O‘zbekiston | 07:49 / 14.12.2019
5761
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga olib kelinayotgan attraksionlarning xavfsizligi haqida hech kim bosh qotirmagan – senator

Foto: TASS

Senatning mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev yaqin vaqtgacha O‘zbekistonga kirib kelayotgan attraksionlarning xavfsizligi haqida hech kim bosh qotirmagani, buning oqibatida o‘lim holatlari yuz berganiga to‘xtaldi.

«Attraksionlarning xavfsizligini ta'minlash yuzasidan parlament so‘rovi bergandik. Buning natijasida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasida attraksionlar bo‘yicha inspeksiyalar tuzildi. Chunki O‘zbekistonga minglab attraksion kirib kelyapti, ularni olib kelayotgan odam tayin, biroq texnik jihatdan xavfsizligi, bizga shu narsa kerakmi-yo‘qmi, bu haqda so‘raydigan odam, tashkilot bo‘lmagan. Bundan tashqari, yetmish yil oldin qurilgan attraksionlar ham ishlayapti. Mana shunday boshboshdoqlik natijasida Jizzaxda yoshgina qiz o‘lib ketdi. Undan keyin Namanganda ham yana shunday holat bo‘ldi. Shu kabi holatlar nega yuz berayotganiga izoh so‘rab parlament so‘rovi yuborganimizdan so‘ng soha tartibga solindi», deya Farrux Dadaxo‘jayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, Jizzaxda sodir bo‘lgan fojiadan so‘ng shu paytgacha attraksionlardagi xavfsizlik ustidan davlat nazorati o‘rnatilmagani ma'lum bo‘lgan edi. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor G‘ulomov O‘zbekistondagi attraksionlarning yarmidan ko‘pi sobiq ittifoq davrida o‘rnatilganini aytgan. Namangandagi fojiadan so‘ng viloyatdagi barcha attraksionlar texnik ko‘rikdan o‘tkaziladigan bo‘lgandi.

Mavzuga oid