Pentagondagilar Trampning Sulaymoniy bo‘yicha qaroridan hayron bo‘lishgan
Pentagon vakillarini AQSh prezidenti Donald Trampning eronlik general Qosim Sulaymoniyni yo‘q qilish haqidagi qarori hayron qoldirgan. Bu haqda Mudofaa vazirligi va AQSh prezidenti ma'muriyatidagi manbalariga asoslanib The New York Times nashri xabar tarqatdi.
Nashr suhbatdoshlari aytib berishicha, 27 dekabr kuni AQShning Iroqdagi harbiy bazasiga shia jangari guruhlari tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida bir necha amerikalik halok bo‘lgach, eronlik general Qosim Sulaymoniyni yo‘q qilish muhokama qilingan. Avvaliga 28 dekabr kuni, Tramp Sulaymoniyni o‘ldirishni ma'qullamagan va AQSh Harbiy-havo kuchlariga «Kataib Hizbulloh» guruhining Suriya bilan chegara yaqinidagi bazalariga hujum qilishni buyurgan. Bu hujum oqibatida 25 kishi halok bo‘lib, 50dan ortiq kishi jarohatlangan. Bu amerikaliklarning Bag‘doddagi elchixonasi oldida ommaviy namoyishlar uyushtirilishiga olib kelgan, bu voqealarni Tramp televizor orqali kuzatgan.
Ma'lum qilinishicha, Tramp yakunda radikal qaror qabul qilishi Pentagon rasmiylari uchun kutilmagan hol bo‘lgan. AQSh prezidenti 30 dekabr kuni kelib tushgan razvedka ma'lumotlarini e'tiborsiz qoldirgan, bu ma'lumotlarda Yaqin Sharqda e'tiborni tortadigan voqea kuzatilmagani, jumladan Sulaymoniy ham hech qayerga yo‘l olmayotgani haqida aytilgandi. Bundan tashqari, AQSh razvedkasi Eronning eng nufuzli generali AQSh harbiylariga keng ko‘lamli hujumlar uyushtirishni rejalashtirayotgani haqidagi ma'lumotni asosli deb topishmagan. Manbaning tasdiqlashicha, Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy Sulaymoniyga Amerikaga qarshi rejalarni amalga oshirishga ruxsat bermagan va kelgusi rejalarni maslahatlashish uchun Tehronga qaytishni taklif qilgandi.
Tramp Sulaymoniyning o‘ldirilishini bu paytda Rojdestvo ta'tillari sabab AQShning turli hududlarida bo‘lgan milliy xavfsizlik bo‘yicha bir necha nafar yuqori martabali maslahatchisi bilan rejalashtirgan. Ular himoyalangan aloqa liniyasi orqali muloqotda bo‘lgan.
Tramp maxfiylik nuqtayi nazaridan Kongressni rejalari haqida ogohlantirmagan. Shuningdek, bu haqda Milliy xavfsizlik vazirligi va xorijiy davlatlar rahbarlari ham bilmagan.
Amaliyotga tayyorlanish tor doiradagi maslahatchilar bilan muhokama qilingan, bu rejadan faqat davlat rahbarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Robert O'Brayyen, vitse-prezident Maykl Pens, Davlat kotibi Maykl Pompeo, Mudofaa vaziri Mark Esper, MRB direktori Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jin Hespel va Oq uy apparati boshqaruvchisi vazifasini bajaruvchisi Mik Malveni xabardor bo‘lgan. Maykl Pens va Maykl Pompeo Tehronga nisbatan qat'iy javob qaytarish tarafdori bo‘lishgan.
Pentagondagilar esa o‘tgan yil yozidagi voqealarni nazarda tutgan holda, Trampdan Sulaymoniyni jismonan yo‘q qilishga buyruq berishni kutmagan bo‘lishgan.
20 iyun kuni Eron qurolli kuchlari Amerikaning VMS RQ-4 rusumli uchuvchisiz uchish qurilmasini urib tushirgan, shundan keyin AQSh armiyasi Trampning farmoyishiga ko‘ra, Eron hududidagi uchta obektga zarba berish nazarda tutilgan harbiy amaliyotga tayyorlangandi. Ammo Amerika rahbari amaliyot boshlanishiga 10 daqiqa vaqt qolganida bitta dron bo‘lajak hujum oqibatlariga teng emas deb hisoblab, uni to‘xtatishga buyruq bergan.
Eslatib o‘tamiz, 3 yanvarga o‘tar kechasi Bag‘dodda Eronning tashqi siyosatidagi muhim figura, Yaqin Sharqdagi shia guruhlarini qo‘llab-quvvatlab kelgan, 20 yildan buyon Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus bo‘linmasi «Al-Quds»ni boshqargan general Qosim Sulaymoniy amerikalik harbiylarning aviazarbasi oqibatida halok bo‘ldi. Eronning BMTdagi doimiy vakili Majid Taxt-Ravanchi ushbu suiqasdni urush e'lon qilishga teng baholab, AQShdan buning uchun qasos olinajagini ma'lum qildi.
Donald Tramp amerikalik harbiylar Qosim Sulaymoniyni o‘ldirib, «urushni boshlamagani, balki tugatgani» haqida gapirgan.
«Sulaymoniyning terror hukmronligi yakunlandi. AQSh harbiylari dunyoning birinchi raqamli terrorchisini yo‘q qilgan juda aniq zarbani berishdi», dedi u Floridada Mar-a-Lagodagi qarorgohida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
«U amerikalik diplomatlar va harbiy xizmatchilarga dahshatli hujumlar tayyorlanayotgandi, ammo biz uni jinoyat joyida to‘xtatdik va yo‘q qildik», degan amerikanliklar prezidenti.
Mavzuga oid
08:05
Bayden Pentagonga Ukrainaga qurol yetkazib berishni tezlashtirishni buyurdi
13:22 / 13.11.2024
Pentagon hujjatlarini oshkor etishda ayblangan shaxs 15 yilga qamaldi
07:56 / 13.11.2024
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
20:42 / 09.11.2024