Jamiyat | 12:33 / 20.12.2019
6895
2 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz tanqididan so‘ng Qo‘shko‘pir tumanidagi yo‘l ta'mirlandi

Foto: KUN.UZ

Kun.uz noyabr oyida Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumani, O‘rtayop qishlog‘idagi «Adolat» mahallasi yo‘llarining abgor ahvoli haqidagi murojaatni o‘rgandi.

Unda «Obod mahalla» dasturi asosida ta'mirlanishi kerak bo‘lgan yo‘llarda ishlar oxiriga yetkazilmay qolgani, xususan, Olmazor, Rayhon, Adolat ko‘chalaridagi yo‘llarning chuqurchalari ko‘milgan, tekislangan, shag‘al tosh to‘shalgan, ammo asfalt yotqizilmasdan qolib ketganidan shikoyat qilingan edi.

Bu haqda «Qo‘shko‘pir tumanidagi mahalla yo‘llari obod bo‘lmadi - chang-to‘zonga ko‘milgan odamlar shikoyati» nomli tanqidiy maqola e'lon qilindi.

«Qo‘shko‘pir tumani yo‘llardan foydalanish» unitar korxonasi (UK) bergan ma'lumotga ko‘ra, tanqidiy maqola chiqqanidan so‘ng, unda ko‘rsatilgan muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar bajarilgan.

«Xorazm viloyati va Qo‘shko‘pir tumani hokimligi, shuningdek, viloyat Avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi rahbariyati yordamida «Qo‘shko‘pir tumani yo‘llardan foydalanish» UK tomonidan yo‘llar ta'mirlandi, tanqidiy maqolada ko‘rsatilgan kamchiliklar bartaraf qilindi.

Xususan, 4H1956A Ibragimov j/x mahalliy ahamiyatidagi avtomobil yo‘li, ya'ni Adolat ko‘chasidagi 1 km yo‘lga asfalt-beton qoplamasi yotqizildi. Qolgan yo‘llardagi ta'mirlash ishlari 2020 yil 1 choragi davomida yakunlanishi rejalashtirilgan», - deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid