Jahon | 22:37 / 06.01.2020
10994
2 daqiqa o‘qiladi

Sindzo Abe o‘g‘irlangan yapon fuqarolari masalasida Kim Chen In bilan uchrashmoqchi

Foto: AFP

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe dastlabki shartlarsiz KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashish istagida.

«Men o‘g‘irlangan yapon fuqarolari muammosini tezroq hal qilish uchun yetakchi (Kim Chen In – tahr.) bilan uchrashishga tayyorman», – degan Abening matbuot anjumanidagi so‘zlarini keltirdi NHK.

Yapon fuqarolarining KXDR agentlari tomonidan o‘g‘irlanishi 1977 yildan 1983 yilgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Yaponiya hukumatiga ko‘ra, olib ketilgan fuqarolar soni 17 nafar. Ajablanarlisi, o‘g‘irlanganlarning yoshi 30gacha bo‘lgan va ularning biron-bir siyosiy jarayonlarga aloqasi ham bo‘lmagan. 13 yoshli maktab o‘quvchisi Yokota Megumi ham shular jumlasidan.

Shimoliy Koreya tomoni uzoq vaqt ayblovlarni rad etib keldi. Yaponiya va KXDR o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilmagan bo‘lib, 1992 yilda mazkur masala yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan, o‘shanda yapon tarafi o‘g‘irlanganlar masalasini ko‘targanda, shimoliy koreyaliklar norozilik belgisi sifatida muzokara zalini tark etgandi.

KXDR rasmiylarining rad etishiga qaramay, 2002 yil 17 sentyabrda mamlakatning avvalgi rahbari Kim Chen Ir Yaponiya bosh vaziri Dzyunitiro Koidzumi bilan uchrashuvda o‘g‘irlanganlar haqidagi faktni tan olib, uzr so‘ragan.

Sindzo Abe avval ham Kim Chen In bilan uchrashishga tayyorligini bildirgandi.

O‘tgan yili iyun oyida Kim Chen In ham Yaponiya bosh vaziri bilan uchrashishga qarshi emasligi ma'lum bo‘lgandi. KXDRlik diplomat Txe Yon Xo uchrashuv Yaponiya Shimoliy Koreyaga yordam ko‘rsatgan taqdirda amalga oshishini aytgan.

Mavzuga oid