AQShning Turkmanistondagi elchixonasi amerikaliklarni xavfsizlik choralari bo‘yicha ogohlantirdi
AQShning Ashxoboddagi elchixonasi 4 yanvar kuni amerikalik fuqarolarni mintaqada keskinlik kuchayib borayotgani to‘g‘risida ogohlantirdi. Shu bois, elchixona fuqarolarga vaziyatni baholashda ehtiyotkor bo‘lish hamda kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ko‘rishni tavsiya qildi.
AQSh fuqarolariga odamlardan ajralmaslik va o‘ziga e'tibor jalb qilmaslik tavsiya etilgan.
AQSh elchixonasining ogohlantirishi Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashganidan so‘ng kuzatildi. Bu holat eronlik nufuzli general, Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Al-Quds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Amerika aviazarbasi oqibatida o‘ldirilganidan keyin ro‘y berdi. Aviazarba o‘tgan juma kuni erta tongda, Qosim Sulaymoniyning samolyoti Bog‘dodga kelganidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi. Eron general Sulaymoniyning o‘limi uchun AQShdan qasos olishga va'da berdi.
Shanba kuni Oq uy AQSh 82-havo desant diviziyasidan Yaqin Sharqqa 3000 askar yuborayotganini e'lon qildi. Reuters’ning Pentagonga tayangan holda xabar berishicha, bu qaror AQShga qarshi tobora kuchayib borayotgan xavf fonida ehtiyot chorasi sifatida qabul qilingan. Qo‘shinlar bu hafta 750 nafar amerikalik harbiy yetib kelgan Kuvaytga joylashtiriladi.
Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Trampning «Tvitter»da ma'lum qilishicha, agar Tehron general Qosim Sulaymoniyning o‘limi tufayli amerikaliklarga hujum qilsa, unda Qo‘shma Shtatlar «Eron uchun juda muhim bo‘lgan» 52ta obektga «juda tez va juda kuchli» zarba berishga tayyor turibdi.
Eron tashqi siyosatidagi bosh strategi, Islom inqilobi muhofizlari korpusining maxsus bo‘linmasi «Al-Quds» qo‘mondoni, amalda Eronda oyatulloh Ali Xominaiydan keyingi ikkinchi odam sanalgan Qosim Sulaymoniy 3 yanvar kuni Bag‘doddagi aeroport hududida amerikalik harbiylarning dron orqali bergan raketa zarbalari oqibatida halok bo‘ldi.
Hujum AQSh prezidenti Donald Trampning farmoyishiga binoan amalga oshirildi. U Sulaymoniy dunyoning birinchi raqamli terrorchisi bo‘lgani va millionlab kishilarning o‘limi uchun javobgarligini aytib o‘tdi. Tramp Sulaymoniyning o‘ldirilishi urushning boshlanishi emas, urushning yakunlanishi bo‘lganini qayd etib o‘tdi.