O‘zbekiston | 23:16 / 07.02.2020
72932
6 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston va Qozog‘iston OTMlari o‘zbek talabalariga hujjatlarini bermayotgani aytilmoqda. Vazirlik munosabat bildirdi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bu masala Tashqi ishlar vazirligi orqali hal qilinishini bildirib, qo‘shni respublikalar OTMlarining turli bahonalar bilan bu kabi to‘siqlar qo‘yishi noto‘g‘riligini aytdi.

7 fevraldan qo‘shni respublikalarda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘qishini mahalliy OTMlarga ko‘chirish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi.

Qabul 8 kun davom etadi. Bunda hech qanday qo‘shimcha talablar va sinovlarga yo‘l qo‘yilmasligi e'lon qilingan. Natijada qo‘shni davlatlarda o‘qiyotgan ko‘plab o‘zbek talabalari bu yangilikni katta xursandchilik bilan qabul qildi.

Ammo kunning ikkinchi yarmiga borib, ijtimoiy tarmoqlarda, shu jumladan Kun.uz sahifalariga turli e'tirozli fikrlar kela boshladi. Talabalar ayrim qo‘shni davlat oliygohlari ularga hujjatlarini bermayotganini aytishmoqda.

Murojaatlarda aytilishicha, asosan Qirg‘iziston va Qozog‘iston Respublikasidagi OTMlar talabalardan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi ruxsatnomasini talab qilishmoqda. Yana ayrimlarida hujjatni olish uchun yarim yillik kontrakt to‘lovini to‘lab berish sharti qo‘yilgan.

Kun.uz muxbiri bu murojaatlar bo‘yicha aniq ma'lumot olish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati boshlig‘i Farxod Babashev bilan bog‘landi.

«Bu borada menga ham turli murojaatlar yetib kelmoqda. Bu – Tashqi ishlar vazirligi vakolatidagi masala. Bu masala O‘zbekiston Respublikasining qo‘shni davlatlardagi elchixonalari va vakolatxonalari orqali hal qilinadi.

Oliy ta'lim muassasalari o‘qiyotgan talabaning hujjatlarini o‘rnatilgan tartibda berishi kerak. Turli bahonalar bilan bu kabi to‘siqlar qo‘yilishi noto‘g‘ri», – deya munosabat bildirdi vazirlik rasmiysi.

Ma'lum qilinishicha, bu masalada O‘zbekistonning qo‘shni davlatlardagi elchixonalari va vakolatxonalari orqali amaliy yordam ko‘rsatiladi.

– O‘qishini imtihonlarsiz O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyati faqat qo‘shni davlatlardagi fuqarolarimiz uchunmi yoki bu imkoniyat boshqa davlatlardagi talabalarga ham taqdim etiladimi?

– Bu imkoniyat faqat yaqin qo‘shni davlat OTMlarida o‘qiyotgan talabalar uchungina amal qiladi. Boshqa davlatlar uchun ko‘zda tutilmagan.

– Ukraina va Rossiyada o‘qiyotgan talabalarda ham shu mazmundagi so‘rovlar ko‘p...

– Bu davlatlar bilan bo‘ladigan masalalar asosan yoz oylarida ko‘rib chiqiladi. Vazirligimiz fuqarolar murojaatlari asosida bu masalani ham ko‘rib chiqishga tayyor.

– O‘qishini ko‘chirgan talabalar o‘qishni qachondan boshlashi mumkin va kontrakt to‘lov masalasi qanday hal qilinadi?

– Bu talabalar o‘qishni hujjatlarni rasmiylashtirgandan keyin shu semestrni o‘zidan boshlab ketaveradi. Kontrakt masalasi esa ular qaysi OTMga kelishiga qarab o‘sha muassasa tartibidan kelib chiqadi. Bu tartib talaba tomonidan qo‘shni davlatda qanday tartibda stipendiya to‘laganidan qat'iy nazar amal qiladi.

– Qo‘shni davlatlarda o‘qiyotgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini hech qanday imtihonlarsiz yurtimizga ko‘chirish imkoniyati birinchi bor taqdim etilmoqda. Bundan qanday maqsad ko‘zlangan?

– Haqiqatda, bu imkoniyat birinchi bor taqdim etilmoqda. Bundan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston kabi davlatlarda tahsil olayotgan talabalarning o‘qishlarini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha murojaatlarini ijobiy hal qilishi va ularga ko‘mak berish maqsadi ko‘zlangan.

Bu borada talabalar, ota-onalar o‘rtada bo‘ladigan turli uddaburonlarning aldovlariga ishonib qolmasligi kerak.

Talabalar tegishli hujjatlarini bizga taqdim qilsa, Toshkent shahri va viloyatlar markazlaridagi davlat universitetlariga hujjatlari qabul qilinadi. Bunda talabalarga hech qanday imtihon va sinovlarsiz o‘qishini O‘zbekistonda davom ettirish imkoniyati beriladi.

Hozirda vazirligimiz xodimlari viloyatlarda bo‘lib turishibdi. Ya'ni viloyatlardagi talabalar va ularning ota-onalari ham Toshkentga, vazirligimizga kelib yurishi shart emas. Barcha ishlar xududlarning o‘zida hal qilinadi.

Yana bir bor qaytaraman, turli tushunmovchilik va korrupsiya holatlari yuzaga kelmasligi uchun talabalar o‘z hujjatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri universitetlarga taqdim etishlari kerak.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

***

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston fuqarolari mamlakatning qo‘shni respublikalardagi elchixonalariga quyidagi kontaktlar orqali bog‘lanib, o‘qishini ko‘chirish masalasida yordam so‘rashi mumkin:

O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘iston Respublikasidagi elchixonasi
Manzil: 010000, Nur-Sulton shahri, Komsomol massivi, Layli va Majnun ko‘chasi, 7-uy
Telefon: +7 (7172) 95-42-52
Sayt: http://www.uzembassy.kz/

O‘zbekiston Respublikasining Qirg‘iziston Respublikasidagi elchixonasi
Manzil: Bishkek sh., Chingiz Aytmatov ko‘chasi, 177-uy.
Telefon: 996-312 98-62-95
Sayt: http://kyrgyzstan.mfa.uz/

O‘zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi elchixonasi
Manzil: 734003, Dushanbe shahri, Sanoi ko‘chasi, 30-uy
Telefon: 992-37 224-76-57, 992-37-224-75-39, 992-37-224-75-42
Sayt: http://uzbekistan.tj/

 

Mavzuga oid