Sport | 14:02 / 29.12.2019
165927
11 daqiqa o‘qiladi

17 yil oldin g‘oyib bo‘lgan iqtidor: Turkiya, Barselona va Amerikani zabt etgan mashhur sportchi o‘zbekistonlik edi

Foto: Noah Graham/NBAE via Getty Images

2002 yil, iyun. O‘zbekiston, Buxoro.

Aynan ushbu sanagacha bo‘lgan muddat davomida buxorolik yosh basketbolchi Arsen Ilyosov basketbol bo‘yicha O‘zbekistonda tashkil etilgan qator turnirlarda ishtirok etib, iqtidori, jismoniy ko‘rsatkichlari bilan ko‘pchilik nazariga tushgandi.

Uning tengdoshlari orasidan yarq etib chiqishi, milliy basketbolning yangi kelajagi sifatida e'tirof etishga zamin yaratardi. Biroq, eng umidli yoshlardan biri 17 yil muqaddam to‘satdan yo‘qoldi. Musobaqalarda ham yo‘q, xullas, uni hech qayerdan topib bo‘lmaydi. Sirli ravishda g‘oyib bo‘lganidan ko‘p vaqt o‘tmay uni deyarli barcha unutib yubordi.

Oradan 17 yil o‘tdi…

Internetda tasodifan NBA (Milliy basketbol assotsiatsiyasi) yulduzi - Ersan Ilyasovaga (Ersan Ilyasova) ko‘zim tushdi. Bu ism-sharif ancha tanish ko‘ringach, uning tarjimai holi va faoliyati haqida qiziqa boshladim.

Ersan Ilyasova. U kim?

Ersan Ilyasova – bugungi kunda NBA yulduzlaridan biri. 208 santimetr bo‘yga ega sportchi Turkiya milliy jamoasi va Amerika muntazam chempionati ishtirokchisi bo‘lgan «Miluoki Baks» klubi hujumchisi. U sportdagi professional faoliyatini 2004 yilda Turkiyaning «Ulkerspor» klubida boshlagan, 2005 yilda u Oklahoma shtatining «Tulsa Chers» jamoasiga qo‘shilgan, keyinroq katta mablag‘ evaziga «Miluoki Baks» a'zosiga aylangan, Ispaniyaning «Barselona» klubi sharafini ham himoya qilib, Yevroligada ajoyib natijalarni qayd etgan.

Arsen Ilyosov – Ersan Ilyasova. Bog‘liqlik bormi?

Ersan Ilyasova haqida ma'lumotlar to‘plab borar ekanman, «bu basketbolchi nahot, o‘sha buxorolik umidli sportchimiz bo‘lsa?» degan fikr xayolimni egallardi. Mashhur basketbolchining faqatgina ism-sharifigina 17 yil muqaddam g‘oyib bo‘lgan umidli basketbolchimizning nomiga o‘xshash edi, lekin ich-ichimdan o‘sha o‘zimiz yo‘qolgan o‘spirin yigitcha, bugun mashhur basketbolchiga aylangan Ersan Ilyasova ekaniga o‘zimni ishontirishni xohlardim.

Bu yo‘lda o‘tgan yillar davomida nomdor basketbolchining tarjimai holi va qator ma'lumotlarni izlashga tushdim.

Barcha ma'lumotlarda Ersan Ilyasova 1987 yil 15 may kuni Turkiyaning Eskishehir shahrida tavallud topgani qayd etilgan. Basketboldagi faoliyatini ham aynan o‘sha shaharning mahalliy «Yashilyurt» klubida boshlagan. Keyinchalik esa uning iqtidor va mahoratini kuzatgan mutaxassislar kuchli klublarga taklif etishgan va u boshqa kuchli jamoalarda ham muvaffaqiyatli ishtirok etgan va bugungi kunga kelib NBA yulduzlaridan biriga aylangan. Bu ma'lumotlardan xulosa qilish mumkin ediki, turkiyalik Ersan Ilyasova — Arsen Ilyosov emas.

Puaro izidan...

Detektiv romanlarning aksariyatida kichik detallar kalava uchiga aylanadi. Qiziq holatki, har bir detektiv filmda mavhumlik bilan tugayotgan sahna asariga kichik bir fakt yoki e'tiborsizdek ko‘ringan detal oydinlik kiritganidek, Ersan Ilyasova haqida bo‘lgan bitta ma'lumot yakunsiz qolishga yaqin qolgan maqolamizga ulkan va uzun mazmun bag‘ishladi.

Bu qanday ma'lumot ekan deysizmi? Bu — yo‘q ma'lumot edi. Ya'ni, o‘sha bugungi kundagi mashhur basketbolchi Ersan Ilyasovaning bolaligi, o‘spirinligi, yoshligi haqida Turkiyada ham, Ispaniyada ham, Amerikada ham hech qanday ma'lumot yo‘q! Hujjatlarda u Eskishehir shahrida tug‘ilgani yozilgani bilan, uni o‘sha shaharda qog‘ozda ko‘rsatilgan yashash joyida 15 yoshigacha hech kim tanimagan. Ma'lumotlar shuni tasdiqladiki, bugungi kunda Turkiya fuqarosi bo‘lmish Ersan Ilyasova aslida Turkiyada tug‘ilmagan va yaqin 15 yil oldin uni Turkiyada hech kim tanimagan va birorta ham hujjatda uning ism-sharifi qayd etilmagan edi.

Xulosa qilish mumkinki, bugungi kundagi taniqli basketbolchi Ersan Ilyasova aslida Buxorodan chiqqan Arsen Ilyosovdir. Xo‘sh, umidli basketbolchi o‘z vaqtida Turkiyaga qanday borib qolgan?

3 yilga yosharish va «turkiyalik»ka aylanish

Keling, aslida nima bo‘lgani va Arsen Ilyosov qanday qilib Turkiyaga borib qolgani haqida so‘zlashdan oldin u haqida haqiqiy ma'lumotlarni keltirsak. Arsen Ilyosov 1984 yilda Buxoro shahrida Iraliya Ilyosova va Anvar Ilyosov oilasida tug‘ilgan. Bolaligidan basketbolga qiziqqan bo‘lajak basketbol yulduzi o‘spirinlik davridan boshlab ushbu sport turi bilan jiddiy shug‘ullana boshlagan. U 11 yoshida Buxorodagi sport maktabida tahsil olishni boshlaydi, 2000-yillardan esa murabbiyi Igor Burnashev qo‘l ostida Buxoro va yurtimiz bo‘ylab tashkillashtirilgan qator viloyat va respublika musobaqalarida qatnashib, bir necha marta g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Navbatdagi musobaqaga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bir paytda esa Arsen Ilyosovni topib bo‘lmaydi...

Ma'lum bo‘lishicha, yosh sportchi O‘zbekistondagi xalqaro musobaqalarda ishtiroki vaqtida turkiyalik mutaxassislar nazariga tushgan va ular 18 yoshli Arsenga Turkiyada o‘zini sinab ko‘rishni taklif etib, uni o‘zlari bilan Turkiyaga olib ketishgan. Sportchi dastlab uncha kuchli bo‘lmagan «Yashilyurt» klubida faoliyat boshlab, tez orada kelajagi porloq basketbolchi ekanligini namoyon etadi. Nafaqat Turkiyaning grand basketbol klublaridan, balki okeanortidagi superklublardan ham ajoyib takliflar kelavergach, turkiyaliklar o‘zbekistonlik basketbolchini Turkiya fuqarosiga aylantirishadi. Arsen Turkiyaga yo‘l olganidan uch oy o‘tib, 2002 yilning 19 sentyabrida turkiyalik Semchitin Bulut o‘zining 15 yoshli o‘g‘li borligi va uni shu vaqtgacha ro‘yxatdan o‘tkazmaganini aytib, «o‘g‘li»ga Turkiya fuqarolik pasportini olib beradi. Turk ishbilarmonlari Arsen Ilyosovning ism-sharifiga o‘zgartirish kiritib, yoshini ham qisqartirishadi: aslida 1984 yilda Buxoroda tug‘ilgan Arsen Ilyosovning yoshi hujjatlarda 3 yilga yosharib, u 1987 yilda Turkiyaning Eskishehir shahrida tug‘ilgan Ersan Ilyasovaga aylanadi.

Turkiya – AQSh - Ispaniya

Osonlik bilan «turkiyalik basketbolchi»ga aylangan Ersan Ilyosova va uning agentlari qator takliflarni ko‘rib chiqishni boshlaydi va «Ulkerspor» chaqiruvini qabul qilishadi. U bir yil mobaynida mazkur klub sharafini himoya qildi. Shundan so‘ng, Amerika klublari e'tiboriga tushgan sportchi «Tulsa» jamoasida o‘ynay boshlaydi. Bu vaqtda Ersan Turkiya yoshlar jamoalaridan (U-18, U-20) ham taklif oladi. Aslida esa 3 yoshga «o‘qlangan» Ersan yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda qoidaga zid ravishda qatnashgan. 2006 yilda u Turkiya milliy jamoasi bilan Izmir shahrida o‘tkazilgan Yevropa chempionatida o‘zining bor mahoratini ko‘rsatib, Turkiya bilan kumush medallarga sazovor bo‘ladi. Qolaversa, o‘sha mavsumda FIBA tomonidan «Yilning eng yaxshi yosh basketbolchisi» nomini ham qo‘lga kiritadi. Bu orada AQShning «Miluoki Baks» klubi seleksionerlari bu sportchini ko‘z ostilariga olib qo‘yishgandi va Arsen ko‘p o‘tmay olti xonali raqamlardan iborat mablag‘ evaziga «Miluoki Baks»ning yangi a'zosiga aylanadi.

Ammo «Miluoki»da uning omadi chopmagach, Yevroligada ishtirok etuvchi Ispaniyaning nomdor «Barselona» unga Yevropada o‘zini sinab ko‘rishni taklif etadi.

«Barselona»ning o‘zbekistonlik yulduzi

Amerikadagi muvaffaqiyatsiz mavsumidan keyin Ersan Yevropaga qaytib, 2007 yilda «Barselona» klubi prezidenti Joan Laporta bilan shartnoma borasida kelishib oladi. E'tiborlisi, «Barselona» safidagi ilk uchrashuvlaridanoq Ersan jamoasining g‘alabalariga katta hissa qo‘shadi va tez orada haqiqiy yetakchiga aylanadi. Ispaniya chempionati va Ispaniya Kubogidagi «Barselona»ning g‘olibona yurishidan keyin Kataloniya klubi rahbariyati jamoa oldiga Yevroligada g‘olib bo‘lish vazifasini qo‘yadi. Bir yillik faoliyati davomida kataloniyaliklarning eng asosiy o‘yinchisiga aylangan Ersan Ilyasovaga yana NBA klublaridan takliflar kela boshladi. Bu orada buxorolik basketbolchi «Barselona»ni tark etishidan xavfsiragan Joan Laporta unga o‘sha davr uchun misli ko‘rilmagan shartnomani taklif etadi. Kelishuvga asosan Ersan Ilyasova Yevropaning eng serdaromad basketbolchilaridan biriga aylanib, ikki mavsum uchun 5 million dollar mablag‘ ishlab olardi. Taqqoslash uchun, o‘sha vaqtda Yevropada faqatgina Moskvaning TsSKA klub basketbolchilari Shishkauskas va Papalukas shuncha daromad qilardi.

Ersan uchun sarflangan mablag‘lar o‘shanda Ispaniya matbuotining bosh mavzularidan biriga aylangan, lekin Ersan o‘zi uchun sarflangan millionlarni oqlagandi. Hujumchi har bir o‘yinda jamoasi hisobiga 20-30 ochkoni yozib qo‘yardi. U ichki musobaqalardan keyin «Barselona» bilan Yevroligada ham munosib ishtirok eta oldi. Yevropa basketbolida qator muvaffaqiyatlarga erishgach, Ersan yana okeanortiga, aslida qanday kuchga ekanini isbotlash uchun NBA chempionatiga qaytishga qaror qildi. 2009 yilda sobiq jamoasi «Miluoki»dan yana taklif tushgach, «Barselona»ni tark etdi va Amerikaga yo‘l oldi. Bu tashrif - omadli qaytish edi.

Amerika basketboli faxri

Ersan Ilyasova hozirda Amerikada istiqomat qiladi. U Nyu-York, Los-Anjyeles kabi shaharlarda tijoriy mol-mulkga ega. Ersan 10 yillar oldin ota-onasini Buxorodan Qrimga ko‘chirgan bo‘lsa, keyinchalik ularni ham okeanortiga taklif etadi.

Eng qizig‘i, Amerikada haligacha Ersan Ilyasova aslida 1984 yilda O‘zbekistonda, Buxoroda tug‘ilganini ko‘pchilik bilmaydi. Hozirda basketbolchi «Miluoki» yetakchisi, NBA’ning ko‘p yillik yulduzi, eng serdaromad «gulliverchi»laridan biri sanaladi. Bugunga kelib, Ersan Ilyasova Amerika milliy basketbol ligasining faxri hisoblanadi. Turkiyaliklar ham Ersan Ilyasova bilan har doim faxrlanishadi...

 Usmon Ibodov

Mavzuga oid