Turkiya Qoshiqchi ishi bo‘yicha ayblanuvchilarga chiqarilgan hukmdan qanoatlanmaganini bildirdi
Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining ishi bo‘yicha ayblanuvchilarga chiqarilgan hukm Turkiya kutganidek bo‘lmadi, ko‘plab savollar ochiq qoldi, deyiladi Turkiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Xami Oqso‘yning bayonotida.
Avvalroq Saudiya Arabistoni bosh prokuraturasi Qoshiqchini o‘ldirishda ayblangan besh kishi o‘lim jazosiga, yana uch kishi 24 yilga ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganini ma'lum qilgandi.
"Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining ishi bo‘yicha ayblanuvchilarga chiqarilgan hukm har tomonlama tergov va adolatli qaror chiqarilishini kutayotgan mamlakatimiz va jahon hamjamiyatining kutganlariga mutlaqo mos emas. Qurbonning jasadi qayerdaligi, qotillik buyurtmachilari va mahalliy yordamchilar kabi muhim savollar chetda qolib ketdi. Biz bu qotillikni tergov qilish doirasida Saudiya Arabistoni hukumati bilan huquqiy hamkorlikni kutamiz", - deyiladi unda.
Saudiya Arabistoni bosh prokuraturasi Saudiya hukumati ushbu qotillik avvaldan rejalashtirilmagan holda sodir etilganini ma'lum qilgan. Bu esa hukumatning avvalgi bayonotlariga mos kelmaydi.
Qirollikning Istanbuldagi bosh konsulxonasi konsuli jinoyat sodir etilgan vaqtda boshqa joyda bo‘lganini isbotlovchi dalillarni taqdim etgani bois aybsiz deb topildi.
Sudlanganlar orasida Saudiya taxti valiahdi Muhammad ibn Salmonning maslahatchisi Saud al-Qahtoniy yo‘q. Holbuki aynan u OAV tomonidan qotillik tashkilotchisi sifatida ko‘rsatilgandi.
Qotillikka aloqadorlardan biri sifatida ko‘rilgan mamlakat razvedkasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Ahmad al-Asiriy esa o‘tgan yili iste'foga chiqarilib, hibsga olingandi, ammo u dalillar yetarli bo‘lmagani sababli qo‘yib yuborilgan.
Saudiya Arabistoni hukumati tanqidchisi bo‘lgan Jamol Qoshiqchi AQShning Washington Post nashrida sharhlovchi sifatida ishlagan va 2017 yildan AQShda yashagan. 2018 yil 2 oktabr kuni u Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligiga hujjatlarni rasmiylashtirgani kirgach bedarak yo‘qolgan.
Avvaliga Saudiya Arabistoni hukumati jurnalistning o‘limi haqidagi xabarlarni rad etgan va u elchixonani sog‘ holda tark etganini bildirgandi. Keyinroq Saudiyadagi nashrlar Qoshiqchi elchixona hududida halok bo‘lganini tasdiqlovchi xabarlarni tarqatdi, ammo bu xabarlarda Qoshiqchining o‘limiga konsullik xodimlari bilan janjallashib qolgani olib kelgani aytildi.
Keyinroq rasmiy Ar-Riyod jurnalistning o‘limi qasddan sodir etilganini tan olishga majbur bo‘lgandi.
Istanbul prokuraturasi ma'lumotiga ko‘ra, Qoshiqchi konsullikda bo‘g‘ib o‘ldirilgan va uning jasadi bo‘laklarga bo‘linib, konsullik hududidan olib ketilgan. Shu vaqtga qadar uning jasadi qoldiqlari topilmagan.
Mavzuga oid
21:04 / 22.12.2024
Turkiyada tibbiy vertolyot shifoxona binosiga urilib, qulab tushdi
11:37 / 22.12.2024
O‘g‘rilikda ayblanib 4 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyadan O‘zbekistonga deport qilindi
20:38 / 20.12.2024
Erdo‘g‘an Suriya shimolidagi terrorchilarni zararsizlantirish vaqti kelganini aytdi
17:42 / 20.12.2024