Tehron osmonidagi fojia tafsiloti: 176 kishining o‘limiga harbiy operatorning xatosi sabab bo‘lgan
Kosmik kuchlar qo‘mondoni so‘zlariga ko‘ra, Eronning havo hujumidan mudofaa tizimi Ukraina samolyotini qanotli raketa deb baholagan. Operator qo‘mondonlik bilan bog‘lanishi kerak edi, ammo u buni qilmagan
Islom inqilobi soqchilar korpusining (IISK) Harbiy-kosmik kuchlari qo‘mondoni Amir Ali Hojizodaning ma'lum qilishicha, Tehron yaqinida halokatga uchragan Ukrainaning Boeing samolyoti havo hujumidan mudofaa tizimi operatori tomonidan qanotli raketa sifatida baholangan, ammo aloqadagi nosozlik sababli u bu haqda qo‘mondonlikka xabar bermagan va mustaqil ravishda laynerni raketa yordamida urib tushirishga qaror qilgan. Bu haqda IRNA xabar bermoqda.
«Yoki xalal beruvchi shovqinlar tizimi ishlab ketgan, yoki tarmoq band bo‘lgan, ammo u aloqani o‘rnata olmagan. U besh soniya ichida qaror qabul qilish imkoniyatiga ega edi. Afsuski, noto‘g‘ri qaror qabul qildi va samolyot raketa bilan urib tushirildi», - dedi general.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron harbiylari Iroqdagi AQSh bazalariga zarbalar vaqtida havo harakatini yopib qo‘yish haqida so‘rashgan, ammo bu talab e'tiborga olinmagan. Hojizodaning ta'kidlashicha, AQSh Eronga zarba berishi ehtimoli bo‘lgani tufayli harbiylar yuqori jangovar shaylik holatida edi. Ukrainaning Boeing samolyoti, operator tomonidan berilgan ma'lumotga ko‘ra, qanotli raketa sifatida noto‘g‘ri baholangan va keyinchalik urib tushirilgan. Hojizodaning aytishicha, avialayner qisqa masofaga mo‘ljallangan raketa bilan urib tushirilgani uchun IISK javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga oladi. Generalning qo‘shimcha qilishicha, halokat haqida eshitganida «o‘lishni xohlagan».
7 yanvardan 8 yanvarga o‘tar kechasi Eron general Qosim Sulaymoniyning o‘limi uchun qasos olish maqsadida, Iroq g‘arbi va shimolidagi AQSh hamda xalqaro koalitsiya obektlariga zarbalar berdi. AQSh prezidenti Donald Tramp «Tehron o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirmaguncha» Eronga qarshi yangi qattiq sanksiyalar joriy etilishi haqida va'da berdi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi keskinlik avj olgan bir paytda, 8 yanvar kuni «Ukraina xalqaro aviayo‘nalishlari»ning Tehrondan Kiyevga parvoz qilgan Boeing 737-800 samolyoti Eronda quladi. Samolyot bortida 176 kishi bo‘lgan, ularning barchasi halok bo‘ldi. Yo‘lovchilar orasida Kanada, Ukraina va Eron fuqarolari bor edi.
Bir qator Yevropa mamlakatlari, shu jumladan, Ukraina ham samolyotga raketa zarbasi berilgani haqida ma'lumot borligini ma'lum qildi. Shu bilan birga, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo va Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson, shuningdek, AQShning qator ommaviy axborot vositalari razvedka xizmati va Oq uydagi manbalarga tayanib, Eron raketasi samolyotni tasodifan urib tushirgan bo‘lishi mumkinligini bildirishdi.
11 yanvar kuni Eron rasmiylari Tehron yaqinida «Ukraina xalqaro aviayo‘nalishlari»ning samolyoti «tasodifan» urib tushirilgani to‘g‘risida xabar berishdi. Eron rasmiylarining mahalliy televideniye orqali tarqatilgan rasmiy bayonotida ta'kidlanishicha, fojiaga «inson omili» sabab bo‘lgan. ISNA agentligi tomonidan tarqatilgan bayonotda bildirilishicha, Tehron osmonidagi fojia AQSh tomonidan raketa hujumlari tahdidi va Eron chegaralari yaqinida AQSh harbiy aviatsiyasining parvozlari ortishi fonida sodir bo‘lgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy rasmiy Tehrondan urib tushirilgan Boeing uchun «aybni to‘liq tan olishni» talab qildi. U Kiyevning Tehronga qo‘ygan beshta talabini sanab o‘tdi: Eron «to‘liq va ochiq» tergov o‘tkazishga va'da berishi kerak; aybdorlarni javobgarlikka tortishi shart; halok bo‘lgan ukrainaliklarning jasadlarini qaytarishi lozim; tovon to‘lab berishi kerak; diplomatik kanallar orqali rasmiy uzr so‘rashi lozim.
Mavzuga oid
20:58
Bloomberg: Rossiyaga Eron qurollarining chorak qismini biznesmen Husayn Shamhaniy yetkazib bermoqda
19:06 / 22.12.2024
Asadning qulashi - Eron tashqi siyosatidagi muvaffaqiyatsizlik
14:52 / 20.12.2024
Eron O‘zbekistonning qator mahsulotlariga eksport uchun ruxsatnoma beradi
16:32 / 19.12.2024