O‘zbekiston | 22:37 / 25.01.2020
81084
4 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis Koreya Respublikasiga ishlash uchun ketish yo‘llari haqida ma'lumot berdi

Baxtiyor Tursunov / Foto: AOKA

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Baxtiyor Tursunovning aytishicha, Janubiy Koreyaga rasmiy ish vizasini olib ketishning faqat bitta yo‘li bor – koreys tilini mukammal o‘rganish va yil davomida bir necha marta o‘tkaziladigan imtihonlarda qatnashish.

Uning ta'kidlashicha, Koreya Respublikasiga ishlash uchun jo‘natadigan yagona tashkilot bu – Tashqi mehnat migratsiya agentligi. Xususiy bandlik agentliklarining, ko‘chadagi xorijga ishga yuborishni va'da qiladigan firibgarlarning bunga vakolati yo‘q.

«Hozirgi kunda Janubiy Koreya ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarimiz soni juda ko‘p. Aksariyat holda fuqarolarimiz tartibli ketishdan ko‘ra, qanaqadir muamoning yechimini topishdan ko‘ra, yengil yo‘l qidirib firibgarlarning qo‘liga tushmoqda.

Janubiy Koreyaga erkin yollash degan tizim bor. Janubiy Koreyada ishlash uchun faqat o‘sha tizim orqali ketishi mumkin», – dedi Tursunov 23 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

U koreys tilini o‘rganishning muhimligini alohida ta'kidladi.

«Fuqarolarimizda Koreyaga ketish orzusi juda katta, ularga maslahatim bitta: koreys tilini yaxshilab o‘rganishsin. Boshqa yo‘l qidirib o‘tirishmasin. Astoydil o‘rganmoqchi bo‘lgan odam uchun koreys tili unchalik qiyin til hisoblanmaydi. Lekin yana qaytarib aytaman: Koreyaga rasmiy ish vizasini olib ketishning yo‘li bitta – koreys tilini mukammal o‘rganish va yil davomida bir necha marta o‘tkaziladigan imtihonlarda qatnashish», – dedi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i.

«Erkin yollash tizimiga ko‘ra, fuqaro imtihondan o‘tgan taqdirda ham Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi uning Koreyaga ketishini kafolatlamaydi. Sababi, tizim juda oddiy: fuqaro imtihondan o‘tadi, bilimini taqdiqlaydi va zaxiraga tushadi. Zaxiraga tushgan fuqarolardan mos kelganini Janubiy Koreyadagi ish beruvchining o‘zi tanlab oladi. Uni qachon tanlab oladi, kimni tanlab oladi, bunga hech kim ta'sir o‘tkaza olmaydi.

Shunaqa holatlar borki, fuqarolar chindan ham imtihon topshirgan, zaxirada turgan, lekin Koreyaga keta olmagan. Imtihondan o‘tganlar 2 yil davomida zaxirada turadi, lekin ular birorta ish beruvchi tomonidan tanlanmasa, zaxiradagilar ro‘yxatidan chiqariladi va yana imtihon topshirishi kerak bo‘ladi», – deydi Baxtiyor Tursunov.

Foto: AOKA

Matbuot anjumanida Koreyaga ketishning boshqa yo‘li haqida ham ma'lumot berildi. Ammo bundan faqat Koreyada ishlab kelganlargina foydalana olishlari mumkin. Davlat tomonidan ishlashga ketib, shartnoma bo‘yicha yuborilgan joyida 4 yil-u 10 oy ishlaganlarning qo‘liga 3 oylik mehnat ta'tili hamda uch oydan keyin Koreyaga qaytib kelib ishini davom ettirishi uchun mehnat shartnomasi beriladi. Fuqaro O‘zbekistonga kelib, 3 oy dam oladi va hech qanday imtihonsiz Koreyaga qaytib borib, yana 5 yil ishlaydi.

Lekin davlat tomonidan ishga yuborilgan, ammo shartnomani buzib, ish joyini o‘zgartirgan fuqarolar O‘zbekistonga qaytib kelishgandan keyin yana Koreyaga ishlashga ketmoqchi bo‘lishsa, yana imtihondan o‘tishlari talab etiladi.

Mavzuga oid