Jamiyat | 11:26 / 15.01.2020
8451
2 daqiqa o‘qiladi

Transport vositasini olib qochgan voyaga yetmagan shaxs 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Foto: Tergov departamenti

2019 yil 26 oktabr kuni taxminan soat 04:00larda 17 yoshli O.U. Samarqand viloyati Jomboy tumani “Qorasuv” qishlog‘ida yashovchi 28 yoshli fuqaro Z.Sh.ning uyi darvozasi oldida turgan “Damas” avtomashinasi eshiklari ochiqligi va kaliti o‘zida bo‘lganligidan foydalanib, atrofda hech kim yo‘q vaqtda avtotransport vositasini olib qochgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u “M-39” sonli avtomobil yo‘li bo‘ylab “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha ushbu avtomashinani boshqarib borib, 1106-km.da qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanib kelayotgan haydovchi F.M.ning boshqaruvida bo‘lgan “Neksiya” rusumli avtomashinasi bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni Jomboy tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O.U.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida uning muqaddam ikki marotaba o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etganligi aniqlanib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismining “a” bandi (takroran o‘g‘irlik) va 267-moddasi 1-qismi bilan ayblov e'lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov yakuniga ko‘ra jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishli sudlovga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudining 2019 yil 16 dekabr kunidagi hukmiga ko‘ra, O.U. yuqoridagi jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid