Jamiyat | 12:00 / 31.01.2020
5495
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi: OAV xodimlari uchun media-tur tashkil etildi

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi va «O‘zmetkombinat» AJ hamkorligida OAV xodimlari uchun media-tur tashkil etildi. Unda jurnalist va blogerlar «O‘zmetkombinat» AJda ishlab chiqarilayotgan energiya tejamkor, jahon talablariga javob beruvchi qurilish materiallarini ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.

Ta'kidlanishicha, «O‘zmetkombinat» AJ qora metallar prokati ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyoda eng yirik korxona hisoblanadi. Bu yerda nafaqat metallurgiya mahsulotlari balki, qurilish materiallari va xalq xo‘jaligi mollari ham ishlab chiqariladi. Xususan, zavodda qurilishda foydalaniladigan elektrod, har xil o‘lchamdagi sim va armatura, bazalt asosida issiqlik saqlovchi mahsulotlar tayyorlanadi. Ushbu qurilish mahsulotlardan yurtimizdagi bunyodkorliklar keng foydalanilyapti, ularga bo‘lgan talab yildan yilga ortib boryapti. E'tiborlisi, aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarining sifati muntazam nazorat qilib boriladi.

OAV xodimlari media-tur davomida ko‘plab ishlab chiqarish sexlarida bo‘lib, bu yerda tayyorlanayotgan qurilish materiallari haqida to‘liq ma'lumot olishdi. Shuningdek, zamonaviy texnika texnologiyalar bilan yaqindan tanishishdi.

Bazalt asosida issiqlik o‘tkazmaydigan materiallar ishlab chiqarish sexi faoliyati jurnalistlarda katta taassurot qoldirdi. Ma'lumki, «O‘zmetkombinat» AJda yiliga 10 ming tonna quvvatga ega bo‘lgan «Toshkent viloyatida bazalt asosida issiqlik o‘tkazmaydigan materiallar (mineral vata, mata, plita) ni ishlab chiqarishni tashkil qilish» investitsion loyihasi amalga oshirilgan. Unga ko‘ra sexda yiliga 500 tonna mineral vata, 2 850 tonna matlar, 6650 tonna plita ishlab chiqariladi. Maqsad kombinatning eksport potensialini oshirish, kelajakda yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish. Bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlardan qurilish va boshqa sanoat tarmoqlarida keng foydalanilmoqda.

Tadbirda OAV xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan to‘liq javob olishdi.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi
Matbuot xizmati

Mavzuga oid