Jahon | 13:35 / 23.01.2020
7584
3 daqiqa o‘qiladi

Maykl Blumberg saylovoldi budjetining to‘rtdan bir qismini reklama uchun sarflab bo‘ldi

Tadbirkor siyosiy reklama uchun 250 million dollardan ko‘proq mablag‘ sarflashga ulgurdi. Bundan oldin u prezidentlik kampaniyasiga 1 milliard dollar yo‘naltirishga tayyorligini bildirgan edi

Foto: Sue Ogrocki / AP

Demokratik partiyadan AQSh prezidentligiga o‘z nomzodini ilgari surish niyatida ekanini e'lon qilgan Nyu-York sobiq meri Maykl Blumberg siyosiy reklama uchun 250 million dollardan ko‘proq mablag‘ sarflab yubordi. Bu haqda Bloomberg agentligi saylov kampaniyalari davrida reklama xarajatlari tendensiyasini kuzatuvchi Advertising Analytica kompaniyasi tadqiqotiga asoslanib xabar berdi.

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, Blumberg televideniyedagi reklama uchun shaxsiy mablag‘laridan 209,3 million dollar sarflagan, yana 13,7 million dollar pulli kanallardagi reklama uchun ketgan. Tadbirkor radiodagi reklama uchun 1,1 million dollar, raqamli platformalar bo‘yicha - 27,2 million dollar sarfladi.

Advertising Analytica ma'lumotlariga ko‘ra, Blumberg siyosiy reklamaga, xuddi Nyu-York sobiq meri kabi, saylov kampaniyasini moliyalashtirish masalasida o‘z pulini ishlatayotgan raqibi - demokrat Tom Steyyerga qaraganda 116 million dollarga ko‘proq mablag‘ sarflagan. Blumbergning reklama xarajatlari Vermont shtatidan senator Berni Sandersning xarajatlaridan (26,8 million dollar) 8 baravar ko‘pdir.

Tadqiqotda aytilishicha, ikkinchi muddatga qayta saylanishni niyat qilgan AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp siyosiy reklama uchun 46 million dollar sarfladi. Bu mablag‘lar asosan uning shtabi tomonidan raqamli reklama uchun yo‘naltirilgan.

Demokratik partiyadan bo‘lgan raqiblaridan farqli o‘laroq, Blumberg asosiy e'tiborni praymeriz biroz kechroq bo‘lib o‘tadigan shtatlarga qaratgan, deb yozadi Bloomberg. Advertising Analytica hisob-kitoblariga ko‘ra, u Los-Anjyelesda 12,8 million dollar va Nyu-Yorkda 12,5 million dollar sarflagan, shuningdek, Kaliforniyaning boshqa bozorlari hamda Texas, Illinoys va Florida shtatlarida efir vaqtini juda katta pulga sotib olgan.

Ikki hafta oldin Blumberg prezidentlik kampaniyasiga 1 milliard dollar sarflashni rejalashtirayotganini e'lon qilgandi. Uning ta'kidlashicha, agar o‘zi Demokratik partiyadan davlat rahbari lavozimiga nomzod bo‘lmasa ham, mablag‘lari Donald Trampning boshqa raqiblari - Berni Sanders yoki Elizabet Uorrenga yordam berish maqsadida sarflanadi. 

Mavzuga oid