Jamiyat | 20:10 / 10.01.2020
5465
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon davlat universitetining 105 nafar bitiruvchisi xalq ta'limi tizimiga ishga qabul qilindi

Andijon davlat universiteti bitiruvchilari bilan kechgan uchrashuvda ijtimoiy-gumanitar fan yo‘nalishlari bo‘yicha bitiruvchi talabalardan 105 nafari bilan shu joyning o‘zidayoq ishga joylashish haqida uch tomonlama shartnomalar imzolandi.

Viloyatdagi ta'lim muassasalarida ayni paytda psixologiya, tarix, huquq, milliy g‘oya va ma'naviyat asoslari fanlaridan 112 nafar pedagoglarga ehtiyoj mavjud.

Andijon viloyat xalq ta'limi boshqarmasi ana shu ehtiyojni qoplash maqsadida universitet rahbariyati bilan hamkorlikda uchrashuv tashkil etdi. Unda ishtirok etgan 4-kurs talabalari tuman va shahar xalq ta'limi bo‘limlarining mudirlari, kadrlar bo‘yicha mutaxassislar hamda umumiy o‘rta ta'lim maktablarining direktorlari bilan bevosita muloqotda bo‘ldilar.

– Bugungi kunda ta'lim tizimidagi ijobiy o‘zgarishlar yoshlarning pedagogikaga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilayotir, – deydi viloyat XTB boshlig‘i F.Buzrukov. –  Universitet talabalari ham o‘qishni tugatgach, maktablarda astoydil ishlash istagi borligini bildirdilar. Ularning ishtiyoqi, shijoati baland. Bunday talabalar orasidan ertaga mohir pedagoglar yetishib chiqishiga ishonamiz. O‘ylaymizki, ular yetarlicha malaka to‘plab olganlaridan keyin ta'lim sifatini oshirishga salmoqli hissa qo‘shadilar.

Shu kuni uch tomonlama shartnomaga ega bo‘lgan 81 nafar bitiruvchi talaba joriy o‘quv yilining 3-choragidan maktabda ishlashni boshlaydi, 24 nafari esa 2020-2021 o‘quv yilidan pedagog sifatida ishlashga kirishadi.

Mavzuga oid