Jamiyat | 13:32 / 28.12.2019
6430
3 daqiqa o‘qiladi

Tanqidga munosabat: «Porloq» ko‘chasiga simyog‘ochlar o‘rnatildi

Kun.uz saytida to‘rt kun avval 24 dekabr kuni Andijon viloyati, Andijon tumani, «Zangibobo» MFYdagi Porloq ko‘chasida mavjud elektr ta'minotidagi muammolar haqida tanqidiy maqola berilgan edi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ maqolada keltirilgan kamchiliklar o‘rganib chiqilgani, kamchiliklar bartaraf etilayotgani bo‘yicha ma'lumot taqdim etdi.

«Joriy yilning 24 dekabr kuni Kun.uz axborot sayti orqali Andijon tumani, «Zangibobo» MFY Porloq ko‘chasida yashovchi aholi xonadonlaridagi elektr energiyasi ta'minotida muammolar borligi bo‘yicha «Buning nimasi Porloq ko‘cha?» – Andijon tumanidagi bolalar faqat kunduzi dars tayyorlaydigan mahalla» sarlavhali tanqidiy maqolasi e'lon qilindi. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan xabarda ko‘tarilgan vaziyat o‘rganildi hamda vaziyatga oydinlik kiritib shuni ma'lum qiladi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu ko‘cha P/S Oxunboboyevdan chiquvchi Qurama elektr uzatish tarmog‘iga ulangan 1151/250-sonli transformator punkti orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanadi. Mazkur hudud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ 2661 qarori bo‘yicha 2020 yil Davlat dasturga kiritilgan bo‘lsa-da jamiyat Boshqaruv raisining topshirig‘iga asosan joriy yilda loyiha ishlari tugatilishi belgilandi.

Jamiyat boshqaruv raisining topshirig‘iga asosan «Andijon HETK» AJ bosh direktori A.Jo‘rayev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan kamchiliklar o‘rganib chiqildi va  «Zangibobo» MFY Porloq ko‘chasiga yangi zamonaviy 14 dona SV-105 beton tayanchlar olib kelindi. Maxsus texnikalar yordamida 9 dona beton tayanch o‘rnatildi. Ushbu ishlar natijasida aholi xonadonlari elektr ta'minoti yaxshilanishi va sifatli energiya ta'minoti yangi yil bayramiga munosib sovg‘a bo‘lishi uchun  ishlar jadal tarzda davom etmoqda.

Shu o‘rinda, hududda mavjud kamchiliklarga befarq bo‘lmagan Kun.uz axborot saytining jonkuyar jurnalistlariga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz», deyiladi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid