Jamiyat | 14:21 / 07.01.2020
4393
2 daqiqa o‘qiladi

Ipak mahsulotlari eksportini oshirish choralari ma'lum qilindi

Bugun, 7 yanvar kuni «O‘zbekipaksanoat» uyushmasining 2019 yil yakunlari va 2020 yilda amalga oshiriladigan istiqbolli rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Unda so‘zga chiqqan «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi rais o‘rinbosari Olimjon Jumayev o‘zbek ipak mahsulotlari eksporti ko‘rsatkichlarini yanada oshirish uchun o‘zbek ipak matolarining sifati yaxshilanishi kerakligini aytdi.

«Sifatli pilladan sifatli ipak bo‘ladi. Yevropa brendlarining dastgohlarini olib kelyapmiz. Yaponiya, Koreya, Xitoydan [dastgohlar] olib kelyapmiz. Lekin dastgohga mos keladigan mahsulotni ham o‘zimiz ishlab chiqarishimiz kerak. 

Buning uchun ishni bargning sifatidan boshlashimiz kerak. Barg sifatini yaxshilanmas ekan, sifatli pilla ololmaymiz», deya Olimjon Jumayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi rais o‘rinbosari pilla sifatini oshirish masalasiga ham to‘xtaldi. 

«Bitta pilladan 1,5 ming metrgacha ip chiqadi. Hozirgi kunda yetarli darajada ozuqalanmagan yoki ozuqa yemagan pilla 1,5 ming metrli ipakni bermaydi. 400, 500, 600 metr bo‘lib qoladi va uziluvchan bo‘ladi. Dastgohlarga to‘g‘ri kelmay qolyapti. Shuning uchun biz 2020 yilda butun e'tiborimizni ozuqa bazasiga qaratyapmiz. Intensiv tutzorlarni yaratyapmiz. O‘rma tutzor bo‘ladi. Oldingidek daraxt chopilmaydi», deydi Olimjon Jumayev.

Matbuot anjumanida berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, sohada eksport hajmi 2017 yilda 30,9 million dollar, 2018 yilda 50,7 million dollarni tashkil qilgan (o‘sish sur'ati 19,8 million dollar yoki 164 foizdan ko‘p). 2019 yilda 65,2 million dollarlik ipak mahsulotlari eksport qilish prognozi ortig‘i bilan uddalangan, ya'ni yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkich 70 million dollarga yetkazilgan.

Mavzuga oid