O‘zbekiston | 18:10 / 18.12.2019
49349
5 daqiqa o‘qiladi

Yunusoboddagi avariya oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi

Komissiyaga sodir bo‘lgan hodisa sabablarini va oqibatlarini joyida o‘rganish, hodisa oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etish, jabrlanganlar va ularning oila a'zolariga yordam ko‘rsatish hamda boshqa bir qator vazifalar yuklandi.

Bugun, 18 dekabr kuni surunkali yog‘ingarchilik oqibatida Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida tuproq ko‘chishi sodir bo‘ldi.

Ayni vaqtda yuzaga kelgan holatni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi kuch va vositalari safarbar qilingan.

Kun.uz’ning hukumatdagi manbasi xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, sodir bo‘lgan hodisaning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini o‘rganish va uni zudlik bilan bartaraf qilish maqsadida, Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining qurilayotgan qismida sodir bo‘lgan hodisa sabablarini o‘rganish, oqibatlarini bartaraf etish hamda kelgysida shu kabi holatlar ro‘y berishining oldini olish bo‘yicha hukumat komissiyasi tashkil etildi.

Komissiya tarkibidan bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov (komissiya raisi), Qurilish vaziri Botir Zokirov, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi v.v.b B.G‘ulomov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o‘rinbosari A.Qo‘ldoshev, Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, Transport vazirining birinchi o‘rinbosari I.Mahkamov, Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov, Davlat geologiya va mineral resurslar bo‘yicha qo‘mitasi raisi B.Islamov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari B.Nishonov, «O‘zstandart» agentligi bosh direktori D.Sattorov, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi X.Hosilov, «Toshkentmetroproyekt» MChJ rahbari A.Zokirov, Toshkent shahri hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari D.Hidoyatov hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kotibiyati mudiri Sh.Abidov (komissiya kotibi) o‘rin olgan. 

Hukumat komissiyasi zimmasiga quyidagilar yuklatilgan:

  • sodir bo‘lgan hodisa sabablari va oqibatlarini joyida batafsil o‘rganish;
  • zarur kuch va vositalarni jalb qilgan holda hodisa oqibatlari zudlik bilan bartaraf etilishini ta'minlash;
  • hodisa oqibatida jabrlanganlar va ularning oila a'zolariga tibbiy, ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatish;
  • kelgysida shu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash va ijrosini qat'iy nazoratga olish;
  • kunlik amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borish;
  • o‘rganish natijalari yuzasidan tegishli xulosa tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga taqdim etish.

O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchisi B.G‘ulomov zimmasiga - Toshkent metropolitenining yer usti va yer osti metro yo‘nalishlari qurilishida sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi yuzasidan, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri B.Zokirov zimmasiga Toshkent metropolitenining yer usti va yer osti metro yo‘nalishlari qurilishi jarayonida qurilish-montaj ishlari qat'iyan tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatish yuzasidan shaxsiy mas'uliyat yuklangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga sodir bo‘lgan hodisa hamda uning oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida aholini xabardor qilish maqsadida hukumat komissiyasi ishini keng yoritib borish tavsiya etilgan.

Bugun, 18 dekabr kuni soat 10:00 atrofida Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishi qurilishining ochiq uchastkasida tuproq o‘pirilishi ro‘y berdi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, tuproq ostida bir necha ishchi qolib ketgan va ularning taqdiri noma'lumligicha qolmoqda.

Mavzuga oid