O‘zbekiston | 15:50 / 27.12.2019
12693
5 daqiqa o‘qiladi

SSV: Donor bo‘luvchi qarindoshlar ro‘yxati kengaytirildi

O‘zbekistonda donor bo‘luvchi qarindoshlar ro‘yxati kengaytirildi, shuningdek, transplantatsiya amaliyoti bilan shug‘ullanadigan tibbiyot muassasalari ham ko‘paydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayevning telegramdagi kanalida xabar berdi.

«Avval transplantatsiya yordamiga muhtoj bemorlar ro‘yxati kengayib borayotgani, bundan tashqari, so‘nggi ikki yil davomidagi amaliyot shuni ko‘rsatdiki, donor sifatida belgilangan yaqin qarindoshlarning cheklangan doirasi ham amaldagi qonunchilikka o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo qilayotgani haqida xabar bergan edik.

Joriy yil 25 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Aholi salomatligini muhofaza qilish yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba'zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, surunkali buyrak va jigar kasalliklarining terminal bosqichlarida bo‘lgan holatlarda qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish va aholi salomatligini muhofaza qilishni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 oktyabrdagi «Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida»gi qarorga qator o‘zgartishlar kiritildi.

Endilikda, tirik qarindosh donorlar qonunchilik asosida o‘zaro birinchi, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi darajada qarindosh bo‘lgan shaxslar o‘rtasida bo‘lishi mumkin. Bunda bolalar ota-onasiga nisbatan birinchi;

Nevara bobosi va buvisiga nisbatan, shuningdek, aka-uka va opa-singillar – ikkinchi;

Evara katta bobosi va katta buvisiga nisbatan, shuningdek, tog‘a va amaki, ammo va xola o‘z jiyanlari bilan uchinchi;

Tog‘avachcha, amakivachcha, ammavachcha va xolavachchalar esa to‘rtinchi darajadagi qarindosh hisoblanadi. Shunga ko‘ra, yuqoridagi hujjatda «Yaqin qarindoshlar» so‘zlari «qarindoshlar» so‘zlari bilan almashtirildi.

Shuningdek, Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida tuzilgan nikoh asosida kamida uch yil birgalikda yashagan er-xotinlar va ularning yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan barcha qarindoshlari, shuningdek, o‘gay aka-uka va opa-singillar hamda uch yil muddat oldin qonunchilikda belgilangan tartib asosida farzandlikka olingan bolalar (farzandlikka oluvchi ota-onalari bilan o‘zaro) tirik qarindosh donorlar bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga endilikda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan qatorda, U.Xolmuratov nomidagi respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand hamda Xorazm ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari ham transplantatsiya amaliyotlarini bajarish vakolatiga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlarida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagi transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazish uchun retsipiyent (donor bilan) shifoxonaga yotqizish va tibbiy yordamni tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ga muvofiq amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ikki yil davomida Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazida 230dan ortiq buyrak, 6ta jigar, Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazida esa 68ta buyrak transplantatsiyasi operatsiyalari o‘tkazilib, jami 300 nafardan ziyod fuqarolarimizning yuqori texnologik operatsiyalar uchun xorij davlatlariga borishining oldi olindi», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid