Jahon | 23:25 / 11.01.2020
12141
2 daqiqa o‘qiladi

Ruhoniy Tehrondagi aviahalokat aybdorlari javobgarlikka tortilishini bildirdi

Foto: AP

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Tehronda Boeing samolyoti qulashiga aloqador barcha shaxslar javobgarlikka tortilishini bildirdi. Bu haqda Vladimir Zelenskiy va Hasan Ruhoniy o‘rtasidagi muloqot yakunlari bo‘yicha Ukraina prezidenti matbuot xizmati ma'lum qildi.

Xabarda aytilishicha, bundan tashqari, Ukraina ekspert guruhiga hamkorlik qilish uchun tegishli yordam ko‘rsatiladi.

Ruhoniy o‘zaro muloqot vaqtida Ukraina xalqi va halok bo‘lganlarning oilalariga ta'ziya izhor qilgan.

"U 176 kishining hayotiga zomin bo‘lgan fojia uchun Eron nomidan uzr so‘radi. Eron Islom respublikasi rahbari fojia ushbu davlat harbiylarining xato harakatlari oqibatida sodir bo‘lganini to‘la tan oladi", — deyiladi xabarda.

"Ukraina xalqaro aviayo‘nalishlari"ga qarashli samolyot 8 yanvar kuni tong saharda Imom Xumayniy nomidagi aeroportdan havoga ko‘tarilgan, ammo oradan bir necha daqiqa o‘tgach radarlardan g‘oyib bo‘lgan va qulab tushgan. Halokat natijasida 176 kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Mavzuga oid