«AQSh har qachongidan kuchli»: Tramp kongressga har yillik murojaatnoma bilan yuzlandi
AQSh prezidenti Donald Tramp kongressga mamlakatning holati bo‘yicha har yillik murojaatnoma bilan yuzlandi. U AQShning holatini “har qachongidan kuchli” deb atagan.
Trampning chiqishini Fox News telekanali namoyish qilgan.
“Amerikaning dushmanlari har tomon qochgan, Amerikaning holati a'lo darajada va kelajagi yorqin porlamoqda. Biz yaqindagina tasavvur qilishimiz qiyin bo‘lgan sur'atlar bilan olg‘a bormoqdamiz va hech qachon ortga qaytmaymiz”, deb aytgan Tramp o‘z murojaatnomasida.
U mudofaaga katta xarajatlar qilinayotgani va noqonuniy migratsiyani to‘xtatish uchun “mislsiz” choralar ko‘rilayotganini qayd qilib o‘tgan. AQSh prezidenti Yaqin Sharqdagi urushlarda amerikalik harbiylar ishtirokini tugatmoqchiligini aytgan.
Tramp minbardan turib terrorchilarga murojaat qilib, ular AQSh ta'qibidan qocha olmasligini aytgan.
“Bizning terrorchilarga signalimiz aniq-ravshan: “Siz AQSh sudlovidan yashirina olmaysiz. Agar fuqarolarimizga hujum qilsangiz, hayotingizdan mahrum bo‘lasiz”, deb aytgan Tramp va shu bilan bog‘liq holda eronlik general Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishini eslab o‘tgan hamda uni “bosh terrorchi” deb atagan.
Tramp, shuningdek, Xitoy hamda Meksika va Kanada bilan yangi savdo kelishuvlari tuzganini ta'kidlab o‘tgan. U AQSh va Xitoy o‘rtasidagi joriy munosabatlarni “ehtimol har qachongidan yaxshi” deb atagan.
AQSh rahbari Kuba, Nikaragua va Venesuela aholisining demokratiya tiklanishiga umidlarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. U Venesuela muxolifati yetakchisi Xuan Guaidoga yuzlanib, prezident Nikolas Maduro “zulmini yo‘q qilishga” va'da bergan. Tramp, shuningdek, Eron rahbariyatini yadro qurolini olishga urinishlaridan voz kechishga chaqirgan. U Tehron terror, o‘lim va vayrongarchilikni yoyishni to‘xtatishi kerakligini, shunda AQSh “qisqa vaqt” ichida Eron iqtisodiyotini tiklashda yordam berishini aytgan.
AQSh prezidenti koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Xitoy hukumati bilan hamkorlik qilayotgani va zarur choralar ko‘rilishini aytgan.
Tramp Oyga birinchi ayolni qo‘ndirish va Marsda AQSh bayrog‘ini o‘rnatish uchun kongressni AQShning koinot dasturini moliyalashtirishga chaqirgan.
“Mamlakatning holati haqidagi” (State of the Union Address) murojaatnoma AQSh prezidentining kongressga murojaatnomasi bo‘lib, bunday ilk murojaat bilan 1790 yil 8 yanvarda AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington chiqish qilgan va buni har yil qilish an'anasiga asos solgan.
AQSh prezidentlari har yillik murojaatnomalarida mamlakatdagi holat bo‘yicha o‘z qarashlarini ifodalaydilar, mamlakatning ichki va tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beradilar. Ularning nutqi kongressning qonunchilik faoliyati dasturi sifatida qabul qilinadi.
Prezident o‘z murojaatnomasini kongressning ikki palatasi qo‘shma yig‘ilishida oliy sud sudyalari, shtablar boshliqlari birlashgan qo‘mitasi va hukumat a'zolari oldida o‘qib eshittiradi. Bunda vazirlardan biri (navbatchi vazir) prezident kongressga murojaat qilayotgan vaqtda mamlakatda favqulodda vaziyat yuz bergudek bo‘lsa, uni boshqarishni o‘z qo‘liga olish uchun yig‘ilishda ishtirok etmaydi. Prezident nutqi vaqti-vaqti bilan olqishlanib turiladi, bu olqishlarning davomiyligi va ko‘pligi bo‘yicha Oq uy rahbarining qanchalik qo‘llab-quvvatlanishi haqida xulosa chiqarsa bo‘ladi.
Mavzuga oid
17:40
Bayden 2025 yil uchun rekord darajadagi AQSh mudofaa budjetini tasdiqladi
17:05
AQShda so‘nggi 4 yilda 749 nafar o‘zbekistonlik hibsga olindi
16:18
“Kanalni savol-javobsiz qaytarib olamiz” – Tramp Panamaga tahdid qildi
15:04