Iqtisodiyot | 15:30 / 05.02.2020
57575
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus effekti. O‘zbekiston iqtisodiyotida pasayish yuz berishi taxmin qilindi

Asosiy sabab - tashqi cheklov omillarning ta'siri, shu jumladan, Xitoyda koronavirusning tarqalishi

Foto: AP

Yaqin kelajakda O‘zbekiston iqtisodiyoti qiyin sharoitlarga duch kelishi mumkin. Bu haqda Fitch Solutions sharhida aytilgan (Fitch Rating’ga bog‘liq bo‘lmagan mustaqil bo‘linma, shuning uchun ularning ma'lumotlari o‘zaro farq qilishi mumkin), deb yozmoqda Spot.

Fitch Solutions tahlilchilari fikriga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotining real o‘sishi 5,4 foizgacha sekinlashadi, 2019 yilda esa bu raqam 5,6 foiz darajasida prognoz qilingandi.

Buning sababi - tashqi cheklov omillari, jumladan, Uxanda koronavirusning tarqalishi bo‘lib, u Xitoy iqtisodiyotining o‘sish istiqbollari, ayniqsa savdo va importga bo‘lgan talab nuqtai nazaridan jiddiy xavf tug‘diradi. Ayni paytda, O‘zbekiston eksportining eng katta ulushi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

«Bizning prognozga ko‘ra, sof eksport ulushi 2019 yildagi -0,5 foiz punkti prognozidan 2020 yildagi -1,3 foiz punktiga pasayadi», - deyiladi hisobotda.

Shuningdek, iqtisodiy beqarorlik, operatsion qiyinchiliklar va nomutanosibliklar yaqin yillar uchun potensial xavf sifatida qayd etilgan.

So‘mning qadrsizlanishi va infratuzilmadagi zaiflik natijasida inflyatsion bosimning kuchayishi iqtisodiy fon yanada beqaror bo‘lishiga olib keladi, deya hisoblamoqda tahlilchilar.

«Biz tashqi talabning zaifligi tufayli o‘sish sur'atlari pasayishini prognoz qilmoqdamiz. O‘zbekiston global savdo va investitsiyalar bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, keskin iqtisodiy pasayishga duch kelishi mumkin», - deya qayd etadi Fitch Solutions.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda operatsion muammolar hali ham mavjud va hukumat chet el investitsiyalarini ko‘paytirishga qaratilgan islohotlar rejalari doirasida transport infratuzilmasi hamda boshqa qator holatlar hisobga olinishini ta'minlashi kerak.

Fitch’ning operatsion xatar bo‘yicha jamoasi O‘zbekistonni 100 balldan 44,2 ballga baholagan. Tahlilchilar ogohlantirishicha, tashqi moliyaviy oqimlarning ochilishi spekulyatsiya, ortiqcha investitsiyalar va qarz yukining oshishi xavfini tug‘diradi.

Shuningdek, mamlakat zaxiralari tashqi moliyalashtirish bo‘yicha ehtiyojlarni qoplayotgani qayd etilgan. 

Mavzuga oid