Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda qurilish sohasidagi kamchiliklar keskin tanqid qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 yanvar kuni qurilish sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
«Mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami yildan yilga kengayib bormoqda. Yangi uy-joylar, yirik zavodlar, zamonaviy infratuzilma obektlari qurilmoqda. Tabiiyki, bunday katta hajmdagi ishlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish uchun malakali quruvchilar, bilimli loyihachilar, barqaror tashkilotlar kerak.
Yig‘ilishda qurilish sohasidagi muammo va kamchiliklar keskin tanqid qilindi.
Masalan, O‘zbekistonda 22 mingga yaqin qurilish-pudrat tashkiloti bo‘lib, ularning aksariyatida ishchilar soni va kasb malakasi to‘g‘risida ma'lumot yuritilmaydi.
Hududlardagi barcha qurilishlar yagona buyurtmachi xizmati tashkilotlariga topshirib qo‘yilgani ko‘rsatkichlarga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Ilg‘or xorijiy tajribada qurilish xavfsizligi, sifati va natijasi nazorat qilinsa, bizda barcha kuch va resurslar jarayonni nazorat qilishga sarflanib, sifat ikkinchi o‘ringa tushib qolgan.
Davlatimiz rahbari sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish, uni zamonaviy asosda rivojlantirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlarni belgilab berdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Loyiha institutlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, xorijiy tajriba asosida tenderlar o‘tkazishning aniq mezonlarini ishlab chiqish, bu borada elektron tizimni eksperiment tariqasida Toshkent shahrida joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.
Qurilish, Moliya, Adliya vazirliklari va boshqa mutasaddi tashkilotlarga joriy yil 1 iyulgacha qurilish korxonalari faoliyatini baholash reytingini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Ushbu reytingda ishchilar soni va malakasi, bajarilgan ishlar hajmi, soliq va kreditlarning o‘z vaqtida to‘lanishi kabi mezonlar o‘z aksini topadi.
Prezident shaharsozlik normalari va qoidalarini hamda yagona buyurtmachi xizmati tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish zarurligini ta'kidladi.
Sohada axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi pastligi ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, loyihalarni yaratish, ekspertizadan o‘tkazish, qurilishga ruxsat berish, qurilish-pudrat ishlarini masofaviy nazorat qilish jarayonlari haligacha qog‘ozda bajarilyapti. Investor va tadbirkorlar uchun qayerda nima qurish mumkinligi haqida ma'lumot beruvchi geoinformatsion tizim yo‘lga qo‘yilmagan.
Shu bois yig‘ilishda Qurilish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga tizimni to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha joriy yilda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish yuklatildi.
Sohada texnika xavfsizligi talablariga rioya qilinmayotgani, «risk-analiz» tizimi va nazorat yo‘qligi oqibatida baxsiz hodisalar yuz berayotgani qayd etildi. Tegishli vazirlik va idoralarga qurilish sohasida davlat nazoratini butunlay yangicha asosda tashkil etish, mehnat muhofazasini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda kadrlar masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Davlat rahbari qurilish sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash tizimi bugungi kun talabiga javob bermasligini ta'kidladi.
Mehnat vazirligi, Qurilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga qurilish sohasida o‘rta bo‘g‘in mutaxassislari va ishchi kasblar klassifikatorini joriy qilish hamda unga muvofiq kollejlarda quruvchilar tayyorlash vazifasi qo‘yildi.
Sohaga oid ta'lim dasturlarini yuqori texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar asosida yangidan ishlab chiqish, bo‘lajak kadrlarni zamonaviy loyihalash va dasturiy ta'minot, xususan, BIM (Building Information Modeling) texnologiyalari bilan ishlashga o‘rgatish kerakligi ta'kidlandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlar hisobot berdi, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Mavzuga oid
13:24 / 28.11.2024
“Samarqandni odamlar shahriga aylantirishimiz kerak, hozir mashina-shaharga aylangan” - Turdimov
16:31 / 25.11.2024
Xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlamentga kiritildi
16:02 / 20.11.2024
Varshava ko‘chalaridagi o‘limlar 2 barobarga kamaytirildi: qanday qilib?
20:45 / 09.10.2024