Jahon | 19:11 / 02.01.2020
12449
2 daqiqa o‘qiladi

Livan Interpoldan Nissan sobiq rahbarini hibsga olish uchun order oldi

Livan Interpoldan Nissan avtokonserni sobiq rahbari Karlos Gonni hibsga olish uchun order oldi. Bu haqda mamlakat adliya vaziriga tayanib Daily Star nashri xabar berdi.

31 dekabr kuni Fransiya, Braziliya va Livan fuqaroligiga ega bo‘lgan Gon Livanga kelgani ma'lum bo‘lgandi.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Karlos Gon Yaponiyani 30 dekabrda tark etishga muvaffaq bo‘lgan. Uning Tokiodagi uyiga yollanma shaxslar guruhi yangi yil bilan tabriklash bahonasida musiqachilar ko‘rinishida kirib, uni musiqa asbobi g‘ilofida olib chiqib ketishgan. Yaponiya xavfsizlik xodimlari shubhali hech narsa sezishmagan.  

So‘ngra Gon kichikroq aeroportga olib borilib, u yerdan Turkiyaga, so‘ngra xususiy samolyotda Livanga uchib ketgan.  

Ma'lum qilinishicha, Livanda Gon prezident Mishel Naim Aun bilan uchrashib, davlatdan xavfsizlik kafolatini olgan. Ta'kidlanishicha, Livan fuqaroligiga ega bo‘lgan Nissan’ning sobiq rahbari Livanda katta hurmatga ega. Bundan tashqari, Livan va Yaponiya o‘rtasida ekstraditsiya haqida kelishuv yo‘q. 

Yaponiyada moliyaviy firibgarliklarda ayblangan Gon 2018 yil kuzida hibsga olinib, 2019 yil martida garov puli evaziga ozodlikka chiqarilgan. Unga Yaponiyani tark etish va rafiqasi bilan muloqot qilish taqiqlangan edi. U Yaponiyada 80 mln dollarlik daromadni yashirishda ayblanmoqda.

Mavzuga oid