O‘zbekiston | 17:31 / 07.02.2020
4394
5 daqiqa o‘qiladi

«Aqlli shahar» texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xalqaro ekspertlar bilan seminar o‘tkazildi

2019 yil yanvarida «Aqlli shahar» texnologiyalarini joriy etish konsepsiyasi tasdiqlangan edi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Bugun, 7 fevral kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi, Jahon banki ekspert guruhi vakillari hamkorligida Toshkent shahridagi Amiti universitetida «Raqamli shaharni rivojlantirishda aqlli shaharning roli» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Janubiy Koreyaning Pusan «aqlli shahri» loyihasining bosh strategi Jon-Sun Xvan va turli idora vakillari qatnashdi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Kun.uz muxbiri tadbirdan so‘ng Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Azimjon Nazarov bilan suhbatda bo‘ldi.

«Aqlli shahar» texnologiyalarini joriy etishda to‘siq bo‘layotgan omillar nimalardan iborat?

– Bu - ma'lumotlarni muvofiqlashtirishdagi muammolar. Eng asosiysi, sohalarning raqamli tizimga o‘tmaganligi. «Aqlli shahar»da raqamlar bilan ishlash juda muhim. Shuning uchun ham transport sohasini raqamlashtirish, shuningdek, tibbiyot va ta'lim sohalaridagi ma'lumotlar elektron shaklda bo‘lishi kerak. Boshqarishda ham ma'lumotlarning elektron shaklda bo‘lishi ularni tezda tahlil qilish va qaror chiqarishga yordam beradi. Ana shu ma'lumotlarning yo‘qligi hozirgi kunda bizda «aqlli shahar» texnologiyalarini joriy qilishda to‘siqlarga olib kelyapti.

– Bir necha yildirki, «aqlli shahar» konsepsiyasini joriy etish haqida gapirib kelinadi. Elektr energiyasi va internet bilan bog‘liq muammolar bo‘lgani holda konsepsiyani to‘liq amalga oshirilishiga qanchalik ishonasiz?

– Bu savolga javob berishda shuni aytardimki, agar to‘siq, muammolar bor desak, hali ham kutishimiz mumkin. Dunyo «aqlli shahar» konsepsiyasini 20 yil oldin boshlagan. Biz jarayonni jadallashtirishni boshlaganimizga ikki yil bo‘ldi.

Asosiy sabab nimada bo‘lgan? Hozir O‘zbekiston raqobatbardosh davlatlar qatoriga kirmoqchi. Shuning uchun har bir sohada rejalashtirgan ishlarimiz bo‘lishi kerak. Umumiy rivojlanishda hamma narsa raqamlashtirilayotganda, dunyoda 3,5 milliarddan ortiq aholida smartfonlar borligi, 4,5 milliarddan ortiq aholi internetdan foydalanishi – bu sharoitdan foydalanish kerak.

Albatta, elektr energiyasi, internet – bu muhim elementlar. Energetika vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ham bu konsepsiyaning asosiy ijrochilaridan biri.

Bu yo‘nalishda biz ilm-fanga ham e'tibor qilishimiz kerak. Energetikada muqobil energiyadan foydalanish bo‘yicha ham ishlar amalga oshirilyapti.

Avval muammo nimada edi? Muammo energetika sohasida davlat organi yo‘q edi. Mana endi Energetika vazirligi – davlat organi paydo bo‘lib, o‘sha sohani rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shyapti.

– Sizningcha, O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotni qaysi yo‘nalishlardan boshlashi maqsadga muvofiq bo‘ladi?

– Menimcha, raqamli iqtisodiyotni faqat bitta yo‘nalishda rivojlantirishdan boshlash kerak, deyish noto‘g‘ri. Hammasini birdaniga olib borishimiz kerak. Sababi, masalan yer munosabatlari bilan olinganida, hozirgi kunda eng muhim masala – kadastrni raqamlashtirish.

Bu ertaga «aqlli shahar»ga ham yordam beradi. Ya'ni shaharda qancha aholi joylashgan, uning mulki va h.k. Xuddi shunday ta'limda ham. Ta'limni raqamlashtirmasdan turib, shaharda nechta maktab, unda nechta o‘rin borligini bilishning iloji yo‘q. Xuddi shunday tibbiyot, transportda ham.

Konsepsiyada hatto mahallani ham qo‘shganmiz. Mahallani ham raqamlashtirishimiz kerakki, har bir komponent raqamlashmasa, shaharni «aqlli» qilish qiyin.

Yana bir tendensiya – bizda 60 foiz aholi qishloqlarda, 40 foizi shaharlarda yashashi. Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, aholining 80 foizi shaharda yashaydi.

«Aqlli shahar»ning yana bir ustunligi – aholi uchun sharoitni yaxshilash bilan birgalikda, iqtisodiyotga o‘zining ijobiy ta'sirini ko‘rsatishi. Chunki 80 foiz aholi shaharlarda yashaganidan keyin u yerda ishlaydi, soliq to‘laydi. Demak, bu iqtisodiyotga o‘z qiymatini ham beradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda «Aqlli shahar» texnologiyalarini joriy etish konsepsiyasi 2019-2030 yillarda 4 bosqichda amalga oshiriladi.

«Aqlli transport», «aqlli ta'lim», «aqlli tibbiyot», «aqlli energetika tizimi», «aqlli qurilish» «aqlli kommunal xo‘jalik», «aqlli uy», «aqlli hokimiyat», «aqlli mahalla» kabi loyihalar «Aqlli shahar» texnologiyalarini joriy etishning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilangan.

Mavzuga oid