Sport | 12:50 / 17.12.2019
25153
13 daqiqa o‘qiladi

Top-10: Klasiko arafasidagi yo‘qotishlar va haftaning boshqa voqealari

Yevropa milliy chempionatlarining navbatdagi turlari ham tabiiyki, qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. Angliyada chempion masalasi deyarli hal bo‘lgan bo‘lsa, Italiya va Germaniyada murosasiz kurash davom etmoqda. Ispaniyada esa klasiko arafasidagi turda «Barselona» ham, «Real» ham ochko yo‘qotdi.

AKADeMIYa VA 4000 O‘YIN

1937 yildan beri «Manchester Yunayted» o‘yinlar uchun beradigan zayavkasida kamida bir nafar klub akademiyasi tarbiyalanuvchisiga o‘rin ajratmoqda. «Everton»ga qarshi o‘yin mana shu seriyada 4000-uchrashuv sifatida qayd etildi.

Bu ko‘rsatkich ayniqsa, klub tarbiyalanuvchilariga alohida e'tibor berilayotgan ushbu mavsumda, yana zaxiradan maydonga chiqqan Meyson Grinvudning goli bilan nishonlangani ham o‘zgacha ijobiy chizgi beradi. Ushbu o‘yinda Grinvuddan tashqari, Jyessi Lingard, Skot Maktomini, Markus Reshford kabi tarbiyalanuvchilar asosiy tarkibda, Pereyra va Tuanzebe zaxiradan joy olishdi.

Umuman, ushbu mavsumning o‘zida akademiyaning 10 nafar vakili asosiy tarkibda debyut qilib ulgurishdi. Maydondagi vaqtning qariyb uchdan biri akademiya a'zolariga yozildi, 17 gol muallifi ham aynan tarbiyalanuvchilar. Bu borada «MYu» «Chelsi» bilan birga APLda peshqadam bo‘lib turibdi. 

ITALIYaDA PeShQADAM O‘ZGARDI

«Inter»ning Florensiyadagi durangi «Yuventus»ning yana turnir jadvali boshiga chiqib olishiga imkon yaratdi. Bu endi A Seriyada oddiy holga aylandi va bizningcha, mavsum oxirigacha bu ikki jamoa quvlashmachoq o‘ynashda davom etishadi. Shu o‘rinda, «Udineze»ga qarshi Sarri nihoyat Dibala-Ronaldu-Iguain uchligiga asosiy tarkibdan joy topib bera olganini ta'kidlash kerak. Bernardeski bu safar zaxirada qoldi va Dibala ilk daqiqalardan ikki hujumchi ortida harakat qildi. Natija yomon emas – Krishtianu Ronaldudan dubl, Iguainda golli pas, Dibala esa maydonda harakat qilganlar ichida eng yaxshi baho olganlardan biri bo‘ldi.

BUNDeSLIGADA HAM...

Italiyadagi holat yuqorida aytilganidek, odatiy holga aylanib ulgurgan bo‘lsa, «Leypsig»ning peshqadamligi qachondir ro‘y berishi aniq bo‘lgan hodisa edi. Shu paytgacha jamoa soyada qolib kelgan bo‘lsa-da, aslida ko‘rsatkichlar bo‘yicha Nagelsmann jamoasi Germaniyada yetakchi edi. Chempionatda eng kam mag‘lubiyatga (Dortmund bilan birga) uchragan ham, eng ko‘p g‘alaba qozongan (Menxengladbax bilan birga) ham, eng ko‘p gol urib, eng kam o‘tkazib yuborgan ham – «Leypsig». Jamoa qatorasiga oltinchi g‘alabasiga erishdi va «Borussiya» M mag‘lubiyatidan foydalanib, yakka peshqadamga aylandi.

Bu natijalar bilan parallel tarzda «Leypsig» Chempionlar Ligasi guruhida ham g‘olib bo‘ldi, Timo Verner esa qatorasiga 7 uchrashuvdirki Bundesligada maydonni golsiz tark etmayapti. Gollari sonini 16taga yetkazgan hujumchi bu borada Levandovskiga yetib olmoqda. Polshalik hujumchida 18ta gol bor.

HAMMA AYB VAR’DAMI?

Dam olish kunlari muxlislar orasida VAR masalasi ham yana kun tartibiga chiqdi. Aslida turli munozarali vaziyatlar va tushunarsiz qarorlar uchun VAR’ni ayblash noto‘g‘ri. VAR aslida hakam uchun texnik yordamchi, xolos. Ya'ni, vaziyatni yaxshiroq ko‘rish, baho berish uchun qo‘shimcha imkoniyat. Agar hakam bu imkoniyat bilan ham xatoga yo‘l qo‘ysa yoki tushunarsiz qarorlar chiqarsa, tabiiyki, barcha savol hakamga tushadi.

Masalan, «Sosedad» – «Barselona» o‘yinining birinchi bo‘limida hakam mehmonlar darvozasiga penalti belgiladi.

O‘yin oxirlarida esa, xuddi shunga o‘xshash holatda Pikega qarshi qoida buzildi – hakam jim.

Bu vaziyatlar o‘rtasida farqni axtarib, muxlislar jig‘ibiyron bo‘lishgani tabiiy. Balki farq Pikening vaziyati o‘yin oxirida bo‘lib, yakuniy natijaga bevosita ta'sir qilishi hakamni ehtiyotkor qilib qo‘ygandir?

Yana bir holat «MYu» – «Everton» o‘yinida kuzatildi. Darvozabon maydonchasida De Xeaga nisbatan yaqqol qo‘pollik ishlatilgan bo‘lsa-da, ushbu vaziyatda gol haqqoniy deb tan olindi. Darvozabon ushbu qo‘pollik tasvirini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga ham joylashtirdi.

Aslida noroziliklar VAR’ga emas, hakamlarning turli vaziyatlarga turlicha yondashayotganidan kelib chiqayotgani tabiiy, zero videoyordamchilar paydo bo‘lmasdan oldin ham shunday tortishuvlar bo‘lib turardi.

KOUTINODA HeT-TRIK

«Biz uni sotib olishimiz kerak, to‘g‘rimi?» deya ritorik savol berdi «Verder»ga qarshi o‘yindan so‘ng David Alaba. Gap Myunxen klubida ijara asosida to‘p surayotgan «Barselona» futbolchisi Filipe Koutino haqida ketyapti. U tarixda «Bavariya» tarkibida het-trik qayd etgan ikkinchi braziliyalik sifatida qayd etildi. Avvalroq, Jovanni Elber myunxenliklar tarkibida shunday natija qayd etgan.

Koutino «Barselona» safida ham bir o‘yinda uchta gol urgan, bu 2018 yilning may oyida ro‘y bergandi. Lekin o‘shanda kataloniyaliklar «Levante»ga 4:5 hisobida yutqazib qo‘yishgan, bu mag‘lubiyat jamoa uchun mavsumdagi birinchisi va yagonasi bo‘lgandi.

Xullas, yozda, balki yanvardanoq «Bavariya» Koutinoni sotib olish choralarini ko‘rsa kerak. Tiago Alkantaraning jamoani tark etishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalishi ham bejiz emas.

TANIShING: DeYaN KULUSheVSKI

Aslida «Napoli» – «Parma» o‘yinidan mezbonlarning navbatdagi omadsizligi, muammo Gattuzo tomonidan ham yechilmayotgani haqida fikrlar havola qilishimiz ham mumkin edi, lekin bu o‘yinda boshqa qahramon porladi – Deyan Kulushevski.

«Atalanta» tizimidan chiqayotgan yana bir yulduz mavsum boshida «Parma»ga ijaraga berilgandi va bu yerda ham zaxira o‘yinchisi bo‘lishi kutilgandi. Lekin 19 yoshli shvetsiyalik vinger o‘yindan o‘yinga «Parma» yetakchisiga aylanib bormoqda. «Eh, sotib olib qo‘ysak bo‘larkan, hozir yaxshigina narx bo‘lardi», – deb afsuslanishayotgandir klub rahbarlari. Rostanam, allaqachon 4 gol va 6 assistga o‘z ismini yozdirib qo‘ygan Deyan Yevropa klublari nazariga tushib ulgurdi. «Borussiya», «Yuventus» va «Manchester Yunayted» kabi top-klublar unga jiddiy qiziqish bildirmoqda.

«Napoli»ga qarshi o‘yinda esa Kulushevski eng yaxshi o‘yinchi bo‘ldi. Uchrashuvning 6-daqiqasida hisobni ochgan bo‘lsa, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda u tomonidan uzatilgan to‘pni Jyervino golga aylantirib, durangni g‘alabaga aylantirdi.

MADRIDNING IKKINChI JAMOASI?

Biz Madrid deganda «Real» va «Atletiko» haqida o‘ylashga o‘rganib qolganmiz, to‘g‘ri qilamiz ham. Lekin aynan bugungi kunda YeChL yo‘llanmasini beruvchi o‘rinlarda Simeonening jamoasi emas, «Xetafe» turibdi. Mayli vaqtinchadir, lekin esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili ham bu klub YeChL o‘rinlari uchun so‘nggi turgacha kurashganda, bu holat bir mavsumlik ekanini aytuvchilar ham ko‘p edi. Shunisi faktki, Pepe Bordalas Madridda yana bir raqobatbardosh jamoa qurmoqda.

«Xetafe» La Ligadagi so‘nggi 7 o‘yinda mag‘lubiyatga uchramadi, 5tasida g‘alaba qozondi. Yo‘l-yo‘lakay Yevropa Ligasi pley-offiga ham yo‘llanma olindi. «Xetafe»ning keyingi o‘yinlarini, ayniqsa, yevrokuboklarda «Ayaks»ga qarshi to‘qnashuvini kuzatish juda qiziq bo‘ladi.

VeRONADA QOYILMAQOM KAMBEK

Turnir jadvalining o‘rtalaridan o‘rin egallagan «Verona» va «Torino» klublarining o‘zaro bahsi balki uncha qiziq tuyulmagan, har birining g‘alabasi ham, durang ham birovni hayron qoldirmasdi. Lekin uchrashuv ssenariysi, syujyeti bo‘yicha turning eng tomoshabop o‘yinlaridan biriga aylandi.

O‘yinning 61-daqiqasida mehmonlar uchinchi golni ham urishdi va go‘yoki endi g‘alabani qo‘ldan boy berishmaydigandek edi. Ammo 69-84 daqiqalar oralig‘ida «Verona» 3ta gol urib hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

So‘nggi besh daqiqa yana teng kurashda kechdi, har biri g‘alaba qozonishi, durang bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo bu safar endi boshqacha, o‘yinni tomosha qilgan tomoshabinlar o‘tkazilgan vaqtlar uchun shubhasiz rozi edi.

«ReAL» IMKONIYaTNI QO‘LDAN ChIQARDI

Aslida «Valensiya» g‘alabani qo‘ldan chiqardi – mezbonlar o‘yin davomida «Real»ga qaraganda ko‘proq xavfli vaziyat yaratishdi, unisi mayli, Benzema hisobni tenglashtiruvchi golni hakam tomonidan qo‘shib berilgan 5-daqiqada urgandi.

Lekin o‘yindan oldin «Real»da g‘alaba qozonib, turnir jadvalida peshqadam bo‘lib olish imkoni tug‘ilgandi. Bir kun oldin San-Sebyastyanga safar qilgan «Barselona» durang qayd etgan, uch ochko «Real»ga El-Klasiko oldidan juda katta ruhiy ustunlik berishi mumkin edi. Ammo sinxron tarzda Zidan shogirdlari ham durangga rozi bo‘lishdi va endi to‘plar nisbatiga ko‘ra, hozircha «Barselona» – peshqadam. Buni o‘zgartirish uchun «Real» ertaga ham urinib ko‘radi.  

«LATsIO» PeShQADAMLARGA YaQINLAShDI

So‘nggi turlarda «Inter» va «Yuventus»ning navbati bilan durang o‘ynashlari Rimning «Latsio» klubiga qo‘l keldi. Ko‘p murabbiylar «turnir jadvaliga qaramaymiz, o‘z o‘yinlarimizni yutaversak, bir kun o‘zimiz uchun yaxshi o‘ringa chiqishimiz aniq» degan ma'noda fikr bildirishni yaxshi ko‘radi. Aynan shu holat bugungi «Latsio»ga ham mos keladi. Rimliklar A Seriyada qatorasiga 8 o‘yinda g‘alaba qozonishdi, natijada endi ularni peshqadamlardan atigi 3 ochko ajratib turibdi, xolos.

«Kalyari»ga qarshi o‘yin esa, juda qiyin kechishi ma'lum edi. A Seriyada 13 o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchramay kelayotgan va mavsumning kashfiyotlaridan biri bo‘lgan klub o‘z maydonida osonlikcha taslim bo‘lmasligi aniq edi. Rostanam oson bo‘lmadi, o‘yinning 90 daqiqasi «Kalyari»ning ustunligida o‘tdi. Faqat hakam tomonidan qo‘shilgan daqiqalarda ikki gol urgan «Latsio» g‘alabani ilib ketdi – 2:1.

Shunday o‘yinlar «Latsio»ning anchayin jiddiy maqsadlarga ega ekanini namoyish qiladi. Axir bu yo‘lda rimliklar Yevropa Ligasini ham qurbon qilib yuborganini e'tiborga olsak, kim biladi, balki A Seriyada uchinchi da'vogar ham paydo bo‘layotgandir?

Q.Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid