O‘zbekiston | 17:53 / 28.12.2019
19280
3 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta'lim tizimida faoliyat yurituvchi erkaklar statistikasi ma'lum qilindi 

Agreppina Shin / Foto: KUN.UZ

Bugungi kunda maktabgacha ta'lim tizimida faoliyat yuritayotgan erkaklar 3,4 foizga teng. Viloyat miqyosidagi rahbarlar 50 foiz, tuman miqyosidagi rahbarlar 30 foizni tashkil etadi. Maktabgacha ta'lim muassasalari rahbarlarining 103 nafari erkak kishi (0,1 foiz). 9 nafar erkak tarbiyachi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bu haqida Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin Senatda Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi yig‘ilishida ma'lum qildi. 

“Gender bo‘yicha tarbiya – ijtimoiy nazorat qilsa bo‘ladigan jarayon. Shu nuqtayi nazardan barchamiz [unda] ishtirok etishimiz lozim. Kecha (prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida - tahr.) o‘qishga kirish jarayonlarida qizlarga kvotalar ajratish, imtiyozlar berish kerakligi haqida ko‘p gapirildi. Maktabgacha ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha erkaklar uchun ham muayyan kvotalar berilishi kerak ehtimol. Bilamizki, eng yaxshi pedagoglar – erkaklar. Chunki ular dastlab aql, keyin esa yuragi bilan ish ko‘radi.

“Maktabgacha ta'lim farzandlarimizning rivojlanishida eng muhim bosqich. Aynan bu yerda bolaning nafaqat fiziologiyasi, eng muhimi psixikasi shakllanadi va keyingi faoliyatiga ta'sir ko‘rsatadi”, - deya Agrippina Shinning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Sohada gender siyosatini olib borish uchun zaruriy sharoitlarni yaratish asosiy muammo ekanini aytib o‘tdi.

“Maktabgacha ta'lim muassasalariga qatnaydigan bolalarning 52 foizi o‘g‘il bolalar. Afsuski, maktabgacha ta'limda gender bo‘yicha tarbiya erkaklar ishtirokisiz kechyapti”, - deya qo‘shimcha qildi u.

Bunga javoban Senat raisi Tanzila Norboyeva erkaklarning oilasi, onasi, opa-singlisi, begona ayollar, bo‘lajak rafiqasiga munosabati kichik yoshidan shakllanishi, aynan shu qadriyatlar maktabgacha ta'lim muassasasida shakllantirilishi kerakligini aytib o‘tdi va maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shinga gender, kvotalar, yangi kurslar tashkil etish bo‘yicha masalalarni Gender tenglikni ta'minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi kun tartibiga olib chiqishi kerakligi haqida topshiriqlar berdi. 

Mavzuga oid