Kurmanov: «Ertangi saylov xalq haqiqiy deputat va populistni tanib olishi uchun muhim»
MDH parlamentlararo assambleyasi bosh kotibi rahbarligidagi missiya saylovlarni kuzatish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
22 dekabr kuni vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatish uchun Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi parlamentlararo assambleyasi bosh kotibi Dmitriy Kobitskiy rahbarligida 37 nafar vakil tashrif buyurdi.
Dmitriy Kobitskiyning ma'lum qilishicha, O‘zbekistonda saylov bilan bog‘liq barcha jarayonlar MDH parlamentlararo assambleyasi vakillari tomonidan monitoring qilib borilgan, xalqaro standartlarga muvofiqligi o‘rganilgan. Mazkur monitoring yakunlari bo‘yicha yuridik xulosa vakillarni qabul qilgan senator Alisher Kurmanovga taqdim etildi.
“O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni butun dunyo hamjamiyati, biz ham kuzatib boryapmiz. Ijobiy yangiliklar ko‘p. Yangi tarkibda shakllanadigan parlamentning missiyasi shuki, bu o‘zgarishlari davom ettirishda ular asosiy tashabbuskor bo‘lishi lozim”, ─ deydi bosh kotib Dmitriy Arkadevich.
Senator Alisher Kurmanov O‘zbekistonda siyosiy jarayonlarga medianing ta'siri haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
“Yaqinda saylovlarni o‘tkazgan Buyuk Britaniyada ham media va ijtimoiy tarmoqlarning siyosiy jarayonlarga ta'siri sezildi. O‘zbekiston ham bu holdan mustasno emas. Telegram messenjerining o‘zi ham katta media platformaga aylangan. Yuzlab kanallar, bloglar bor unda. Bu siyosiy partiyalar o‘z tashviqotini qanday va qayerda olib borishi kerakligini ko‘rsatib berdi”, ─ deydi u.
Shuningdek, senator O‘zbekistondagi saylovlar uchun yangilik bo‘lgan siyosiy debatlarga ham munosabat bildirdi.
“Siyosiy debatlar tendensiyasining kirib kelishi oq-qora televizorga o‘rgangan odamning rangli televizorni ko‘ra boshlashiga o‘xshaydi. Taassurot ham xuddi shunaqa. Juda jiddiy masalalarda muhokamalar bo‘ldi, deputatlar kerakli javobni bera olmay qolgan vaziyatlarni ham ko‘rdik. Bu kerakli o‘zgarish. Partiyalar shunaqa tarzda moslashib boradi. Debatlarning, saylovning xalq uchun ham ahamiyati katta. Bu xalq muammo uchun chindan jon kuydiradigan haqiqiy deputat va populistni tanib olishi uchun muhimdir”, ─ deya qo‘shimcha qildi Kurmanov.
Mavzuga oid
17:38
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
21:12 / 12.12.2024
MDH davlatlari havo hujumidan mudofaa birlashgan tizimini yaratadi
18:28 / 06.12.2024
Qirg‘izistondagi shaharda barcha jamoat joylari bepul Wi-Fi bilan ta’minlandi
16:39 / 26.11.2024