim ko‘proq harakatlanishiga, yugurishiga to‘g‘ri keladi – bu endi uslubning zararlaridan biri, xolos. O‘z vaqtida Gasperini «Inter» murabbiyi etib tayinlanganida, uch oy ham ishlay olmagandi. Sababi, «Inter»ning yoshi katta, yulduz futbolchilari maydonda murabbiy aytganidek yugurishni istashmagan. «Atalanta»da unday yulduzlar yo‘q, yoshi katta futbolchilardan esa o‘z vaqtida voz kechildi.

Kimdir «Atalanta»ni uch yil oldingi «Lester»ga ham qiyoslashi mumkin, ammo bu jamoalarni italiyalik murabbiy boshqargani bog‘lab turadi, xolos. Bergamoliklar o‘zlariga yarasha kuchli. Yosh futbolchilar ham o‘ynab ketishdi: Galyardini, Kaldara, Konti, Manchini, Kesse, Kristante. Bu futbolchilarning hammasi hozir «Atalanta»ni tark etib ulgurishgan. Galyardini «Inter»da, Kaldara, Konte va Kesse «Milan»da, Kristante va Manchini esa «Roma»da. Qizig‘i, bu futbolchilar yangi jamoalarida «Atalanta»dagi kabi yorqin o‘yin ko‘rsata olishmayapti. Gasperini bemalol himoyachilar va yarim himoyachilarni sotib yuborishi mumkin, lekin hujumchilarni asrashga intiladi.

«Atalanta» hujumi yetakchilari – Alexandro Gomes, Ilichich va Sapata – Gasperini qo‘l ostida yangi qirralari ochilgan yoshi katta futbolchilar. Gomes uch yildan beri top-klublarga mos ko‘rsatkichlar qayd etmoqda, Sapata umuman boshqa darajadagi futbolchiga aylandi, bularning bari Gasperini tufayli.

3-4-3 sxemasida yarimhimoyachilarga ko‘p narsa bog‘liq. Ikki markaziy yarimhimoyachi maydonning eniga katta qismlarini yopishga majbur, literallar esa, uzunasiga katta hududga javob beradi. Himoyachi va hujumchilar qanotlarda son jihatdan ustunlikni ta'minlashda va to‘pni olib qo‘yishda faol ishtirok etadi. Yuqori blokda o‘ynashda himoyachilardan faqat jismoniy ko‘rsatkichlar, bo‘y va gavda bilan o‘ynashgina emas, yuqori tezlik ham talab etiladi.

Pozitsion hujumlarda «Atalanta» ancha oddiy harakat qiladi: qanot o‘yinchilariga to‘pni yetkazish orqali krosslar yoki Gomes va Ilichichning markazdan, jarima maydoni tashqarisidan zarba berishlarini ta'minlash. Yana bir qurol – standart vaziyatlar. O‘tgan mavsumda «Atalanta» penaltilarni qo‘shmaganda, standart vaziyatlardan so‘ng 13 gol urdi. A Seriyada uchinchi ko‘rsatkich.

Bu mavsumdan yangi opsiya ham qo‘shildi. Ruslan Malinovskiy, jamoaning yangi yetakchisi, pleymeyker pozitsiyasida to‘p surmoqda. Natijada 3-4-3 sxemasidan 3-4-1-2 sxemasiga o‘tildi, lekin asosiy prinsiplar saqlab qolindi. Chempionlar Ligasida bu o‘zgarishning ta'siri sezilmadi, lekin Italiyada «Atalanta» o‘yinidagi ijobiy chizgilarni payqash qiyin emas. Umuman, Zagrebdagi o‘yinda ham De Ron va Gosens tomonidan amalga oshirilgan 20 marta to‘p olib qo‘yish katta natija, lekin bu umumiy muvaffaqiyatsizlik fonida sezilmagandi.

Shuningdek, katta omadsizlik haqida ham aytish kerak, ayniqsa, «Shaxtyor» bilan birinchi o‘yin yuqorida esga olindi. Bu ham shu «Atalanta», bahorda A Seriya autsayderiga qarshi bir o‘yinda 47 marta darvozaga zarba berib, 0:0 qayd etgandi, masalan. Shu o‘yindan keyin YeChL yo‘llanmasi so‘roq ostida qolgan, safarda «Napoli» va «Yuventus»ga qarshi safar o‘yinlarida ochko olish shart bo‘lib qolgandi. «Atalanta» bu o‘yinlarda 4 ochko oldi – ya'ni, bu jamoa o‘zi uchun qiyin holatlar yaratib, keyin uni oshib o‘tishda benazir.

Yechim

«Durang biz uchun yaxshi natija bo‘lardi», – dedi «Manchester Siti»ga qarshi uy o‘yini oldidan Gasperini. Aslida uy stadioni emas, Bergamodagi stadion YeChL talablariga javob bermagani uchun, jamoa o‘z o‘yinlarini Milanda o‘tkazgandi.

Mana shu durang uchun Gasperini odatiy uslubidan voz kechdi. «Siti»ga qarshi o‘yinda «Atalanta» «avtobus qo‘ydi» deya olmaymiz-u, ammo o‘ziga nisbatan solishtirganda, himoyaviy o‘yinni tanladi. O‘yin ancha yopiq bo‘ldi. Darvozalarga berilgan zarbalar – 18 (6tasi aniq). Masalan, Manchesterdagi o‘yinda bu ko‘rsatkich 28 (16) edi. Hatto o‘z darvozasidan tezkor gol o‘tkazib ham, «Atalanta» o‘z rejasiga sodiq qoldi. Bo‘lim oxirida Jyezus penaltini ura olmadi, Gvardiola shogirdlari ikkinchi bo‘limga sayr uchun tushishdi, gol o‘tkazib yuborildi. Murabbiy uch futbolchini almashtirib bo‘lganidan keyin esa Bravo qizil kartochka oldi. «Manchester Siti» bir kishi kam bo‘lib o‘ynagani yetmagandek, darvozada Kayl Uoker turishiga to‘g‘ri keldi. So‘nggi 10 daqiqadagi bu sharoit «Atalanta»ga qo‘l keldi, italiyaliklar kerakli durangni saqlab qolishdi.

«Dinamo»ga qarshi Milandagi o‘yinda bu qadar asabiylik kuzatilmaganda, foydalanilmayotgan vaziyatlarga juda kulgili deb baho berish ham mumkin edi. Quyidagi suratga e'tibor bering:

Kvadrat qanchalik katta bo‘lsa, vaziyat shunchalik xavfli bo‘lganini anglatadi. Ko‘k kvadratlar «Atalanta» ko‘kka sovurgan imkoniyatlar, kichkina qizil nuqta esa – gol. Yana bir gol penaltidan urildi – 2:0.

«Atalanta» yovvoyi darajada pressing uyushtirdi – raqib hududida 20 marta to‘p olib qo‘yildi. «Dinamo»ning jarima maydoni yaqinida 200dan ortiq uzatma amalga oshirildi va jarima maydoni ichkarisidan 16 marta zarba ijro etildi. Maydondagi hisobdan boshqa hammasi yaqqol ustunlikni ifodalardi. Yaxshiyamki, vaziyatlarning o‘ndan birini golga aylantirish ham g‘alaba uchun yetarli bo‘ldi. 

Xarkovga Gasperini aniq vazifa bilan bordi – g‘alaba qozonish va «Manchester Siti»ning yutqazmasligidan umid qilish. G‘alaba qozonish shart edi, aks holda «Atalanta» guruhda to‘rtinchi o‘rinda qolib ketardi. So‘nggi tur oldidan «Atalanta»da 4, «Shaxtyor»da 6, «Dinamo»da esa 5 ochko bor edi.

Shu paytgacha uchralgan barcha omadsizliklar hissasi ushbu o‘yinda chiqarib yuborildi, deyish mumkin. «Shaxtyor» yomon o‘ynamadi, birinchi bo‘limda eng xavfli vaziyat mezbonlar tomonidan yaratildi va jamoa birinchi bo‘limda barchasini nazorat qildi.

Hakamlar aralashishdi. Dodo maydondan chetlatilishiga e'tiroz yo‘q, lekin ikkinchi bo‘lim boshida Murielning aynan Dodoga nisbatan qilgan xavfli o‘yini e'tiborsiz qoldirilgandi. Shundoq ham sariq kartochkaga ega bo‘lgan Muriel bu vaziyat uchun ikkinchisini olishi mumkin edi. Aynan Muriel biroz o‘tib o‘yindagi birinchi golda qatnashdi va golli uzatma muallifi bo‘lgan Gomesni to‘p bilan ta'minladi.

«Shaxtyor» o‘z maydonida, bir kishi kam bo‘lib hujumga tashlandi. Bu esa, mehmonlarga qarshi hujumlarda qo‘l keldi hamda Pashalich va Gosensning gollari hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.

Ilk turlardagi omadsizlik va so‘nggi turdagi omad barchasini muvozanatga olib keldi. «Atalanta» «Shaxtyor»ga qarshi birinchi o‘yinda to‘liq ustunlik qilgan bo‘lsada ikki bo‘lim yakunida bittadan gol o‘tkazib mag‘lub bo‘lgani – nohaq natija edi. Jamoa «Dinamo» va «Siti»ga qarshi o‘yinlarda ham bu qadar yirik hisoblarda mag‘lub bo‘lishga loyiq emas edi. Shu bilan birga, omad kulib boqmaganida Ukrainada g‘alaba qozonmasdi ham. Xullas, bu jamoa muxlislarga hech qanday mantiqqa e'tibor berish kerakmasligini yana bir bor o‘rgatib qo‘ydi. Har qanday tushunarsiz vaziyatda «Atalanta» o‘z uslubida o‘ynay boshlaydi va qolgan hammasi hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmay qoladi.

Bu albatta, yaxshi, mana shunday dadil yurish Chempionlar Ligasi pley-offi bilan mukofotlandi. Gasperini jamoasiga kim raqib bo‘lishidan qat'i nazar, bemalol bilib qo‘ysinki, hammasi oson bo‘lmaydi va ularni katta asabbuzarliklar kutib turibdi. 

Mavzuga oid