Iqtisodiyot | 17:28 / 03.01.2020
17421
4 daqiqa o‘qiladi

«Kompaniyalarga alohida imtiyozlar mutlaqo berilmasligi kerak» – Sardor Umurzoqov

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Kun.uz'ga bergan intervyusida sohadagi dolzarb masalalar, shuningdek alohida imtiyoz va preferensiyalarga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«O‘zbekistonda islohotlarni boshlaganimizga uch yil to‘lyapti. Undan oldin 25 yil, bilasiz, boshqacha tizimda yashadik. Undan ham oldin 70 yildan ko‘proq vaqt ma'muriy buyruqbozlik tizimida faoliyat yuritdik. Ya'ni bozor iqtisodiyoti nimaligini, raqobat nimaligini, shu kabi boshqa elementar tushunchalarni bilmay keldik.

Misol tariqasida aytaman, investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bilan ishlashda tizimli yondashuv 2019 yilga kelib tashkil qilindi. Ya'ni islohotlar ikki yil davom etgandan keyingina shunday tizim yaratish kerak, degan to‘xtamga keldik. Tizim yaratildi va biz mutlaqo yangicha yondashuv asosida ishlashni boshladik.

Masalan, shaffoflik haqida gapirdingiz. Hozir butun dunyo olqishlayapti – O‘zbekistonda tarixda birinchi marta muqobil energetika sohasida auksion o‘tkazildi. Unda BAAning Masdar kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Elektrenergiya tarifi arzonligini misli ko‘rilmagan rekord desak ham bo‘ladi, shundan keyin hatto qo‘shni davlatlarimiz ham bizga chiqib, «Nima qilyapsizlar, butun bozorni sindirib qo‘ydinglar-ku, narx bunchalik past?» deyishdi. Biz aytdik, mana – raqobat va shaffoflikning haqiqiy natijasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik.

Endi shunga o‘xshagan hamma loyihalarni faqat shu asosda amalga oshirishni o‘zimizga maqsad qilib qo‘ydik», – deydi vazir.

Uning fikricha, imtiyoz va preferensiyalardan voz kechish kerak.

«Albatta, imtiyoz va preferensiyalar bo‘lmasligi kerak. Imtiyoz-preferensiyalardan voz kechib, qonuniy sharoit yaratishimiz kerak. Bitta misol. Katta-katta investorlar kelsa, biz ular bilan investitsiyaviy shartnomaga qo‘l qo‘yaylik, deb kelishuv tuzamiz. Unda tomonlarning majburiyatlari yoziladi: u taraf nimani o‘z bo‘yniga oladi, hukumat tarafi uni nima bilan (imtiyoz va h.k.) ta'minlab beradi... Mening fikrim: biz hozir shunday yo‘nalishga tushib olishimiz kerakki, oqibatda bunaqa investitsiyaviy kelishuvlarga ham hojat bo‘lmasligi kerak.

Sodda, ijrosi oson, hamma uchun teng sharoit yaratadigan qonunchilik yaratish kerak. Bu qonunchilik, albatta, hayotga tatbiq etilib, ishlab ketishi kerak. Shaffof mexanizmlar joriy qilinishi kerak. Xohlagan investor kelib, qatnashib, tanlovda yutib, ishlab ketaverishi kerak. Hukumatning qo‘shimcha qandaydir kafolat-shartnomasiga qo‘l qo‘yishiga hojat bo‘lmasligi kerak.

Masalan, bu yilning o‘zida bizning sohamiz bo‘yicha juda muhim ikkita qonun qabul qilindi: «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida», «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida». Mana shu qonunlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi hujjatga aylantirishga harakat qildik. Ya'ni endi qonunosti hujjatlar, qarorlar, tartib-nizomlar qabul qilinmay, to‘g‘ridan to‘g‘ri shu qonun ishlaydigan qilib yaratishga harakat qildik. Keyingi yildan bu ham o‘zining natijasini berishi kerak.

Alohida imtiyoz, ayniqsa alohida kompaniyalarga, mutlaqo berilmasligi kerak. Bu – raqobat tamoyilini buzib, oqibatda butun iqtisodiyotga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan omil.

Ayrim uyushma-assotsiatsiyalarga eskidan qolgan imtiyozlar saqlanib qolyapti. Lekin birin-ketin bularni bekor qilishga o‘tyapmiz. Chunki raqobat birlamchi tamoyil bo‘lishi kerak», – deydi Sardor Umurzoqov.

Mavzuga oid