Jamiyat | 22:05 / 19.12.2019
76253
3 daqiqa o‘qiladi

Parlament – nima u? Deputat degani kim?

Xalq ishonch bildirib, «bizdan vakil bo‘ladi» deb o‘z ichidan tanlab-saylab olgan kishilarning majlisi bu – parlament.  Demak, parlament bu – ishonch bildirilgan kishilar yig‘ini. Shuning uchun uni «parlament» emas, balki «ishonch uyi» deb atasa ham bo‘ladi. Zero bu bino ichidagilar ishonchni oqlashga urinishadi.

Ammo... buning sharti bor!

Shart shuki, parlament mana shunday parlament bo‘lishi uchun unga vakil tanlash jarayoni, ya’ni saylov – haqiqiy saylov bo‘lishi kerak. Buning uchun saylovchilar rostdan ham o‘z ichlaridan eng loyiq kishilarni, aqlli, dono, mas’uliyatli, ishonsa bo‘ladigan kishilarni tanlab olishlari va parlamentga jo‘natishlari lozim.

Va keyin ham – ularni vakil qilganlaridan so‘ng ham ular bilan muloqot qilib turishlari, hisobot so‘rab turishlari kerak. Shundagina parlament haqiqiy parlament bo‘ladi. Xalqning o‘ziga xos yuragi bo‘ladi.

Ko‘ryapmizki, parlament haqiqatdan ham xalq vakillari majlisi bo‘lishi uchun xalqning o‘zi faol bo‘lishi kerak ekan. Xalq faol bo‘lmasa, saylov saylov bo‘lmaydi, noloyiq, «xalq vakili» deb atab bo‘lmaydigan kishilar parlamentga ravona bo‘lishadi. Natijada xalqning hayoti yaxshilanmaydi, parlamentni esa «ishonch uyi» deb atab bo‘lmaydi.

Demak, xalqning hayotiga doir qonun-tartiblar ishlab chiqiladigan joy – parlamentning qanday joy bo‘lishi xalqning o‘ziga bevosita bog‘liq ekan. Odamlar saylovlarga, qanday kishilarni saylayotganliklariga befarq bo‘lishsa, vakil bo‘lishga loyiq kishilarni qo‘llab-quvvatlashmasa, noloyiq nomzodlarni savollar bilan tergab, shu asnosida ularni fosh qilishmasa, unda... jamiyat hayotini tartiblovchi qoidalar – QONUNlarni ishlab chiquvchi idora – parlament yaxshi parlament bo‘lmaydi. Xalqning hayoti esa yaxshilanmaydi.

Mavzuga oid