O‘zbekiston | 21:44 / 24.01.2020
44587
3 daqiqa o‘qiladi

Mehnat migrantlariga atalgan uylar qaysi shartlar asosida berilishiga oydinlik kiritildi

«Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a'zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida»gi prezident farmoniga muvofiq uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga 2020 yilda ko‘p kvartirali uylardan 3462ta xonadon ajratilishi belgilangan. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Davlatnazar Matrasulov uylar qaysi shartlar asosida berilishi, buning uchun qayerga murojaat qilish kerakligi va qanday hujjatlar talab etilishiga oydinlik kiritdi.

«Migrantlarga ajratiladigan 3462ta xonadon O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 20 noyabrda «Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 5886-sonli farmoni bilan tasdiqlangan parametrlarga muvofiq beriladi. Mazkur parametrlarda qaysi hududda migrantlar uchun nechta uy qurilishi ko‘rsatilgan.

Ushbu uylarni berish uchun mehnat migranti albatta «Labor migration» dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi shart. Bu prezidentimizning 2019 yil 20 avgustdagi 5785-sonli farmonida belgilab berilgan. «Labor migration» dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarga Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan tavsiyalar beriladi va bu tavsiyalar viloyat, tuman va shahar komissiyalariga kiritiladi. Shu tavsiyalar asosida mehnat migrantlari yashaydigan hududdagi komissiya yosh oilalar, nogironlar yoki xotin-qizlar uchun imtiyozli uylar ajratilgani kabi migrantlarga beriladigan uylarga talabgorlarning hujjatini ham ko‘rib chiqadi.

Migrantlar buning uchun komissiyaga shaxsan borib murojaat qilish shartmas, «Labor migration» dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tishsa bas. Shunga qarab biz tavsiya beramiz, shundan keyin komissiyaga ariza bilan birga talab etiladigan hujjatlarni taqdim etish kerak bo‘ladi. Ushbu komissiyalar viloyat, tuman va shahar hokimliklarida tuzilgan», deydi u.

Avvalroq uy-joyga ehtiyojmand mehnat migrantlarini saralab olish tartibi loyihasi e'lon qilingandi.

Mavzuga oid