Jahon | 18:06 / 07.02.2020
15259
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya armiyasining maxsus kuchlari Idlibga jo‘natilmoqda

Turkiya maxsus topshiriqli kuchlarini Idlibdagi kuzatuv punktlarini kuchaytirish uchun tashladi.

«Maxsus topshiriqli harbiylar joylashgan 150ta yuk mashinasi, harbiy texnikalar va o‘q-dorilarni tashuvchi mashinalardan iborat kolonna Xatay viloyatining Rayhonli tumanidagi Suriya bilan chegara hududiga yetib bordi.  u yerdan Suriyaga yo‘l oladi», deya yozadi Anadolu agentligi.

Turkiya Idlibdagi kuzatuv punktlarini tark etmasligi va ularni mustahkamlamoqchiligi haqida Turkiya prezidentt Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 4 fevral kuni ma'lum qilgandi.

Bu Suriya armiyasining havo zarbalaridan keyin bu hududda turkiyalik besh nafar askar va oddiy aholining uch nafar vakili halok bo‘lishi ortidan ro‘y bergandi.

5 fevral kuni Erdo‘g‘an RF prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat chog‘ida Turkiya prezidenti rossiyalik hamkasbini Suriya rahbari Bashar Asadni Suriya Arab Respublikasi armiyasining Idlibga hujumni to‘xtatish va turklarning kuzatuv punktlaridan uzoqroq bo‘lishga ko‘ndirishga chaqirgandi.

Suriya shimoli-g‘arbidagi vaziyat
Rossiya, Eron va Turkiya 2017 yilning mayida Qozog‘iston poytaxti Ostonada (hozir — Nur-Sulton) Suriyada to‘rtta deeskalatsiya zonasi tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishgandi.

Bu hududlardan uchtasi 2018 yilda Damashq nazoratiga o‘tgan. To‘rtinchisi, Idlib viloyatida joylashgan, Lataqiya, Hama va Halab viloyatlari bilan qo‘shni bo‘lgan hududga hozircha Suriya armiyasi kirib kela olmagan. Bu hududning katta qismini «Jibhat an-Nusra» guruhi nazorat qilmoqda.

2018 yilning sentyabrida Rossiya va Turkiya Sochida ayni vaqtda o‘ndan ortiq turli qurolli guruhlar joylashgan Idlibda harbiylardan xoli hudud tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu guruhlarning asosiylari — turklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Milliy ozodlik fronti» va «Jibhat an-Nusra» bo‘lib, ularning tarkibida 30 mingdan ortiq jangchi bor.

2020 yilning 26 yanvarida Suriya armiyasi Halab sharqiga bu hududdagi jangarilar tomonidan shaharga doimiy ravishda zarbalar berib kelinayotgani oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘layotganini ro‘kach qilib hujum boshladi.

Uch kun o‘tib Bashar Asad armiyasi 2012 yildan buyon muxolifat nazoratida bo‘lib kelgan Maaret-Nuuman shahrini ayirmachilardan tortib oldi.

Idlibda eskalatsiya qaytalanishida rasmiy Anqara va uning ittifoqchilari Damashq va Moskvani ayblamoqda, ular gumanitar obektlar va turk harbiylariga hujumlarda ayblangan. Rossiya va Suriya esa mintaqadagi beqarorlikni ayirmachilarning harakatlari oqibati sifatida baholamoqda.

Mavzuga oid