O‘zbekiston | 14:00 / 24.12.2019
56090
9 daqiqa o‘qiladi

Yaponcha issiqxonalar va yaponlar hurmatiga sazovor vazir - Yaponiyaga safar taassurotlari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-20 dekabr kunlari Yaponiyaga rasmiy tashrifni amalga oshirdi.

Tashrif davomida ko‘plab shartnomalar imzolandi. Dunyodagi eng kuchli iqtisodiyotga ega bo‘lgan davlatlardan hisoblangan Yaponiya bilan aloqalar shubhasiz mamlakat rivojiga hissa qo‘shadi. Xo‘sh, Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi vaqtida qanday kelishuvlar imzolandi?

Yanada ko‘proq Isuzu...

Samarqanddagi avtomobil zavodi uzoq yillardan buyon samarali ishlab kelmoqda. 1999 yildan buyon avtobus va yuk avtomobillari ishlab chiqaradigan Samavto dastlab Turkiyaning Koc Holding kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlardi. 2006 yildan buyon korxona Yaponiyaning Isuzu kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Prezidentning Yaponiyaga tashrifidan so‘ng Samavto faoliyati yanada kengayadigan bo‘ldi. Isuzu Motors va «O‘zavtosanoat» Yaponiya tomoni avtomobilsozlik sohasiga yirik investitsiyalar jalb qilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Navoiy IES uchun kredit

Yaponiyada erishilgan muhim kelishuvlardan biri Navoiy issiqlik energiya stansiyasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Yaponiya bosh vaziri bu muhim kelishuv haqida OAV uchun brifingda aytib o‘tdi: «Biz uzoq yillardan buyon O‘zbekiston bilan elektr energetika sektorini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik qilib keladi. Biz Navoiy IESning 3-blokini qurish uchun kredit ajratishni ko‘zda tutganmiz».

«Navoiy IESni modernizatsiyalash» dasturi doirasida Navoiy IESda yuqori energiya samaradorligiga ega bo‘lgan uchinchi bug‘-gaz qurilmasini barpo etish uchun Yaponiya tomoni iyenada kredit ajratadi. Bundan tashqari, ajratilgan kreditlar mamlakatdagi boshqa IESlar uchun ehtiyot qismlar yetkazib berishga ham ishlatiladi. Uchrashuvlar davomida Yaponiya Navoiy-4 bug‘-gaz qurilmasi uchun kredit berishi muhokama qilindi.

Orolbo‘yi aholisi uchun 346 million iyena miqdorida beg‘araz yordam

Sindzo Abe Tokiodagi brifingda Yaponiya Orolbo‘yidagi ekologik murakkab vaziyat sabab bu hududdagi odamlarning hayot tarzini yaxshilashda o‘z hissasini qo‘shishni xohlayotganini aytdi. Bu kelishuvga ko‘ra, Yaponiya tomoni BMT bilan hamkorlikda Orolbo‘yi aholisining hayot tarzini yaxshilash uchun 346 million iyena (3,2 million AQSh dollari atrofida) pul ajratadi. Ya'ni, Yaponiya bu miqdordagi pulni BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi orqali O‘zbekistonga yo‘naltiradi. Bu pullar odamlarni toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, atrof muhitni yashillashtirish kabi uzoqni ko‘zlagan loyihalarga ishlatilishini kutish mumkin.

Rishtonda yaponcha issiqxonalar, Namanganda yapon futbol maktabi

Vodiy viloyatlari Yaponiyadan samarali kelishuvlar bilan qaytishdi. Xususan, Farg‘ona viloyati Rishton tumani Yaponiyaning Kioto prefekturasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Rishton tuman hokimi Sufxonjon Soliyev va Kioto prefekturasi Mayzuru shahri meri Tatami Ryozo kelishuv memorandumini almashishdi. O'z INT firmasi Yaponiya texnologiyasi asosida mahalliy sharoitga moslashgan issiqxona qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Namangan viloyati vakillari ham Tokioda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Yaponiya biznes forumida qatnashdi. Namangan viloyati hokimiyati vakillari Yaponiyaning «Vanfore Kofu» futbol klubi bilan shartnoma imzolashdi. Bu shartnomaga ko‘ra, «Vanfore Kofu» klubi Namanganda futbol maktabi ochishi mumkin. Shuningdek, «Vanfore Kofu» va «Navbahor» jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazib turishga kelishilgan.

Yaponiyaning BMT Xavfsizlik kengashiga kirishi

Uchrashuvlar davomida xalqaro maydondagi voqealar ham muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston Yaponiyaning BMT xavfsizlik kengashiga kirishini qo‘llashi ma'lum qilindi. BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a'zoligiga 5ta davlat kirgan. Bular Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh, Rossiya va Fransiya. Yaponiya esa yirik iqtisodiy derjava sifatida bu ro‘yxatga kirishni xohlaydi. Yaponiya tomoni bu borada O‘zbekistonning qo‘llab-quvvatlashini yuqori baholadi.

Ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish

Shubhasiz, kelishuvlar har ikki mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy ta'sir qilishi kerak. Bu borada tomonlar tomonidan soliq va bojxonaga oid kelishuvlarga erishishdi. «O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yaponiya Hukumati o‘rtasida bojxona ishlarida hamkorlik va o‘zaro o‘zaro yordam to‘g‘risidagi Bitim» har ikki mamlakat tadbirkorlari uchun qulay imkoniyatlar yaratadi. Ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risidagi Konvensiya ham eksportyor va importyorlar uchun qulaylik olib keladi.

Endi o‘zbeklar Yaponiyada qonuniy ishlashi mumkin

Yaponiya iqtisodiy jihatdan o‘ziga tinch mamlakat bo‘lgani uchun bu yerda ishlashni ko‘pchilik xohlaydi. Bunday insonlar O‘zbekistonda ham oz emas. Yaponiyada o‘tkazilgan biznes forum davomida mana shu borada ham muhim shartnoma imzolandi. O‘zbekiston tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov qo‘l qo‘ygan kelishuvga ko‘ra o‘zbekistonliklar endilikda Yaponiyada qonuniy ishlashi mumkin.

Yaponiya shu vaqtgacha 9ta mamlakat fuqarolariga o‘z hududida ishlashga ruxsat bergandi, endi bu ro‘yxatga O‘zbekiston ham qo‘shildi. O‘zbekistonliklar Yaponiyada ishlash uchun yapon tilidan test topshiradi. Testdan o‘tgach, ular qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlash, avtomobil ishlab chiqarish, elektronika mahsulotlarini ishlab chiqarish kabi sohalardan birida ishlashi mumkin.

Memorandumga ko‘ra, o‘zbekistonliklar xuddi Yaponiya fuqarolari kabi ishlash va ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega. Memorandum ijrosini O‘zbekiston tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yaponiya tomonidan esa mamlakat Adliya vazirligi qoshidagi immigratsion xizmatlar agentligi nazorat qiladi.

JICA va 3,5 milliard dollar

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga tashrifi davomida yapon xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Sinichi Kiaoki bilan ham uchrashdi. Bu tashkilot O‘zbekistondagi umumiy qiymati 3,5 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan turli loyihalarni moliyalashtirishi bo‘yicha kelishildi.

Yoshlik va g‘ayrat...

Sardor Umurzoqov

Yaponiyadagi uchrashuvlar vaqtida Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning harakatlari e'tiborni tortdi. U mahalliy ishbilarmonlar bilan yapon tilida ham, ingliz tilida ham muloqot qilgani tahsinga sazovor... Bu yosh vazir mezbonlarda ijobiy taassurot qoldirdi. Yosh kadrlar mamlakat uchun katta foyda berishi aynan Sardor Umurzoqov misolida ko‘rindi.

Uning birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov ham yaponcha chiqishlari bilan mezbonlarning hurmatiga sazovor bo‘ldi.

Laziz Qudratov prezidentlar bilan

Tokiodagi biznes forumdan so‘ng biz bilan suhbatda bo‘lgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki katta bankiri Kamola Mahmudova forumda O‘zbekiston tomonidan ko‘plab yoshlarning qatnashayotgani quvonarli hol ekanini alohida ta'kidladi. U yosh, dunyoqarashi keng va ko‘p tilda gaplashuvchi kadrlari bor mamlakat bilan hammaning ham ishlagisi kelishini ta'kidlab o‘tdi.

Aziz Voitov / Kun.uz

Darvoqe, O‘zbekiston banklari vakillari va Yaponiya ishbilarmon doirasi vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda qatnashgan «O‘zsanoatqurilishbank» ATB boshqaruv raisi Aziz Voitov ham o‘z chiqishi bilan mezbonlarda iliq taassurot qoldirdi.

Ilk marta...

Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi Kun.uz sayti uchun ham o‘zgacha ahamiyat kasb etdi. Mustaqil elektron OAV vakili ilk marta O‘zbekiston prezidentining xorijiy safarini yoritish imkoniga ega bo‘ldi. Bunday imkoniyat birinchi marta aynan Kun.uz ’ga berilgani tahririyat uchun quvonarli holat, albatta. Bu O‘zbekistonda OAVga to‘g‘ri baho berilayotgani, jurnalistika mamlakat rivojiga bevosita bog‘liq soha ekani e'tirof etilayotganidan darak. Bu nafaqat Kun.uz, balki boshqa internet saytlarning e'tirof etilishi desak, xato bo‘lmaydi. Umid qilamizki, bunday yaxshi ishlar davomiy bo‘ladi.

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid