Jamiyat | 23:40 / 26.12.2019
68221
15 daqiqa o‘qiladi

Saylovdagi soxtakorlik: Bektemirda nima bo‘lgan edi?

22 dekabr kuni Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga o‘tkazilgan saylovlar vaqtida ro‘y bergan qonunbuzilish holatlari birin-ketin ma'lum bo‘lmoqda. 25 dekabr kuni Kun.uz saytida Toshkent shahar Bektemir tumani 18-Visol saylov okrugidagi 105-saylov uchastkasida komissiya a'zolari tomonidan qutiga byulletenlar tashlanayotgani aks etgan video e'lon qilingan edi.

Ushbu holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazildi.

Hodisa guvohlaridan biri – O‘zLiDep partiyasidan Xalq deputatlari Bektemir tumani kengashi deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan Umid Xudoyberganovning vakolatli vakili Rahmatilla Ataxanov Kun.uz’ga saylov natijalarini soxtalashtirishga saylov uchastkasi mutasaddilari bosh-qosh bo‘lishganini ta'kidladi. Uning aytishicha, 22 dekabr kuni soat 19:40larda ularni «Adliyadan kelishdi» deb boshqa xonaga chaqirtirib olishgan, saylov uchastkasi a'zolari xonada esa qolgan. Rahmatilla Ataxanov xonaga qaytib kirishiga saylov uchastkasi raisi Muqaddas Ashirova yo‘l qo‘ymagan.

«Soat 19:20lar atrofida saylov uchastkasiga bordim. Ozroq o‘tirdik, keyin «Adliyadan Alisher degan odam keldi, hammamiz chiqarkanmiz, bizga gapi bor ekan», deyishdi. Hamma chiqsa saylov o‘tkazilayotgan xona ham qulflansa kerak degan o‘yda men ham chiqdim. Chiqqanimdan keyin e'tibor bersam, komissiya a'zolari ichkarida qoldi. Keyin ortga qaytdim va eshik oldida turgan uchastka raisidan «Ular chiqmaydimi?» deb so‘radim. «Yo‘q, ularning ishi bor», dedi u. Men ham komissiya a'zosi ekanligim, ichkariga kirmoqchiligimni aytsam, ichkariga o‘tkazmasdan eshik oldiga turib oldi. Muqaddas Ashirovadan hech bo‘lmasa eshikni ochib qo‘yishni talab qildim. Oradan 3-4 daqiqa o‘tgach istar-istamas eshikni qiya ochib qo‘ydi», deya hikoya qiladi Rahmatilla Ataxanov.

O‘zLiDePdan Xalq deputatlari Bektemir tumani kengashi deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan Umid Xudoyberganov bo‘lib o‘tgan voqealar bo‘yicha izoh berdi.

«105-saylov uchastkasida 22 dekabr kungi saylovda bir nechta qonunbuzilish holatlari bo‘lgan. Bu vaqtda men u yerda emasdim. Menga ma'lum qilishlaricha, adliyadan Alisher degan odam kelgan va kuzatuvchilarning beyjigini tekshirish maqsadida ularni alohida xonaga chaqirtirgan. Saylov komissiyasi rahbari Ashirova Muqaddas barcha partiyalarning kuzatuvchilari va nomzodlarning vakolatli vakillaridan saylov o‘tkazilayotgan xonadan tashqariga chiqishni talab qilgan. Vakillarimiz bunga qarshilik qilishgan, ammo ularni xonaga qayta kirgizishmagan. O‘sha vaqt ichida ular nima ishlar qilgani menga qorong‘i. Men bu holat yuzasidan Markaziy saylov komissiyasiga ham, Bosh prokuraturaga ham yozma ravishda murojaat qilganman», deydi Umid Xudoyberganov.

Bektemir tumani saylov komissiya a'zosi, ayni paytda tuman adliya bo‘limi rahbari Alisher Xatamov Kun.uz’da e'lon qilingan videodagi holatga aloqasi yo‘qligi, kuzatuvchilar boshqa xonaga chaqirib olingan vaqtda mazkur saylov uchastkasiga borgan shaxs o‘zi emasligini aytib, bu masalaga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar stenogramma bilan oydinlik kiritishi kerakligini ta'kidladi.

«Men o‘sha Alisher degan odamni ko‘rsatishlarini va u menga shaxsan sen kelgansan deb o‘zimga aytishini iltimos qilardim. Endi buni tergov organlari hal qiladi.

Shu o‘rinda bitta narsani aytib o‘tmoqchiman. Men Bektemir tumani saylov komissiyasi a'zosiman. Zuhra opa Haydarova komissiya raisi hisoblanadi. Biz tumandagi saylov okruglari va uchastkalaridagi barcha kamchiliklarni amaliy yordam berish yo‘li bilan bartaraf qilish, kuzatuvchilar bilan uchastka saylov komissiyalari o‘rtasida qonunbuzilish bo‘lsa, shunga qonuniy yechim topish masalasida barcha saylov okrug va uchastkalarini aylanib chiqdik. Kuzatuvchilarning ishiga aralashishga haqqimiz yo‘q. Saylov uchastkasi raisi ularni ro‘yxatga olgan, bu masalaga biz aralashmaymiz. Agarda o‘sha joyda tuman saylov komissiyasiga murojaat tushsa, chiqib turib, akt tuzilgan bo‘lsa, aktini olamiz. Bizga okrug raisi akt bilan murojaat qiladi. Saylov tugagandan keyin o‘sha masalaga oydinlik kiritadi. Tumanda 32ta saylov uchastkasi bo‘lsa, hech birida «Men adliyadanman» yoki «Adliya vazirligidanman, yig‘ilinglar hammang» deb aytmaganman ham, aytmayman ham», dedi u.

Alisher Xatamov «Kuzatuvchilar boshqa xonaga chaqirib olingan vaqtda o‘sha idoraga borgan shaxs siz emassiz-a?», deya berilgan takroriy savolimizga yana bir bor «Yo‘q!», deya javob qaytardi. U videointervyu berishga rozi bo‘lmadi (u o‘z yuzini ko‘rsatishni istamagani keyinroq ma'lum bo‘ladi).

105-saylov uchastkasi raisi Muqaddas Ashirova esa Kun.uz’da e'lon qilingan videoda ko‘ringan ayol o‘zi ekanini tasdiqladi.

«Bu voqea sodir bo‘lgan vaqtda xonadan chiqib ketgandim. Shahar saylov komissiyasidan va adliyadan kelib, kuzatuvchilarni boshqa xonaga chaqiring deyishdi. Men ularni chaqirib berdim. Adliyadan kim kelganini bilmayman, uni tanimayman», deydi u.

Alisher Xatamovning aytishicha, uni Bektemirda tanimaydigan odam yo‘q. Shu sababli, u Muqaddas Ashirovaning «Adliyadan kelgan odamni tanimayman» degan so‘zlari asossizligini aytdi.

«Meni Bektemirda hamma taniydi. Yuzimni, ko‘rinishimni. Chunki biz saylov arafasida ko‘p marta qabullar o‘tkazganmiz. Mening yuzimni judayam yaxshi tanishadi. Men adliyadanman desam tanimadim deyishi kulgili», deydi u.

Muqaddas Ashirova saylov uchastkasiga kelganlarning kimligini so‘rab o‘tirmaganini aytadi.

«Men shahar saylov komissiyasidan kelgan odamga [Bektemir tumani saylov komissiyasi raisi Zuhra Haydarova nazarda tutilmoqda – Kun.uz] ishondim. Shuning uchun ularning hujjatlarini so‘rab o‘tirmadim.

Xonadan kuzatuvchilar bilan birga chiqib ketganimdan so‘ng ichkarida sodir bo‘lgan ishdan oldindan xabarim bo‘lmagan. Ichkarida nimalar bo‘lgani aks etgan videoni o‘sha kuni menga deputatlikka nomzod Umid Xudoyberganovning vakillari ko‘rsatishdi. Videoni ko‘rganimdan keyin qizlardan nega bunday qilishganini so‘radim. Ular saylovda kam odam qatnashgani uchun saylovchilar sonini ko‘paytirishga urinishgani, saylov qutisiga bo‘sh byulletenlarni tashlashganini aytishdi», deydi u.

Zuhra Haydarova shu kuni kamida ikki marta ushbu saylov uchastkasida bo‘lganini tasdiqladi (aslida u kamida uch marta kelgan bo‘lib chiqdi).

«Bitta partiyaning kuzatuvchisida guvohnoma yo‘qligi uchun keldim. Uchastkalarni aylanib chiqqanimizdan keyin bilindi bu narsa. Meni to‘polon bo‘lyapti, u-bu deb chaqirishdi. Borganimda kechasi soat o‘ndan oshgandi. O‘ndan oldin ham bir marta bordik. Kunduzi bordik. Kechasi borganimiz yo‘q, nima qilaman borib?!», dedi u dastlabki javobida.

Zuhra Haydarova dastlab aytgan gaplarida kuzatuvchilar boshqa xonaga chaqirib olingan vaqtda (19:40-20:00 oralig‘i) u yerda bo‘lmaganini ta'kidladi. Biroq Kun.uz muxbirining savollariga javob berish asnosida u soat 19:40larda ham 105-saylov uchastkasiga borganini tan olib qo‘ydi.

«Soat 19:40larda borganimizda Ekologiya partiyasidan kuzatuvchi bo‘lib o‘tirgan qizning guvohnomasi bo‘lmagan. Uni chiqarib yuborib ketganmiz. U yerda boshqa narsaga biz aralashmaganmiz. Kuzatuvchilarni chaqirtirib olmaganmiz. Bitta qiz bilan gaplashib chiqib ketganmiz», dedi u.

Muqaddas Ashirova esa deputatlikka nomzod Umid Xudoyberganovning vakillari unga tahdid qilishganini aytdi.

«Ovoz berish jarayoni yakunlanib, protokol yozish uchun xonamga kirgan paytim 3 kishi ortimdan kirdi va eshikni qulflab, videoni ko‘rsatib, bu jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini aytib menga tahdid qilishdi. Shundan so‘ng menga kelishishni taklif qilishdi. Yo qamalasan yoki kelishamiz deyishdi. Men kelishishni rad etdim», deydi saylov uchastkasi raisi.

Bektemir tumani saylov komissiyasi raisi Zuhra Haydarova ham uning so‘zlarini ma'qulladi.

«Deputatlikka nomzod Umid Xudoyberganovning vakolatli vakillari saylov uchastkasi raisi bilan gaplashgan holatiyam bo‘lgan. Kelishamiz degan joylariyam bo‘lgan. Chunki ular menga chiqishdi. Men saylovda nomzodlar yetarlicha ovoz to‘play olmadimi, saylov o‘tmagan deb topilishi va takroriy saylov bo‘lishini aytdim. Qarorni chiqazib berdim», deydi Haydarova.

Umid Xudoyberganovning vakolatli vakili Rahmatilla Ataxanov esa kelishuv haqida suhbat bo‘lganini inkor etdi.

«Videoni men saylov uchastkasiga olib kelmadim. Qanaqadir bir ayol olib keldi, uni tanimayman. U kelib saylov uchastkasi raisiga «Singlim, siz ham ayol ekansiz, men ham ayolman. Buni qarang, bu nima degan narsa» deb aytdi. Keyin Zuhra degan ayol keldi. U kelib darrov akt tuzinglar dedi va Daniyadan odamlar kelgani, ular bilan uchrashishi kerakligini aytib chiqib ketishdi. Videoni qo‘limgayam olganim yo‘q. Kelishaylik deb aytmaganman», deyni nomzodning vakili.

105-saylov uchastkasi raisi Muqaddas Ashirova deputatlikka nomzod Umid Xudoyberganovning vakillari to‘polon ko‘tarib, saylov jarayoniga eng ko‘p xalal berishganiga urg‘u qaratdi.

Rahmatilla Ataxanov esa bularni rad etib, aksincha saylovdagi qonunbuzilish holatlariga jiddiy qarshilik ko‘rsatgani uchun saylov uchastkasi raisi uni xonadan chiqarib yuborish bilan po‘pisa qilganini bildirdi.

«Ovozlarni sanashda kichkina ko‘chma saylov qutisini ochishdi. Men avval ishlatilmagan byulletenlarni sanaylik dedim. Muqaddas Ashirova meni haydab chiqarib yuborishini aytdi. Men esa gapimda turaverdim. Shundan so‘ng u saylov uchastkasi a'zolariga ishlatilmagan byulletenlarni sanashga ko‘rsatma berdi, lekin bu jarayondayam ko‘plab qonunbuzilishlar bo‘ldi. Byulletenlar soni barobar emasligi va boshqa e'tirozlarimni inobatga olishmadi. O‘shandayoq uchastka saylov komissiyasi raisining harakatlari menda shubha tug‘dirdi», deydi Rahmatilla Ataxanov.

Kun.uz’ga taqdim etilgan hujjatlar okrug va uchastka saylov komissiyalarining ovozlarni sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalaridagi ma'lumotlar bir-biriga to‘g‘ri kelmasligini ko‘rsatmoqda.

Surishtiruv davomida Muqaddas Ashirova Zuhra Haydarova va Alisher Xatamov bilan yuzma-yuz uchrashishdan qochdi. U dastlab mashina yuborishni so‘radi, muxbirlar u aytgan manzilga borishganda esa qo‘ng‘iroqlarga va smslarga javob bermay qo‘ydi.

Rahmatilla Ataxanovning shubhalari keyinroq stolda qoldirib ketilgan kameraga tushib qolgan yozuvlar orqali oydinlashdi.

Qolaversa, unda 25 dekabr kuni internetda tarqalgan videodan boshqa yana bir video bor edi. Bu video borligidan bexabar bo‘lgan mas'ullar esa turli yolg‘on-yashiqlarni to‘qib chiqarishdi.

Tuman adliya bo‘limi rahbari Alisher Xatamov yuqorida yolg‘on gapirgandi – u o‘sha voqea sodir bo‘lgan vaqtda o‘sha saylov uchastkasiga borgandi.

Qolaversa, uning yonida tuman adliya bo‘limining umuman saylovga aloqador bo‘lmagan xodimi ham bo‘lgan. Ikkinchi videoda kuzatuvchilar va nomzodlarning vakolatli vakillari boshqa xonaga chaqirib olingan vaqtda ular saylov bo‘layotgan xonaga kirib-chiqib yurganini, Bektemir tumani saylov komissiyasi raisi Zuhra Haydarova ularga hamrohlik qilganini ko‘rish mumkin.

Alisher Xatamov endiyam o‘sha saylov uchastkasiga borganini inkor etishda davom etadimi? Saylov uchastkasi raisi va tuman saylov komissiyasi raisi endi nima deydi? Adliya vazirligi bu holatga qanday munosabatda bo‘ladi?

Eslatib o‘tamiz, 25 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Bektemir tumani 18-Visol saylov okrugidagi 105-saylov uchastkasida ro‘y bergan holat videosiga munosabat bildirib, ushbu holat o‘rganilgani, to‘plangan materiallar huquqiy baho berish uchun prokuratura idoralariga taqdim qilinganini ma'lum qilgan edi.

Jamshid Niyozov
Kun.uz muxbiri

Muhammadjon G‘aniyev
Kun.uz tasvirchisi

 

UPD: Markaziy saylov komissiyasi ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar saylov komissiyasi, Bektemir tuman saylov komissiyasi va prokuratura organlari bilan birgalikda amalga oshirilgan o‘rganish ishlar natijasi to‘g‘risida ma'lumot berdi:

O‘rganish natijasiga ko‘ra 105-uchastka saylov komissiyasining 22 dekabrdagi saylov natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari bekor qilindi va haqiqiy emas deb topilgan.

Mazkur saylov uchastkasi bo‘yicha saylov natijalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 141-Temiryo‘lchilar va Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 8-Suvchi shahar okrug saylov komissiyalarining tegishli okruglar bo‘yicha saylov natijalariga ta'sir qilmasligi inobatga olingan.

Bektemir tumani saylov komissiyasi tomonidan 18-Visol saylov okrugida 2020 yil 19 yanvar kuni takroriy saylov o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Shuningdek, tuman saylov komissiyasi tomonidan 105-uchastka saylov komissiyasining tarkibini almashtirish ishlari ham amalga oshiriladi.

Prokuratura organlari tomonidan ushbu holatga huquqiy baho berish uchun surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid