Jamiyat | 15:01 / 05.02.2020
17194
5 daqiqa o‘qiladi

Xatirchidagi qishloqda barcha qiyinchiliklar jam: Muammolarni hashar yo‘li bilan eplab bo‘lmay qoldi

Bu qishloqda soy ustidan o‘tuvchi ko‘prik qachonlardir buzilib ketgan. Soyda suv ko‘payganda kimningdir tobi qochsa ikkita mashina chaqiriladi: biri - soygacha, odamlar bemorni ko‘tarib amallab suvdan olib o‘tgach, ikkinchisi soyning narigi tomonidan bemorni shifoxonaga olib ketadi.

Avvalo, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida joylashgan bu qishloq ahlining tashabbuskorligi, mehnatkashligiga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. Shu kunga qadar Navandak ahli biror masalada yordam so‘rab hech qayerga murojaat qilmagan: yo‘l kerak bo‘lsa — o‘zi ta'mirlagan, ko‘prik kerak bo‘lsa — o‘zi qurgan; bolalar bog‘chasi va qishloq vrachlik punktini ham qishloq ahlining o‘zi hashar bilan qurib bitkazgan.

Ammo vaqt o‘tib bularning bari yana talabga javob bermay qo‘ydi. Mavjud muammolarni hashar yo‘li bilan ham eplab bo‘lmay qoldi. Qishloq ahli ayniqsa ko‘prik masalasida hokimiyatdan yordam so‘rashga majbur bo‘lmoqda.

Navandakka yog‘ingarchilik kunlari mana bu «ko‘prik» orqali kirib borasiz:

Sababi — qishloqni tashqi dunyo bilan bog‘lab turuvchi asosiy eski ko‘prik qachonlardir buzilib ketgan. Suv ko‘paysa undan o‘tish imkonsiz bo‘lib qoladi.

Agar soyda suv bor vaqtda kimningdir tobi qochib qolsa, ikkita mashina tashkil etilar ekan. Birinchisi — shu soygacha, odamlar bemorni ko‘tarib amallab suvdan olib o‘tgach, narigi tomondan kelgan ikkinchi mashina bemorni shifoxonaga olib boradi.

Aholini eng ko‘p qiynayotgan hol — bolalarning maktabga qatnashi.

«Maktabga o‘quvchilarimiz shu ko‘prikdan o‘tib qaytadi. Ular darsga yetib kelgunicha ham, ketgunicha ham yurak hovuchlab o‘tiramiz. Eski metallni ko‘prik sifatida o‘rnatishgani uchun ustidan odam yurganda har doim qimirlab turadi. Bolalar tushib ketmasin deb qo‘rqamiz. O‘tgan yili yoshi katta odam toyib ketib oyog‘i singandi», deydi shu qishloqda yashovchi o‘qituvchi Mahbuba Umrqulova.

Navandak ahli bundan o‘n yillar oldin hashar yo‘li bilan bolalar bog‘chasi uchun bino qurgan (Qishloqda 350 nafarga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor). Ammo rasman bog‘cha ochilmagach, qo‘shni qishloqda joylashgan QVPning filiali tashkil etilgan. Shu kungacha mazkur filial aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Aholini qattiq norozi qilgan narsa shuki, hashar yo‘li bilan qurilgan ana shu filial auksionga qo‘yilib, sotib yuborilgan. Yog‘ingarchilik oylarida qishloqqa kirib chiqish mashaqqat, ko‘prikning ahvoli yuqorida aytildi. Agar filial yopilgudek bo‘lsa bitta arzimas muolaja uchun hamshiraga uchrash ham bir yarim ming kishilik qishloq aholisi uchun haqiqiy muammoga aylanadi.

Hartugul, binoni sotib olgan odam shu qishloq manfaatini ko‘zlagan ekan. Uning aytishicha, u maktabgacha tarbiya muassasasi qurish uchun bu binoni sotib olgan. Qishloq vrachlik punkti filialini ham buzmoqchi emasligini to‘plangan aholi oldida ma'lum qildi.

Hashar yo‘li bilan qurilgan QVP

Hududlarda uchrashi mumkin bo‘lgan muammolarning barchasi Navandakda jam bo‘lgandek. Aytaylik, qishloqda ichimlik suvi muammosi odamlarni qiynaydi. Suv inshooti aslida bir necha yil oldin qurilgan, ammo uni ta'mirlab, ishga tushirib beradigan odamning o‘zi yo‘q.

Ko‘pchilik hududlarda elektr tarmoqlari eskirib ketgani yangilik emas, ularning barchasini birdaniga yangilashning imkoni ham yo‘q. Ammo Navandakda bu holatga ham to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Chunki bu yerdagi simyog‘ochlar ahvoli hammasidan o‘tib tushadi. Siz suratda ko‘rib turgan simyog‘ochlarni yaxshiyam elektr simlari ushlab turibdi. Aks holda...

Xullas, Navandak qishlog‘i aholisi, muammolar bilan o‘zlari kurashib charchagan. O‘ylaymizki, Navoiydek ulkan salohiyatli viloyatda bunday qishloq muammolariga yechim topsa bo‘ladi.

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid