Mingbuloq hokimi xodimlarni haqoratlagani audiosi tarqaldi. U tuman xalqidan uzr so‘rashiga to‘g‘ri keldi
2 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga mansubligi ta'kidlangan audioyozuv tarqaldi.
Audioyozuvda tuman hokimi qo‘l ostidagilarni turli so‘zlar bilan haqoratlaganini eshitish mumkin.
3 yanvar kuni Namangan viloyati hokimligining Telegram’dagi kanalida ushbu holat yuzasidan bayonot berildi.
Unga ko‘ra, Mingbuloq tumani hokimi qattiq ogohlantirilgan, prokuratura qonuniy chora ko‘radi.
«Ijtimoiy tarmoqlarda Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga mansubligi ta'kidlanib tarqatilgan, haqoratli so‘zlar ishlatilgan holda olib borilgan muloqotning audioyozuvi yuzasidan Namangan viloyati hokimligi tomonidan Mingbuloq tumanida o‘rganish o‘tkazildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, viloyat hokimi o‘rinbosari Tohirjon Rapiqov, viloyat prokurori o‘rinbosari Shuhrat Qosimov ishtirokida Jomashuyda Mingbuloq tumani MMTP raislari, fermerlar, tuman faollari hamda oqsoqollar bilan muhokama yig‘ilishi tashkil etildi.
Uchrashuv chog‘ida Mingbuloq tumani hokimiga mansubligi ta'kidlanib tarqatilgan audioyozuv haqiqatan tuman hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga mansubligi aniqlandi. Audioyozuvda qayd etilgan muloqot 2019 yil 10 dekabr kuni tumandagi «Gigant» mashina saroyida «Gigant», «Gulbog‘-1», «Guliston» MMTP hududlariga kiruvchi fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida yuz bergani, tuman hokimining etikaga mos kelmaydigan so‘zlari texnikalarini kelgusi yil tayyorgarligi doirasida ta'mirlash uchun dislokatsiya bo‘yicha belgilangan saroyga olib kelmagan fermerlarga qaratilgani ma'lum bo‘ldi. Tuman hokimining bu boradagi topshirig‘i 2019 yil 5 noyabrda e'lon qilingani hamda texnikalarni to‘liq ta'mirdan chiqarishning so‘nggi sanasi 2019 yil 10 dekabr etib belgilanganiga qaramay, ba'zi fermer xo‘jaligi rahbarlarining bu topshiriqqa e'tiborsiz bo‘lgani yuzasidan muhokama o‘tkazgan tuman hokimi, muloqot chog‘ida haqoratli iboralardan foydalangani o‘sha yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan tasdiqlandi», deyiladi xabarda.
Yig‘ilishda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tuman hokimining bunday tarzda ishlashini keskin tanqid qilgan.
«Zo‘ravonlik siyosati, so‘king‘ochlik siyosati eski davrda qoldi. Hech kim birovni haqoratlashga, shaxsiyatiga tegishga haqqi yo‘q. Rahbar odam har ishni qonun doirasida bajarishi kerak. Agar hokimning qonuniy talabni bajarmaydiganlar bo‘lsa, ularga aynan qonun doirasida chora ko‘rilishi lozim, so‘kinish bilan ish tutib emas. Bugungi kun hokimi o‘z ishi bilan, so‘zi bilan, xulq-atvori bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi shart. Davlatimiz siyosati hokimlardan odamlarni rozi qilib, ularga mehr berib ishlashni talab etadi», deya ta'kidlagan viloyat hokimi.
Muhokama chog‘ida ishtirok etgan tuman oqsoqollari, MMTP raislari, tuman prokurori va IIB boshlig‘i tuman hokimi faoliyatida bunday holat avvaldan kuzatilmagani, biroq umumiy olganda sababi qanday bo‘lishidan qat'i nazar axloqqa zid bo‘lgan muloqot usulini keskin qoralashlarini qayd etishgan.
Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyev o‘zining vaziyatdan o‘ta pushaymonligini aytgan, yig‘ilganlardan hamda tuman xalqidan kechirim so‘ragan.
«Tuman hokimi sifatida bunday xatoga yo‘l qo‘yganim – bu mening aybim. Hayotda men uchun katta dars bo‘ldi. Haqiqatda pushaymonman. Barchadan ming bor uzr so‘rayman. Bunday holat umuman takrorlanmaydi deb va'da beraman. Bundan buyon faoliyatimda qonun ustuvorligini to‘la ta'minlayman», deya u o‘z aybini to‘liq tan olgan.
Nurshod Xudoyberdiyev viloyat hokimligi tomonidan qattiq ogohlantirilgan.
Viloyat prokuraturasi ushbu audioyozuv yuzasidan o‘rganish o‘tkazib, ma'muriy javobgarlik jihatini aniqlashi hamda qonuniy chora ko‘rishi belgilangan. Viloyat prokuraturasining qarori yuzasidan qo‘shimcha bayonot e'lon qilinishi kutilmoqda.
Ma'lumot uchun, 1983 yilda Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Nurshod Xudoyberdiyev 2019 yil martida Mingbuloq tumani hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi. 2004 yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini tamomlagan. Ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi agromuhandis. U mazkur tayinlovga qadar Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan.
Mavzuga oid
18:02
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
14:21 / 21.12.2024
Hokimlar va futbol. Yil boshidagi maqsad va xarajatga yarasha qanday natijaga erishildi?
13:25 / 14.09.2024
Namanganda mehmonga borgan ayolni terak bosib qolib vafot etdi
19:01 / 03.09.2024