O‘zbekiston | 14:02 / 06.01.2020
11065
3 daqiqa o‘qiladi

Sherzodxon Qudratxo‘jayev: «O‘zbekistonning siyosiy elitasi, xalqi, siyosiy partiyalari uchun 2020 epoxasi boshlanyapti»

Foto: Xalqaro press-klub

Bugun, 6 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining  navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisdan keyin Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Sherzodxon Qudratxo‘jayev Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida saylov natijalari haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Majlisimiz tugadi va ijtimoiy tarmoqlarda birinchi reaksiyalarni ko‘rishni boshladik. Bu parlament saylovi bizga bugundan boshlab o‘zgarishimiz lozimligini ko‘rsatdi. Saylov paytida ko‘rdikki, siyosiy partiyalarga saylovchilarni, elektoratning qanday talablari bor, ular qanday o‘zgarishi kerak. Nima uchun qaysidir ma'noda saylovga kelish kam bo‘ldi? Bu safar hammasi haqqoniy, rost ko‘rsatildi. Partiyalar o‘zgarishlar bo‘ladi deb ko‘p va'dalar berishdi.

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi 3-o‘ringa chiqdi, Xalq demokratik partiyasi 4-o‘ringa tushdi. Bu jiddiy signallar. Bu nafaqat Markaziy saylov komissiyasi, saylov komissiyalariga emas, bu signallar siyosiy partiyalarga. Siyosiy partiyalarning nomzodlari saylov paytida juda ko‘p va'dalar berishdi. O‘ylaymanki, bugundan boshlab, saylov natijalaridan kelib chiqib, siyosiy partiyalar o‘zining yangi dasturini tuzishi kerak. Chunki kelayotgan saylovlar ham ham juda tez vaqtda kelib qoladi. O‘rtada yana prezident saylovlari bor. 

Shuning uchun aytmoqchimanki, siyosiy partiyalar, siyosiy kuchlarimiz bugungi saylov natijalarini ilmiy tadqiqot natijasi o‘laroq ko‘rishi kerak. Uni o‘rganishi kerak, uning asosida yaqin 5 yilda qiladigan dasturini tayyorlab chiqishi kerak. 

Yana yaxshi yutuqlar ham bor. Masalan, eng yosh deputatimiz 26 yosh. Yana bir o‘zgarish bo‘ldiki, o‘tgan parlamentda 24 nafar ayol bo‘lgan ekan, bu safargi parlamentda 48 nafar, 32 foizni tashkil qildi. Dinamika, o‘zgarishlar ko‘p. 

O‘ylaymanki, O‘zbekistonning siyosiy elitasi, xalqi, siyosiy partiyalari uchun 2020 epoxasi boshlanyapti. Biz siyosiy partiyalarimiz saylov bo‘ldi, tugadi, endi yana tinchlansak bo‘ladi deb bo‘lmaydi. Chunki bu saylovda saylovchilarning ularga bergan talabi, ularga qo‘ygan savollari siyosiy partiyalar juda ko‘p ishlarni qilishi lozimligini va juda ko‘p dasturlar va va'dalar bergani, shularni endi bugundan tadqiqotlarni olib, o‘rganib, ilmiy yondashib, o‘zining amaliy faoliyatini yo‘lga qo‘yishi kerak», dedi Sherzodxon Qudratxo‘jayev.

Mavzuga oid