O‘zbekiston | 20:40 / 06.02.2020
29508
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev neft-gaz sohasidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda neft-gaz sohasidagi tizimli muammolar barham topmayotgani, bu holat boshqa tarmoqlar rivojiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani ta'kidlanib, joriy yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 fevral kuni neft-gaz sanoatidagi ishlar natijadorligi, tabiiy gaz va suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha joriy yilgi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Neft-gaz sanoati aholi va iqtisodiyot tarmoqlari uchun energiya manbai, ko‘plab mahsulotlar uchun xomashyo yetkazib beradigan muhim sohadir. Shu bois energetika, neft-gaz, geologiya yo‘nalishlarida chuqur tarkibiy islohotlar, raqobatdoshlikni kuchaytirishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv tizimi takomillashtirildi, uning tarkibida bo‘lgan «O‘ztransgaz» va «Hududgazta'minot» aksiyadorlik jamiyatlari alohida tuzilma sifatida qayta tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 18 noyabrdagi «Neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, yangi konlarni aniqlash, uglevodorod xomashyosi zaxiralarini rivojlantirishning barcha tashkiliy-moliyaviy jihatlari belgilab berilgan edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga joriy yil 24 yanvardagi Murojaatnomasida xorijiy ekspertlarni neft-gaz sohasidagi davlat korxonalarini boshqarishga jalb etib, ularning samaradorligini oshirish va xarajatlarini optimallashtirish, qarz miqdorini kamaytirishga erishish lozimligini ta'kidlagan edi. Yangidan tasdiqlangan hukumat oldiga shu borada ustuvor vazifalar qo‘yildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda neft-gaz sohasida joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Yaratilgan sharoitlarga qaramay, tizimli muammolar barham topmayotgani, boshqa tarmoqlar rivojiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani ta'kidlab o‘tildi.

«Bir narsani hammamiz tushunib olishimiz lozim. Biz sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha o‘tgan uch yilda ko‘pgina chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etdik. Lekin natijalarni tahlil etadigan bo‘lsak, hali neft-gaz, elektr energiyasining barqaror ta'minotida xalqimiz, tadbirkorlarimiz talabini to‘la qanoatlantira olmayapmiz. Shuning uchun, har bir masalaga chuqur e'tibor qaratib, yangicha yondashuvlar asosida samarali ish tizimini tashkil etishimiz kerak. Agar bu vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirmasak, iqtisodiyotimizda ko‘zlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz», – dedi Prezident.

Korxonalarni modernizatsiya qilish ishlari yetarli emasligi, gaz yetkazib berishda yo‘qotish ko‘pligi hamda uzilishlarga yo‘l qo‘yilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Energetika vazirligiga joriy yilda iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yoqilg‘i mahsulotlarini barqaror yetkazib berish uchun 2019 yilgiga nisbatan 4,3 milliard kub metr ko‘p tabiiy gaz qazib olish vazifasi qo‘yildi. Ishlab chiqarish va iste'molchilarga yetkazib berish oralig‘idagi texnologik sarf va yo‘qotishlarni kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Neft-gaz sohasini isloh qilish bo‘yicha «loyiha ofisi»ga ilg‘or xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilish, korxonalarda rahbar xodimlarning maoshini faoliyat samaradorligini baholash ko‘rsatkichlariga (KPI) bog‘lash zarurligi ta'kidlandi. Sohadagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha «komplayens nazorat» tizimi joriy etilishi belgilandi.

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga har bir konning holatini tanqidiy tahlil qilib, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Aholining suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasini barpo etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha 3 ta loyihani yakunlash lozimligi qayd etildi. 

Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) ishlab chiqarish zavodi qurilishining borishi ko‘rib chiqildi. Soha korxonalarida «raqamli kon», xo‘jalik boshqaruvi va resurslarning avtomatlashtirilgan hisobini yuritish dasturlarini (ERP) joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

«O‘ztransgaz» va «Hududgazta'minot» aksiyadorlik jamiyatlariga joriy yil iyul oyiga qadar 2,5 mingta yirik iste'molchini tabiiy gaz hisobini yuritishning onlayn tizimiga ulash vazifasi yuklatildi. Tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida kamida 2 million iste'molchiga zamonaviy elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatish zarurligi qayd etildi.

 Yig‘ilishda muhokama qilingan chora-tadbirlarni jadallashtirish bo‘yicha mas'ullar belgilandi.

Mavzuga oid