Sport | 19:23 / 22.01.2020
14591
3 daqiqa o‘qiladi

IFFHS reytingi: «Paxtakor» dunyoda «Milan» va «Bayyer»dan oldinda, Osiyoda 6-o‘rinda

Xalqaro futbol tarixi va statistikasi (IFFHS) tashkiloti 2019 yilning eng yaxshi klublari reytingini e'lon qildi.

Unga ko‘ra, Yevropa chempionlar ligasining amaldagi chempioni, UYeFA Superkubogi sohibi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi bo‘lgan «Liverpul» mazkur reytingda peshqadamlik qilmoqda. Ingliz klubi hisobida 316 ochko mavjud.

Uchlikdan Ispaniyaning «Barselona» hamda Angliyaning «Manchester Siti» klublari joy olgan. La Liga klubi hisobida 293 ochko, APL jamoasida esa 284 ochko mavjud.

Kuchli o‘nlikdan «Flamengo» (Braziliya), «Seltik» (Shotlandiya), «Valensiya» (Ispaniya), «Ayaks» (Niderlandiya), «Chelsi» (Angliya), «PSJ» (Fransiya), «Vulverhempton» (Angliya) klublari joy olgan.

Jahonning eng kuchli 400 klubi orasida O‘zbekistondan faqatgina bitta klub – «Paxtakor» qo‘shilgan. O‘zbekistonning amaldagi chempioni hisobida 112 ochko bo‘lib, Toshkent klubi reytingda Qatarning «As-Sadd» klubi bilan birga 140-o‘rinni egallab turibdi.

«Paxtakor» jamoasi o‘tgan yili ushbu ro‘yxatda 394-o‘rinda qayd etilib, bir yilning o‘zida 254 o‘ringa ko‘tarilishga erishgan.

E'tiborlisi, mazkur reytingda «Paxtakor» Italiyaning «Milan», Germaniyaning «Bayyer», Fransiyaning «Marsel» klublaridan oldinda bormoqda.

O‘zbekiston chempioni Osiyo klublari orasida kuchli o‘nlikdan joy olgan. Qit'amizda bu borada Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi peshqadamlik qilmoqda, «Paxtakor» esa 6-o‘rinda qayd qilingan.

IFFHS’ning Osiyo klublari bo‘yicha reytingi:
1. Al-Hilol – 159 ochko
2. Ulsan – 138 
3. Chonbuk Motors – 135
4. An-Nassr – 125
5. Kashima Antlers – 118
6. Paxtakor – 112
6. As-Sadd – 112
8. Hanoy – 107
9. Shanxay SIPG – 105,5
10. Shandon Luneng – 105.

Ma'lumot uchun, IFFHS sayti 1991 yildan buyon har oy va yil yakunlari bo‘yicha klublarning xalqaro va ichki chempionatlardagi natijasi, kubok bahslaridagi pley-off bosqichidan boshlab o‘yinlariga asosan reytingni e'lon qilib boradi.

Mavzuga oid