O‘zbekiston | 22:07 / 31.01.2020
29044
9 daqiqa o‘qiladi

«Talabaga bu fan nega kerakligini tushuntira olish muhim» – Kopengagen universitetining o‘zbek professori

Kun.uz bugungi ilm-fan, yangi ilmiy tadqiqotlar haqida ilm ahli - olimlar bilan suhbatlarini davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Kopengagen universitetining yosh professori Bekzod Hakimov bo‘ldi.

Bekzod Hakimov shug‘ullanayotgan ilm sohasi metobolomika deb ataladi. Bu – ko‘pchilik uchun notanish soha.

Suhbat davomida yosh o‘zbek olimining ilm va oliy ta'lim borasidagi qarashlari, oldinda turgan muammolar, ularga taklif qilinayotgan yechimlar haqida so‘z bordi.

– Bekzod aka, o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz: ilm yo‘lida qanday bosqichlardan o‘tdingiz?

– Bu darajaga chiqishimda muhim bosqich bo‘lgan Samarqanddagi 4-respublika litsey-internati haqida ham aytishim zarur. Chunki aynan shu litsey men uchun katta hayotga tayyorlov va ilmga qiziqishimga sabab bo‘lgan. U yerdagi tahsilni tamomlab, O‘zMU kimyo fakultetiga o‘qishga kirganman. Bakalavr darajasini olganimdan so‘ng Londonga ketib, ingliz tilini o‘rgandim. London universitetining Queen Mary kollejida o‘z soham bo‘yicha magistraturada o‘qidim.

Keyin aspirantura o‘qib, ilmiy laboratoriyada ishlash maqsadida ko‘pgina variantlarni ko‘rib chiqa boshladim. Shunda Kopengagen universitetida oziq-ovqat yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy ish olib borayotgan laboratoriyaga aspiranturaga qabul qilindim. 2013 yilda PhD unvoniga ega bo‘ldim. Shundan keyin o‘sha universitetda dotsent, hozir esa professor sifatida ishlab kelyapman.

– O‘zingiz shug‘ullanayotgan ilm yo‘nalishi haqida gapirib bersangiz.

– Hozirda fudomiks va data analiz (ma'lumotlarni statistik tahlil qilish) yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy ish olib boraman. Fudomiks nima? U oziq-ovqat tarkibidagi molekulalar miqdori va ularning sifati analizi bilan shug‘ullanadigan soha hisoblanadi.

Barcha oziq mahsulotlari molekulalarining umumiy kartasi tuziladi hamda buning inson sog‘ligiga qanday ta'sir qilayotgani: ijobiy yoki salbiyligi; ijobiy bo‘lsa nimasi bilan shunday, salbiy bo‘lsa nima uchun shunday bo‘layotgani o‘rganiladi. Fudomiks, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi, oziq-ovqat sifati kabi yo‘nalishlarga ham ega.

Bizning asosiy vazifalarimizdan biri – o‘sha oziq mahsuloti peshlavhasiga yozilgan narsalar barchasi bormi yoki boshqa narsalar ham qo‘shilganmi, shularni o‘rganish. Keyin esa iste'molchilarni bundan ogohlantirish kerak bo‘ladi.

Kopengagendagi laboratoriyamizda inson sog‘lig‘i va yashash tarziga diyetaning qanday ta'sir qilishini o‘rganamiz. Masalan, biz 2016 yilda «Journal of proteome research» jurnalida maqola chop qilganmiz. Unda yangi skandinaviya diyetasi (New Nordic Diet) qanday qilib inson salomatligiga ijobiy ta'sir qilishini o‘rganish natijalari e'lon qilingan.

Tadqiqot davomida 150 nafar ko‘ngillini tanlab oldik, ularning yarmi yangi skandinaviya diyetasi asosida, yarmi esa oddiy diyetasini olib bordi. Diyetani boshlashdan avval va tugagandan keyin ulardan metabolomiks yo‘li bilan biologik analiz olindi.

Natijalarni taqqoslab shunday xulosaga keldikki, gipertoniklarning qon bosimi me'yorlashdi, vazni og‘ir kishilarning vazni ancha pasaydi. Bizning tadqiqotimiz bu borada Skandinaviyada olib borilgan ilk tadqiqot edi.

– Fudomiksning bugungi kunda ilmiy muammolarni yechishda ahamiyati qanchalik katta?

O‘zbekistonda hozirgi kunda iste'mol qilinayotgan oziq-ovqatning inson sog‘ligiga ta'siri o‘rganilmayapti, deya ayta olaman. Chunki buning uchun jahon talablariga javob beradigan laboratoriyalarimiz endi-endi rivojlanyapti.

Biz doim iste'mol qiladigan ko‘p ovqatlar sog‘ligimizga qanday zarar berishi, metobolizmimizning qaysi jarayoni buzilayotgani, oqibatda qanday kasalliklar kelib chiqayotgani, ularni qanday to‘xtatish mumkinligi va buni odamlar ongiga singdirish borasida ilmiy ish qilish niyatim bor.

– O‘zbekistonlik olimlar bilan sohangiz doirasida qanday hamkorlik olib boryapsiz?

– Men O‘zbekistondagi ilmiy muhit bilan doim aloqada bo‘lib turaman. Hali Londonda magistraturada o‘qib yurganimdayoq bizni o‘qitgan ustozlarimiz bilan aloqalarim bor edi. Ular bilan doimo ilmiy muammolar, yangiliklar haqida gaplashib kelaman. Eng asosiy muammolarimiz 2014 yilda Ilg‘or texnologiyalar markazi tuzilayotgandayoq aniq bo‘lgandi: bizda kadrlar yetishmaydi. Yosh olimlarni, yosh iqtidorli kadrlarni tayyorlash zarur.

Ilmiy faoliyatim davomida shu muammoni hal qilishga yordamlashib kelyapman. Yevropa Ittifoqidan ikki marta Erasmus mobility grant degan grand yutib olib, chet ellik olimlar bilan o‘zbek talabalariga treninglar o‘tib kelaman. Masalan, o‘tgan yili 15 kun mobaynida daniyalik ikki hamkasbim bilan birga 30 nafar o‘zbek talabalarini o‘qitdik. Kurs yakunida meni quvontirgan narsa – talabalarning qabul qilishi: ularning zehni, qobiliyati juda yaxshi, hatto daniyaliklardan ham.

Ilg‘or texnologiyalar markazi bilan yana bir qo‘shma loyihamiz bor. Ular bilan birgalikda Yevropaning Daniya, Ispaniya, Gollandiya davlatlaridagi ilg‘or universitetlarga talabalarimizni yuborish va u yerdan yetakchi ekspertlarni O‘zbekistonga jalb etish borasida loyiha qilyapmiz. Ular bu yoqqa kelib, universitetlardagi o‘qituvchilar, laborantlar, ilmiy tekshirish institutlaridagi xodimlarga trening qiladi. Uning nomi iCampus deb ataladi.

2013 yildan beri anchagina zamonaviy asboblar xarid qilingan. To‘g‘risi, men ularning hozirgi kunda ishlatilish darajasidan qoniqmayman. Bundan ham yaxshi ishlatish mumkin. Bunday bo‘lishiga sabab esa sotib olingan apparatni ishlatadigan kadrlarni tayyorlab bo‘lganimiz yo‘q hali.

Shuning uchun ham Yevropa Ittifoqidan moliyaviy yordam so‘rayapmizki, yosh kadrlarni tayyorlash, ilmiy xodimlarni ko‘paytirishni maqsad qilyapmiz. Loyiha ikki marta qaytdi, lekin uchinchi marta ham yuboramiz, Xudo xohlasa olamiz. Unda O‘zbekistondagi 8ta universitetdan 1000ga yaqin talaba, shuningdek 100dan ortiq professor-o‘qituvchi va olimlarni qamrab olish rejalashtirilgan.

Chetdan keladigan olimlar bilan bu yerda konferensiya, seminar, treninglar qilamiz, hatto bir narsa mo‘ljal qilyapmizki, kichik mobil asbob-uskunalarimizni o‘zimiz bilan olib kelamiz va bevosita amaliyotini ko‘rsatamiz. Chunki bu kabi apparatlar bir jomadonga joy bo‘ladi.

– Bugungi kunda universitet lektori qanday bo‘lishi kerak, sizningcha?

– Universitet lektori birinchi navbatda innovativ va talabani o‘ziga qiziqtira olishi kerak. Ikkinchidan, o‘zi o‘tayotgan mavzuni nima uchun o‘qityapti, ertaga nima uchun kerak bo‘lishini talabaga tushuntirib bera olishi kerak.

Talabalik paytimni eslayman, ancha-muncha fanlarni nima uchun o‘qiyotganimizni bilmasdik. Hozirgacha o‘shanga ketgan vaqtimga achinaman.

Talaba qaysidir fanni nima uchun o‘qiyotganini bilishi kerak, bu uning haqqi. U nima uchun kerakligini tushunib yetishi lozim.

Universitet professori, ma'ruzachisi innovativ bo‘lishi kerak dedim. Bu nima degani? Talabaga doskada formulalar yozish qiziq emas, uning qo‘liga berish kerakki, o‘zi amalda sinab ko‘rsin. Masalan, professor mavzuni tushuntirib, keyin bir tomchi yog‘, shuni tarkibidagi molekulalarni aniqlash uchun nima qilasan, qanaqa metodika qo‘llaysan, qaysi asbob-uskunadan foydalanasan, deb ixtiyorni talabaga berishi kerak.

– Ilmga kirib kelayotgan yoshlarga qanday maslahat berasiz?

– Talabaga ta'sir qiladigan narsa bu – muhit. Universitetga kelgan talabaga lektorning ta'siri katta bo‘ladi. Shu ma'noda yana bir bora aytish kerakki, dunyo tajribasiga ega kadrlar kerak. Talabalar ma'ruzada o‘tirganda, ma'ruzachidan ko‘z uzolmasligi, aytayotgan har bir informatsiyasini olishi kerak bo‘ladi.

Ikkinchi tomondan, ko‘p talabalarda demotivatsiya bor. O‘qishga kirayotganda yoki kirganda, o‘ziga haqiqatan ham men shu sohada ekspert bo‘lamanmi, shu sohada ishlaymanmi, degan savolni bermaydi.

Ko‘cha iborasi bilan aytganda, fanatik talabalar yo‘q emas, bor. Ularni tarbiyalash, qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Men bu vaziyatni o‘z tajribamda ko‘rdim. Treninglarimiz davomida ular bilan uchrashib, gaplashdim.

Bundan tashqari, faqatgina ingliz tilini bilish emas, umumjahon adabiyotiga to‘liq olib kirish lozim. O‘z sohasida ishlayotgan olimlarimizga umumjahon adabiyotidan qanaqa maqola kerak bo‘lsa, olib o‘qishi juda katta ahamiyatga ega. Ba'zi maqolalarni oddiy qidiruv tizimi orqali topib bo‘lmaydi.

Mavzuga oid