O‘zbekiston | 13:35 / 27.01.2020
46287
4 daqiqa o‘qiladi

Onlayn auksionga qo‘yilgan bo‘sh yerlarning ochiq elektron xaritasi yaratildi

O‘zbekistonda onlayn auksion orqali sotib olish mumkin bo‘lgan bo‘sh yerlar haqidagi ma'lumotlar va ularning ochiq elektron xaritasi ishlab chiqildi.

Endilikda istalgan internet foydalanuvchisi E-kadastr.uz platformasidagi onlayn xarita orqali masofadan turib O‘zbekiston hududidagi barcha bo‘sh turgan yerlarning joylashuvini ko‘rishi, yer maydoni haqidagi birlamchi ma'lumotlar bilan tanishishi, ushbu yerni sotib olish istagi tug‘ilganda bu haqda taklif yuborishi mumkin.

Bu haqda Geoinfokom davlat unitar korxonasi rahbari Husan Isayev ma'lumot berdi.

«Prezidentining 2019 yil 26 avgustdagi qarorida bo‘sh turgan yerlarni ochiq va shaffof ravishda onlayn auksionga chiqarish prinsiplari belgilab berilgandi. Mana shu qarordagi vazifalardan kelib chiqib, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi E-kadastr.uz portalini ishga tushirdik. Bu – bo‘sh turgan yer uchastkalarining ochiq elektron xaritasi bo‘lib, unga qo‘mitamiz organlari tomonidan tumanlar kesimida aniqlangan bo‘sh yer uchastkalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar har oyning 5-sanasiga qadar muntazam yangilab boriladi. Jismoniy va yuridik shaxslar bo‘sh yer uchastkalarini aniq investitsiya majburiyatlari bilan elektron auksionga qo‘yishni so‘rab taklif kiritishlari mumkin», – deydi Isayev.

Qayd etilishicha, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan E-kadastr.uz manzili orqali yuborilgan arizalar Ur resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining avtomatlashgan I-Intizom tizimiga kelib tushadi. Yer uchastkasini tanlash materiallari Davergeodezkadastr qo‘mitasi hududiy qurilish bosh boshqarmalari, tuman (shahar)lar qurilish bo‘limlari bilan hamkorlikda tayyorlanadi.

«Bu tizim orqali 2019 yil mobaynida 7mingdan ortiq savdolar amalga oshirildi. Yana ma'lumot o‘rnida aytish kerakki, xaridorlar sotib olayotgan yer uchastkasini onlayn tarzda o‘zlari belgilab, u yerda nima qilmoqchiligi va takliflarini yozib qoldirishlari mumkin bo‘ladi. Bu tizim orqali turli xil sarsongarchilik va qog‘ozbozlikning oldi olinadi», – deya Davergeodezkadastr davlat qo‘mitasi bosh mutaxassisi Qobil Bobojonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 23 yanvar holatiga ko‘ra respublika bo‘yicha 4427ta yer uchastkasi bo‘sh turibdi.

E-kadastr.uz platformasidagi onlayn xarita orqali bo‘sh turgan yerlarni viloyat, tuman, shahar kesimida ko‘rish imkoni mavjud.

Ma'lum qilinishicha, avvallari yerlarga tuman hokimining roziligi bilan egalik qilish mumkin edi. Hozirgi o‘zgarishlarga ko‘ra, istagan shaxs auksionda yutib chiqadi va yer uning nomiga xatlanadi. Hozirda barcha savdolar onlayn tarzda qonuniy amalga oshirilmoqda.

Davergeodezkadastr qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, oldinlari auksion o‘tkazilayotgan paytda ishtirokchilarning jarayonni kuzata olmay qolishi yoki interneti o‘chib qolishi kabi holatlar bo‘lib turar edi. Hozirda bunday holatning oldini olish maqsadida, tuman va shahar markazlarida internet bilan ta'minlangan kichik xonalar tashkillashtirilmoqda. Endilikda bunday vaziyat bo‘ladigan bo‘lsa, auksion qayta o‘tkaziladi.


Mavzuga oid